Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan bir qator tumanlarda tabiiy gaz va elektr energiyasiga noqonuniy ulanish holatlari aniqlangani to‘g‘risida ma’lum qildi.

Xususan, departamentning Narpay tuman bo‘limi tomonidan gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda, Narpay tumanida yashovchi Sh. S. va “X.B.” fermer xo‘jaligi rahbari U. N. yashirin ohak ishlab chiqarish sexi tashkil etib, jami 1,7 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.

Shu kabi, Samarqand tumanida “A.X.” fermer xo‘jaligi, Yuqorichirchiq tumanida “Ye.O.” MCHJ, Qibray tumanida “F.Y.” MCHJ, Toshkent tumanida “Sh.O.” fermer xo‘jaligi va Yangiariq tumanida fuqaro J.T. tabiiy gaz va elektr tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanib, jami 661,4 mln so‘mlik tabiiy resurslardan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) va 185−2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.