Toshkent shahri Uchtepa tumanida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi eskiz loyihasiga rioya qilinmagan holda qurilayotgani aniqlandi. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, hududiy nazorat inspeksiyasi vaziyatni o‘rganib chiqqan va hozirda binoning qurilish ishlari to‘xtatilgan.

Binoni qurish uchun Max group house MCHJ buyurtma bergan. Qurilish-montaj ishlarini boshlash to‘g‘risida 2021-yilda nazorat inspeksiyasiga xabarnoma yuborilgan. Bino eskiz loyihasi Toshkent shahri qurilish bosh boshqarmasining tegishli xulosasi bilan 3 qavatga kelishilgan. 2021-yilda esa ushbu obyektda loyihadan chetga chiqqan holda qo‘shimcha qavatlar qurilishi aniqlangan.

Mazkur qoidabuzarlik yuzasidan tadbirkorga bir necha marta yozma ko‘rsatma hamda ogohlantirish xatlari berilishiga qaramasdan, qurilish ishlari davom etgan.

Vazirlik xabariga ko‘ra, tadbirkor Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 99-moddasi (Shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) tegishli bandlari asosida javobgarlikka tortilgan. Ushbu obyekt yuzasidan sud organlariga 3 qavatdan tashqari qo‘shimcha qavatlarni buzish bo‘yicha da’vo arizalari kiritilgan.

“Sudga qo‘shimcha qurilgan binoni buzish bo‘yicha da’vo arizasi kiritildi. Bino 12+1 qavatdan iborat ekan. Buni o‘sha kuni o‘rganish olib borgan vaqtimizda aniqladik”, — deya ma’lumot berdi vazirlik xodimi.