Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan tanqidiy yig‘ilish o‘tkazib, qator mas’ullarga chora ko‘rilishini bildirdi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati yozmoqda.

Ta’kidlanishicha, hududlarda o‘tkazilgan o‘rganish ishlari jarayonlarida aniq muddat bilan ijrochilarga vazifalar berilgan bo‘lishiga qaramay, topshiriqlar ijrosi bugungi kunga qadar bajarilmagan.

Xususan, viloyat hokimining o‘rinbosarlari tomonidan 18 ta, jumladan, qurilish majmuasi tomonidan 9 ta topshiriq ijrosi ta’minlanmagan. Ushbu topshiriqlar tahlil qilinganda “Surxondaryo hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ hamda uning hududiy korxonalari tomonidan 3 ta, “Surxondaryoavtoyo‘l” hududiy yo‘llardan foydalanish tashkiloti 3 ta, “Mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati” DUK tomonidan 2 ta topshiriq ijrosi bajarilmagan.

Ijro intizomini o‘z holiga tashlab qo‘ygan mas’ullarga, xususan, viloyat hokimining barcha o‘rinbosarlariga ogohlantirish berildi. Hokimlikka ko‘ra, bir nafar birinchi o‘rinbosar va 7 nafar o‘rinbosar ogohlantirilgan va ularga ijrosi ta’minlanmagan topshiriqlarni bajarish uchun 1 hafta vaqt berilgan.

Shuningdek:

  • qishloq xo‘jaligi majmuasi kotibiyat mudiri;
  • “Surxondaryo HETK” AJ va uning Denov, Muzrabot, Angor, Qiziriq, Jarqo‘rg‘on, Sherobod va Sho‘rchi tumanlari bo‘limlari;
  • “Surxondaryoavtoyo‘l” hududiy yo‘llardan foydalanish tashkiloti;
  • “Surxondaryo suv ta’minoti” MCHJ;
  • “Suv ta’minoti va oqova suv tarmoqlari qurilishi bo‘yicha” IK Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi;
  • “Yagona buyurtmachi xizmati” IK;
  • “Hududgazta’minot” viloyat filiali;
  • “O‘zneftgazinpeksiya” va “O‘zenergonazorat” inspeksiyasi viloyat bo‘limlari rahbarlariga;
  • qator hududlarda tuman hokimlarining o‘rinbosarlariga nisbatan intizomiy jazo chorasini qo‘llash topshirig‘i berildi.

Mart oyi o‘rtalarida Anvar Oripov Surxondaryo viloyati hokimiga moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosar, Farhodjon Ismoilov esa qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosar etib tayinlangandi.