Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi G‘ijduvon tumanining cho‘l hududida ayolni bir necha erkaklar jinsiy aloqa qilishga majburlagani aks etgan video yuzasidan ma’lumot berdi.

IIBning ma’lum qilishicha, ushbu holat 30-mart kuni soat taxminan 13:00 da G‘ijduvon tumanida sodir bo‘lgan. 1994-yilda tug‘ilgan D.B. tanishi — 1991-yilda tug‘ilgan S.G. ismli ayolni tumandagi Jilvon cho‘l hududiga olib borib, uning erkiga zid ravishda jinsiy aloqa qilgan.

“U o‘zi bilan birga borgan sherigi tomonidan holatni video tasvirga olib, ushbu video orqali uni o‘ziga qaram qilib, yonida bo‘lgan boshqa 3 nafar tanishi bilan ham jinsiy aloqada bo‘lishga majbur qilgan”, — deyiladi xabarda.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 121-moddasi 2-qismi (Og‘ir oqibatlarga olib kelgan holda shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ish yuzasidan gumon qilinuvchi 3 nafar shaxs Jinoyat-protsessual kodeksning 221-moddasi tartibida ushlanib, dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

JKning yuqorida ko‘rsatilgan moddasi bo‘yicha aybor deb topilgan shaxs 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.