Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanida ichki ishlar xodimi fuqaroga kuch ishlatayotgani aks etgan video tarqaldi. Viloyat IIB axborot xizmati holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Videoda erkaklar uchun ajratilgan maxsus xonada bir fuqaro qo‘l va oyoqlari bog‘langan holda yotgani, so‘ngra u yerga IIB xodimi kirib, biroz gaplashgach, erkakning boshi va yuziga qo‘li bilan zarba berganini ko‘rish mumkin. Xodim xonani bir necha bor tark etib, yana qaytib kirgan va erkakni videotasvirga olgan. Bu orada erkakka nisbatan yana kuch ishlatilgan, shuningdek, uning og‘zi bog‘lab qo‘yilgan.

Viloyat IIB munosabati

Ichki ishlar boshqarmasining holatga aniqlik kiritishicha, voqea 7-may kuni sodir bo‘lgan. Soat 01:10 da tumanning “Shaffof” mahallasida yashovchi S.S. ismli ayol tuman IIB navbatchilik qismiga qo‘ng‘iroq qilgan va uyiga notanish shaxs kelib (viloyat prokuraturasi erkak shu tumanning “Yangihayot” mahallasidan ekanini bildirdi) ko‘p marta eshigini tepib, janjal qilayotganini aytgan.

Ta’kidlanishicha, shu kuni tungi xizmatga jalb qilingan tuman IIB xodimi M.A. chaqirilgan manzilga borganda fuqaro U.P. (erkak) kuchli alkogol mastlik holatida xodimning qonuniy talabini bajarmagan (voqea joyidan qochib ketgan — prokuratura).

Xodim uni (topib) tuman tibbiyot markazida tashkil etilgan Alkogol mastlik holatidagi shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish tumanlararo punktiga olib borgan.

“Tibbiyot birlashmasida ham davolanayotgan bemorlarning tinchligini buzib, qonuniy talablarga bo‘ysunmasdan, qo‘pol so‘zlar bilan haqoratlashda davom etgan U.P.ni tinchlantirish maqsadida IIB xodimi qat’iy harakat qilgan”, — deya holatni izohladi IIB.

Hozirda xodimning harakatlari yuzasidan viloyat IIB va tuman prokuraturasi tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.