O‘zgidromet xizmati agentligi dam olish kunlari — 6−7-may sanalarida kuzatiladigan ob-havo haqida ma’lumot berdi.
Sinoptiklarning ma’lum qilishicha, juma kuni kunduzi O‘zbekiston hududining katta qismida havo kam bulutli, quruq va iliq bo‘lishi kutilmoqda, havo harorati +24…+29 daraja atrofida bo‘ladi.
Faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazmda va kechga tomon Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlarida ba’zi joylarda biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Respublika shimolida havo harorati +18…+23 darajagacha pasayadi.
6-mayda respublika hududiga Kaspiy dengizi hududlaridan nam va nisbatan salqin havo massalari kirib kelishi kutilmoqda. O‘zbekiston bo‘yicha ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Kunduzgi havo harorati +18…+23 darajagacha pasayadi, bu may oyining boshi uchun bo‘lgan me’yordan 3−5 darajaga pastdir.
7-mayda respublikaning markaziy va sharqiy viloyatlari bo‘yicha ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Havo harorati kechasi +8…+13 darajagacha pasayadi, kunduzi harorat +20…+25 daraja atrofida bo‘ladi.
Respublikaning ayrim joylarida do‘l yog‘ishi mumkin. 5-mayda shimolda, janubda va cho‘l hududlarda, 6-mayda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 15−20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, ayrim joylarda shamol 22−25 m/s gacha kuchayishi, chang-to‘zonlar bo‘lishi mumkin.
Tog‘oldi va tog‘li hududlarda 5−7-may kunlari vaqti-vaqti bilan momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda kuchli bo‘lishi mumkin. Baland tog‘larda (2000 metrdan yuqorida) yomg‘ir qorga aylanishi mumkin.
Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.
Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida 5−7-may kunlari sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.