Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda noma’lum ayol ustiga benzin sepib o‘zini yoqib yuborgani aks etgan video yuzasidan ma’lumot berdi.

IIBB xabariga ko‘ra, holat 2-may kuni taxminan soat 10:00 da Olmazor tumani Qoraqamish 2/4 dahasidagi savdo do‘konlaridan birining oldida sodir bo‘lgan. 1981-yilda tug‘ilgan D.Q. bir nechta fuqaro bilan savdo qilish uchun joy talashgan. So‘ngra o‘zaro kelisha olmay, janjallashib, norozilik bildirib, yonida bo‘lgan yelim idishdagi benzinni ustiga quyib, o‘zini o‘zi yoqib yuborgan.

Oqibatda ayol yuzi, ikkala qo‘llari, tanasi oldi qismining 35 foiz termik kuyishi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan.

O‘tkazilgan birlamchi surishtiruv davomida D.Q. bundan oldin ham fuqarolar bilan savdo qilish uchun joy talashib janjallashgani hamda bir necha marotaba o‘zini yoqish holatlarini sodir etishga harakat qilgani, biroq xodimlar tomonidan buning oldi olingani aniqlandi.

Holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tekshiruv o‘tkazilmoqda.