5-may kuni Toshkent shahrida yangi bank — “Yangi Bank” ro‘yxatdan o‘tkazildi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Markaziy banki matbuot xizmati.

Kredit tashkilotiga Markaziy bank boshqaruvining qarori bilan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya berildi.

Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, Yangi Bank 2019-yil noyabr oyida tashkil etilgan Singapurning Yangi Holding PTE LTD kompaniyasiga qarashli Yangi Group MCHJga tegishli.

2020-yil 19-iyun kuni ro‘yxatdan o‘tgan Yangi Group rahbari avval “O‘zagroeksportbank” (bank Olim Chodiyev kompaniyasiga sotilgan) boshqaruvi raisi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Amerqulov Odil Gaivillayevich hisoblanadi. Shuningdek, u Yangi Crypto (100%), Yangi Finance Mikromoliya Tashkiloti (0,1%) va Innsoft (25%) mikromoliya tashkiloti asoschisi sifatida qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, mart oyida O‘zbekiston Markaziy banki ikkita yangi bank — Apex Bank va Hayot Bank`ni ro‘yxatdan o‘tkazgandi.