11-may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tovarlarni yetkazib berish xizmatlarini yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorni imzoladi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Hujjat bilan moped, kvadritsikl (kvadrotsikl), tritsikl, skuter hamda yo‘lning qatnov qismida harakatlanishga moslashtirilgan boshqa mexanik moslamalarni boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasi bo‘lishi shartligi to‘g‘risidagi talab 2024-yil 1-yanvarga qadar to‘xtatib turiladi.

Mazkur o‘zgarish quyidagi transport vositalari uchun ham amal qiladi:

  • eng yuqori konstruktiv tezligi soatiga 50 kilometrdan, ish hajmi 50 sm³ dan oshmaydigan ichki yonuv dvigateliga ega bo‘lgan;
  • nominal (belgilangan) quvvati 0,25 kilovattdan ortiq va 4 kilovattdan kam bo‘lgan elektr dvigatelli ikki yoki uch g‘ildirakli transport vositalari.

Biroq yuqoridagi transport vositalarida harakatlanayotgan shaxslar motoshlem kiyishlari va uni qadab olishlari zarur bo‘ladi.

Qayd etilishicha, yangilik xizmat ko‘rsatish sohasi, xususan, umumiy ovqatlanish va tovarlarni yetkazib berish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonalar faoliyati rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, buyurtma asosida tovarlarni yetkazib berish (yuk tashish bundan mustasno) o‘zini o‘zi band qilish faoliyat turiga kiritildi (ilgari shaxsiy transportdan foydalanib, jismoniy shaxslarga tovarlarni yetkazib berish o‘zini o‘zi band qilish faoliyat turi hisoblangan).