O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan Moskva shahriga amaliy tashrifi doirasida 9-may kuni Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 78 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

парад, шавкат мирзиёев

Moskvaning Qizil maydonida G‘alaba paradi bo‘lib o‘tdi. Uni Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan ham kuzatdi.

Tadbirdan so‘ng O‘zbekiston rahbari boshqa davlatlar yetakchilari bilan birga Aleksandr bog‘idagi “Noma’lum askar” yodgorligiga gulchambar qo‘ydi va Ikkinchi jahon urushida Vatan himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan askarlar, shu jumladan o‘zbek o‘g‘lonlari xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Shu bilan Rossiyaga amaliy tashrif yakunlandi. Aeroportda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ydi. Davlat rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi.

1941-yilda respublika aholisi 6 million 800 mingdan ziyod kishini tashkil etgan. Urush boshlanishi bilan qariyb 2 million o‘zbekistonlik frontga otlandi. Har biri tom ma’noda qahramon bo‘lgan bu insonlarning 500 mingdan ziyodi janglarda halok bo‘ldi, yana minglab vatandosh urushdan nogiron bo‘lib qaytgan.

Jang bo‘layotgan hududlardan 170 ga yaqin zavod va fabrikalar O‘zbekistonga evakuatsiya qilindi va qisqa muddatda qayta ishga tushirildi.

Urushdan jabr ko‘rgan 1 million 500 mingdan ortiq keksalar, ayollar va bolalar respublikaga ko‘chirib keltirildi. Ularning 200 mingdan ziyodi ota-onasidan ayrilgan yetim bolalar edi.