8-may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev referendum yakunlariga bag‘ishlangan uchrashuvda ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori muntazam oshirib borilishini ta’kidladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Prezident yig‘ilish davomida mamlakat suverenitetini yanada mustahkamlashda global iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat, energetika, logistika bilan bog‘liq xavf-xatarlar, suv taqchilligining salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha yangi tashabbus va dasturlar ishlab chiqilishi va hamkorlarimiz bilan birga faol ish olib borilishini qayd etdi.

“Biz O‘zbekistonni ijtimoiy davlat, deb e’lon qildik. Mamlakatimizda 2 million 200 mingdan ziyod ijtimoiy ko‘makka muhtoj, davlatdan yordam olayotgan oilalar bor. Aholimizning 55 foizi yoshlardan iborat. Yangilangan Konstitutsiyamizda davlatning ijtimoiy majburiyatlari 3 barobar ko‘paytirilmoqda. Bu raqamni aytish oson, lekin uni amalda ta’minlash juda katta mehnat talab qiladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mamlakat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bunga davlat budjetidan har yili qo‘shimcha 30−40 trillion so‘m ajratish kerak bo‘ladi.

Shuningdek, u buning hisobidan har yili yuzlab yangi bog‘chalar, maktab va shifoxonalar qurish lozimligini ta’kidladi. Nuroniylar, yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan insonlar, alohida e’tiborga muhtoj aholi qatlamiga ijtimoiy xizmatlar ko‘lami yanada kengaytirilishini bildirdi.