Bir yilda nechta kitob o‘qiysiz? Kuningizning qancha qismini mutolaaga sarflaysiz? Xohlaganingizdan ko‘ra kam, to‘g‘rimi? Ish-tashvishning tugamasligi yoki shunchaki hafsala, xohish yo‘qligi bahona bunga. “Gazeta.uz” kitobxonlikni targ‘ib etish, o‘quvchini ko‘p va xo‘b o‘qishga undash niyatida “Nima o‘qiymiz?” savoli bilan olim, tadqiqotchi, jamoat faoli, yozuvchi-shoir, tarjimon va boshqalarga yuzlanadi, ularning yil davomida o‘qigan yo o‘qilishi shart deb sanagan kitoblari tavsiyasini sizga yetkazadi. Maqsad juda oddiy — kitobxon bo‘laylik!

“Nima o‘qiymiz?” loyihasining navbatdagi mehmoni — jurnalist, Telegram’dagi “Mikrofon ko‘targan ayol” kanali muallifi Aziza Qurbonova.

Mutolaa haqida

Rey Bredberining “Farengeyt bo‘yicha 451 daraja” degan antiutopik janrdagi asarni bilsangiz kerak. Unda odamlarni axboriy degradatsiyaga olib borish va oson boshqarish uchun mamlakatda kitoblar taqiqqa uchragani tasvirlanadi, kitoblarning o‘rniga teledevorlar ishlaydi, ularda uzzukun maynavozchilik va bema’ni ko‘rsatuvlar beriladi, odamlar teledevorlarga mukkasidan ketgan, ularni “qarindoshlari” deb biladi. Bordi-yu biror xonadondan kitob topilsa, o‘t o‘chiruvchilar kelib, uyga qo‘shib yoqib yuboradi.

Aytishlaricha, qog‘oz, ya’ni kitob 451 darajada yonadi, shuning uchun yozuvchi asarni shunday nomlaydi. Hatto shunday qatag‘on davrida ham bir guruh odamlar kitoblarni yodlab oladilar, ular shu usulda jahon durdonalarini avloddan avlodga yetkazamiz, urush tugagach, kitoblarni yana xotiramizdan birma-bir tiklashimiz mumkin, deb hisoblaydilar. Kitoblarni yod olgan odamlardan biri o‘t o‘chiruvchi Gay Montegga shunday deydi: “Biz kitoblarni chang va g‘ubordan, yo‘qolib ketishdan asraydigan muqovalarmiz”.

Bu meni eng ta’sirlantirgan joyi. Har bir odam kitob o‘qiydimi-o‘qimaydimi, o‘zi bir kitob. Har birimizning tanamiz — takrori yo‘q asarning muqovasi. Men kitoblarga shunday qarayman, ya’ni, ularni o‘qigan sari ko‘proq odamlarning ichiga kiraman, ko‘proq odamlarning tarixini o‘rganaman, ko‘proq odamlarning ruhiyatini, bilimini, xatolarini, tashvishlarini kuzataman, keragini o‘rganaman, yoqqanini esda saqlab, yoqmaganini unutaman. Mana men nima uchun kitob o‘qiyman.

So‘nggi o‘qilgan kitoblardan tavsiyalar

Rey Bredberi. “Farengeyt bo‘yicha 451 daraja”. Asaxiy Books nashriyoti. 2022-yil. 254 sahifa

азиза қурбоноva, kitob, kitobxonлик, муtoлаа, nima o‘qiymiz, tavsiyalar

Darvoqe, so‘zimni Rey Bredberidan boshlagan ekanman, birinchi tavsiyam uning shu asari — “Farengeyt bo‘yicha 451 daraja” bo‘laqolsin. Sotib olish.

Piter Hopkirk. “Katta o‘yin: Ikki imperiya to‘qnashuvi”. Asaxiy Books nashriyoti. 2022-yil. 744 sahifa

азиза қурбоноva, kitob, kitobxonлик, муtoлаа, nima o‘qiymiz, tavsiyalar

Tan olishim kerak, kitoblarni boshlab qo‘yib, oxiriga yetmay, tashlab ketadigan odatim bor. Piter Hopkirkning 700 betli “Katta o‘yin: ikki imperiya to‘qnashuvi” tarixiy-ommabop kitobini qachon o‘qib bo‘larkinman deb boshlagandim, nihoyatda qiziqarli yozilganidan juda tez tugatdim. Chor Rossiyasi va Britaniya Hindistonga chiqish yo‘lida Markaziy Osiyoni dovga tikilgan katta o‘lja sifatida ko‘rgani, siyosiy o‘yinlar qilgani haqida “xazmi oson” uslubda hikoya qiladi. Josuslar tarixlari va taqdirlariga aralash voqealarni o‘qib, yaqin tariximiz, ayniqsa XIX asr haqida maktabda juda zerikarli va nochor bilimlar berilgani, aslida hech narsa bilmasligimni tushundim. Sotib olish.

Alixonto‘ra Sog‘uniy. “Turkiston qayg‘usi”. “Sharq” nashriyoti. 2021-yil. 495 sahifa

азиза қурбоноva, kitob, kitobxonлик, муtoлаа, nima o‘qiymiz, tavsiyalar

Xuddi shunday kayfiyatni Alixonto‘ra Sog‘uniyning “Turkiston qayg‘usi” asarini ham o‘qiganimda ham tuydim. Yaqin o‘tmishimiz haqida ko‘proq bilmoqchi bo‘lganlarni shu ikki asarni o‘qishga chaqiraman.

Mixail Zigar. “Vsya kremlevskaya rat”. “Alpina PRO” nashriyoti. 2022-yil. 408 sahifa

азиза қурбоноva, kitob, kitobxonлик, муtoлаа, nima o‘qiymiz, tavsiyalar

Siyosiy publitsistikaga qiziquvchilar uchun Rossiya prezidenti faoliyatini yorituvchi jurnalistlar guruhida ishlagan Mixail Zigarning “Vsya kremlevskaya rat” asarini tavsiya qilaman. Unda Rossiya siyosiy hayotining 2000−2015-yillari qamrab olingan, o‘sha davrda siyosiy davralarni yaqindan kuzatgan va unda ishtirok etgan odamlarning taassurotlarini o‘qiysiz, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi hozirgi urushining “mantig‘i”ni (garchi bunda hech qanday mantiq bo‘lmasa-da), unga aybdorlarni topgandek bo‘lasiz.

Kerolayn Kriado Peres. “Nevidimыye jeninы. Pochemu mы jivem v mire, udobnom tolko dlya mujchin. Neravnopraviye, osnovannoye na dannыx”. Alpina Publisher nashriyoti. 2022-yil. 496 sahifa

азиза қурбоноva, kitob, kitobxonлик, муtoлаа, nima o‘qiymiz, tavsiyalar

Hozir “Litres” javonimga Kerolayn Kriado Peresning “Nevidimыye jeninы” (“Ko‘rinmas ayollar: Nima uchun biz faqat erkaklar uchun qulay dunyoda yashayapmiz? Ma’lumotlarga asoslangan tengsizlik”) asarini ko‘chirib o‘qiyapman. Ayollarga moslashgan va ular bilan hisoblashgan dunyo — mingyilliklar orzusi. Asar muallifi insoniyat (davlatlar va jamiyatlar) ayollar huquqiga doir yo‘l qo‘yayotgan xatolarni, birov payqamaydigan misollarni topib, faktlar asosida tahlil qiladi.

Aniq bilaman, bu kitobni o‘qiganda e’tiqod va qadriyatlar nuqtai nazardan ayrim o‘rinlarda aksariyat o‘zbek kitobxonida istehzolar, qarshi fikrlar paydo bo‘ladi. O‘zim ham bu hislarni boshdan o‘tkazyapman. Biroq dunyo, undagi tizimlar, o‘qishdan to tibbiyotgacha, ishdan to siyosatgacha, texnikadan transport tizimigacha ayollar uchun alohida yechimlar talab qilishini, ularni doim hisobga olish zarurligini tan olmasdan ilojingiz qolmaydi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Nubuvvat xonadoni xonimlari” (“Hadis va Hayot” silsilasi, 25-juz). “Hilol nashr” nashriyoti. 2022-yil. 456 sahifa

азиза қурбоноva, kitob, kitobxonлик, муtoлаа, nima o‘qiymiz, tavsiyalar

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “Hadis va hayot” turkumidan 25-juzni — “Nubuvvat xonadoni xonimlari” mutolaasini ham erkagu ayolga birdek qattiq tavsiya qilgan bo‘lardim.

Hans Rosling. “Factfulness”. Asaxiy Books nashriyoti. 2022-yil. 340 sahifa

азиза қурбоноva, kitob, kitobxonлик, муtoлаа, nima o‘qiymiz, tavsiyalar

Jurnalistika, sotsiologiyaga qiziqqanlar uchun eng foydali asarlardan biri — Hans Roslingning “Factfulness” asarini ham yodga solmoqchiman. Odamlar yomon, davlatlar nochor, insoniyat taraqqiyotdan ortga ketayotgani rostmi? Kitob dunyo aslida yildan yilga va asrdan asrga biz o‘ylaganimizdan yaxshiroq rivojlanib borayotgani haqida faktlarni keltiradi va o‘z o‘quvchisiga xulosa yasashni o‘rgatadi. Sotib olish.

Rasul Hamzatov. “Mening Dog‘istonim”. “Yangi asr avlodi” nashriyoti. 2023-yil. 480 sahifa

азиза қурбоноva, kitob, kitobxonлик, муtoлаа, nima o‘qiymiz, tavsiyalar

Vatanni toza tuyg‘ular bilan sevish mumkinligi Rasul Hamzatovning “Mening Dog‘istonim”idan o‘rganish mumkin. Men bu asarni tez-tez o‘qib turaman. “Tog‘ orasidagi million kishi”ni shu asar orqali dunyoga tanitgan muallifni o‘qib, men ham armon qilaman: o‘zbek xarakterini eng mayda detallariga qadar ochib beradigan shunday yaxlit badiiy qomusni qachon va kim yozarkin? Sotib olish.

Yoshlarga tavsiyalar

Mutolaaga endi kirib keladigan yoshlar uchun amaliy tavsiyam: detektivdan boshlash kerak! Detektiv asarlar eng qaysar odamni ham o‘zida ushlab qoladi va tartib va ishtiyoq bilan o‘qishga o‘rgatadi. Qo‘shimcha tavsiyalarim:

  • Abdulla Qodiriy. “Mehrobdan chayon” (sotib olish);
  • Anton Chexov, Abdulla Qahhor, O’Genri, Uilyam Folkner hikoyalari;
  • Abdulhamid Cho‘lpon, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Shavkat Rahmon, Usmon Azim she’rlari;
  • O‘tkir Hoshimov. “Tushda kechgan umrlar”, “Ikki eshik orasi” (sotib olish);
  • Tog‘ay Murod. “Otamdan qolgan dalalar” (sotib olish);
  • Erix Mariya Remark. “G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q” (sotib olish);
  • Agata Kristi va Artur Konan Doyl detektivlari;
  • Mixail Bulgakov. “Usta va Margarita” (sotib olish);
  • Fyodor Dostoyevskiy. “Jinoyat va jazo” (sotib olish);
  • Teodor Drayzer. “Amerika fojiasi”;
  • Jorj Oruell. “1984” (sotib olish);
  • Deniyel Kiz. “Eljernonga atalgan gullar” (sotib olish);
  • Tohir Malik. “Jinoyatning uzun yo‘li”;
  • Mark Menson. “Beparvolikning nozik san’ati” (sotib olish).

Xullas, o‘qishga munosib buyuk asarlarlar juda ko‘p, men har yerdan topish mumkin asarlarni tanladim. Umr qisqa, kitoblar esa ko‘p. Vaqt borida o‘qiylik.