Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-may kuni O‘zbekistonda energiya ta’minoti va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilishda 2023-yilda 3,4 milliard kVt/soat elektr energiyasi taqchilligi kutilayotgani, yozning issiq kunlarida kunlik talab hozirgi 195 million kVt/soatdan 255 million kilovatt/soatgacha oshishi mumkinligi aytildi. Andijon viloyatida iste’mol 16 million kVt/soatga, Samarqandda 20 million, Farg‘onada 21 million, Toshkent viloyatida 40 million, Toshkent shahrida 27 million kVt/soatga oshishi kutilmoqda.

“Agar muammolaringiz bo‘lsa, aytinglar. Selektorning maqsad-muddaosi muammoni hal qilish”, — dedi prezident.

Uning qayd etishicha, Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov, Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, Toshkent hokimi v.b. Shavkat Umurzoqov va boshqalar energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov bilan birgalikda kelgusi yuklamalar qaysi manbalar hisobiga qoplanishini hisob-kitob qilmagan.

Prezidentning fevraldagi qarori bilan 3,4 milliard kVt/soat elektr energiyasi taqchilligini ortig‘i bilan qoplash va qo‘shimcha 5 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish belgilangan.

Hokimlar va “Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” rahbari Ulug‘bek Mustafoyevga 1-avgustga qadar 30 ming kilometr past kuchlanishli elektr tarmoqlari va 10 mingta transformatorni ta’mirlash bo‘yicha topshiriq berildi.

Hozirda Toshkent shahrida ta’mirlash ishlari olib borilmoqda, buning uchun 4,2 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Bugungi kunga qadar 667 km elektr tarmoqlari (900 km.dan) va 175 ta transformator (230 tadan) yangilandi. Shuningdek, 5 ta yangi podstansiya qurish rejalashtirilgan.

Viloyatlar hokimlariga elektr uskunalari va materiallar zaxirasini yaratish hamda har bir hududga 10 milliard so‘mdan mablag‘ ajratish vazifasi topshirildi. 1-avgustga qadar joriy yilda rejalashtirilgan ta’mirlash ishlarini yakunlash bo‘yicha topshiriq berildi. Buning uchun qo‘shimcha 320 ta brigada tashkil etilib, 10 ming nafar malakali mutaxassis jalb etiladi.

Elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlarning oldini olish uchun 1-iyunga qadar issiqlik elektr stansiyalarini 6 million kub metr qo‘shimcha gaz bilan ta’minlash, shuningdek, 200 ming tonna mazut zaxirasini yaratish vazifasi qo‘yildi.

Prezident 1-iyulgacha (muddatdan ikki oy oldin) Sirdaryo viloyatida ACWA Power kompaniyasi tomonidan qurilayotgan elektr stansiyasining birinchi 500 MVt quvvatini ishga tushirish bo‘yicha topshiriq berdi.

Davlatimiz rahbari yoqilg‘i-energetika sohasida davlat nazoratini kuchaytirish, elektr energiyasi va gazning noqonuniy iste’mol qilinishiga chek qo‘yish bo‘yicha ham vazifalarni belgilab berdi. Bugungi kunga qadar 250 milliard so‘mlik energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlanib, yetkazilgan zarar undirilgan, deyiladi xabarda.