Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) milliy qadriyatlarning jamiyat hayoti va mamlakat taraqqiyotidagi ahamiyatini tahlil qilib, O‘zbekistonda “muhim milliy qadriyatlar” ro‘yxatini shakllantirishni taklif qildi.

Quyidagilar milliy qadriyatlar ro‘yxatini kiritish uchun taklif etilmoqda:

  1. ota-onaga ehtirom;
  2. tozalik;
  3. harakatda baraka;
  4. o‘zbek tili;
  5. diniy bag‘rikenglik;
  6. so‘z erkinligi;
  7. lafz (qonun, burch va kelishuvga sadoqat);
  8. yelkadoshlik;
  9. mehmondo‘stlik;
  10. rozi-rizolik.

Nima uchun bu qadriyatlar muhim?

Tadqiqotlar institutining yozishicha, O‘zbekiston Konstitutsiyasida ham qadriyatlar o‘z aksini topgan.

“Buni, xususan, bunyodkorlik g‘oyalariga sodiqlik, yuksak mas’uliyat, ijtimoiy adolatparvarlik, insonparvarlik, milliy totuvlik, xalqimizning urf-odatlari va an’analari, mafkuralar xilma-xilligi va erkinligi, ijtimoiy adolat, fuqarolarning qonun oldidagi tengligi, vijdon erkinligi, adolatli mehnat kabi tamoyillar misolida ko‘rish mumkin. Konstitutsiya bu — hujjat. Konstitutsiyada belgilangan moddalarning hayotdagi ijrosini ta’minlash uchun unda aks ettirilgan g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash kerak. Buning uchun qadriyatlar bir-biriga mos tushishi kerak. Bu yerda qadriyatlarimizni aniqlab olish va tagiga chizib qo‘yish fursati yetgan”, — deyiladi xabarda.

MHTI buning nega muhim ekaniga to‘xtalar ekan, mamlakat hududlari bo‘ylab yagona va “hammaga tanish bo‘lgan qadriyatlar ro‘yxati tuzilishiga” ehtiyoj borligini bildirdi.

“Biz Andijon, Surxondaryo va Xorazmdagi yoshlardan qadriyatlarimiz nima, deb so‘rasak, ular bir-biriga 90% yaqin qadriyatlarni aytsa, demak, bizda hammasi yaxshi. Ammo „qadriyatlarimiz“ deb 100 marta eshitgan 14 yoshli bola ularning to‘liq ro‘yxatini qayerdan ko‘rib o‘rganishi mumkin? Hammaga tanishtirilgan qadriyatlar ro‘yxati bormi, degan savol yuzaga keladi. Hozircha yo‘q. Bizda ham bu borada bir to‘xtamga kelib, aniq va tiniq qilib belgilasak, u yoki bu hodisa, qonun va xatti-harakatni baholashda ko‘l keladigan prizma yoki mezonni yaratib olgan bo‘lardik”, — deya tushuntirish berdi institut.

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti, shuningdek, bunday ro‘yxatni tuzish jahon tajribasida bor ekanini ta’kidlab, AQSh, Daniya, Buyuk Britaniya va Rossiya mamlakatlarini misol qilib keltirgan.

Maqolaning to‘liq matni bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.