Ukraina Tashqi ishlar vazirligi 9-may kuni Moskvadagi Qizil maydonda o‘tkazilgan G‘alaba paradida Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston rahbarlarining ishtiroki yuzasidan bayonot berdi.

“Ishtirokchilarga o‘ninchi yildan buyon Rossiyaning Ukrainaga qarshi asossiz tajovuzkor urushida qatnashayotgan Rossiya harbiy texnikasi namoyish etildi”, — deyiladi xabarda.

Ukraina TIV Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘z nutqida “ukrainaliklarning o‘ldirilishi, Ukraina shahar va qishloqlarining vayron qilinishi, ukrain bolalarining o‘g‘irlanishi hamda bosib olingan Ukraina hududlari aholisiga qarshi repressiyalarni oqlaganini” ta’kidladi.

“Tadbir oldidan tunda RF ukrain zaminida yanada ko‘proq o‘lim va ko‘proq vayronagarchiliklar keltirish uchun Ukraina hududiga 25 ta, shu jumladan, 15 ta Kiyevga qarata qanotli raketa uchirdi”, — deyiladi bayonotda.

Bayonotda 78 yil avval natsizm ustidan qozonilgan g‘alabaga Markaziy Osiyo va Kavkaz xalqlari beqiyos hissa qo‘shgani ta’kidlanadi.

Ushbu davlatlar rahbarlarining tadbirda ishtirok etishi bayonotda “Ukrainaga nisbatan do‘stona bo‘lmagan qadam, o‘z hayoti va ozodligi uchun kurashayotgan Ukraina xalqiga nisbatan iltifotsizlik ko‘rinishi” sifatida baholanadi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Vladimir Putin “Rossiyaga qarshi yana haqiqiy urushga yo‘l ochildi, biroq biz xalqaro terrorizmni qarshi zarba berdik, Donbass aholisini himoya qilamiz, xavfsizligimizni ta’minlaymiz”, — degan edi.

U “G‘arb globalchi elitasini”, jumladan, “hali ham o‘zlarining ustunligini haqida qat’iy uqtirib, odamlarni gij-gijlashda va jamiyatlarni parchalashda, qonli mojarolar va davlat to‘ntarishlarini qo‘zg‘atishda, nafrat, rusofobiya, tajovuzkor millatchilik, insonni inson qiladigan oilaviy an’anaviy qadriyatlarni buzishda” aybladi.

“Tizginsiz ambitsiyalar, takabburlik va tiyiqsizlik muqarrar ravishda fojialarga aylanadi. Ukraina xalqi hozir boshdan kechirayotgan falokatning sababi aynan shu. U davlat to‘ntarishi va uning asosida shakllangan g‘arb xo‘jayinlarining jinoiy rejimining garoviga aylandi, ularning shafqatsiz, xudbin rejalarini amalga oshirishda savdo vositasi bo‘ldi”, — dedi RF prezidenti.

U MDH davlatlari rahbarlarining ishtirokini “ajdodlarimizning jasoratiga minnatdorlik munosabati” deb atadi: “Ular birgalikda kurashdilar va birgalikda g‘alaba qozonishdi — SSSRning barcha xalqlari umumiy G‘alabaga hissa qo‘shdilar”.