2023-yilning dastlabki uch oyida UzAuto Motors sof daromadi 8,85 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Korporativ axborot yagona portalidagi kompaniyaning moliyaviy hisobotida ma’lum qilindi.

2022-yilning birinchi choragiga nisbatan sotish hajmi 2 foizga, mahsulot tannarxi esa 3,5 foizga oshib, 7,65 trillion so‘mni tashkil etdi. Natijada kompaniyaning yalpi foydasi 6,6 foizga kamaygan.

Sotuv xarajatlarining 74 foizga (362,9 mlrd so‘mgacha) va ma’muriy xarajatlarning besh barobarga (355,4 mlrd so‘mgacha) o‘sishi hisobiga asosiy faoliyatdan olingan foyda 2022-yilning yanvar-martiga nisbatan 2,3 barobarga — 272,48 mlrd so‘mgacha pasaydi.

Valyuta kurslaridagi farqlar bo‘yicha daromadlarning 3,3 baravar (142,66 mlrd so‘mgacha) kamayishi sababli moliyaviy daromadlar deyarli ikki baravar — 276,07 mlrd so‘mga tushdi.

Shu bilan birga, moliyaviy faoliyat xarajatlari 2,5 baravarga (235,5 mlrd so‘mgacha) qisqardi, bu, asosan, valyuta kurslari farqidan ko‘rilgan yo‘qotishlarning sezilarli darajada qisqarishi (birinchi chorakda so‘m dollarga nisbatan atigi 1,65 foizga qadrsizlangan bo‘lsa, 2022-yilning ushbu davrida devalvatsiya 5,3 foizni tashkil etgan — “Gazeta.uz”).

UzAuto Motors`ning sof foydasi 43,8 foizga — 460,48 milliard so‘mdan 258,76 milliard so‘mga (Markaziy bankning 4-maydagi kursi bo‘yicha 22,58 million dollar) kamaygan bo‘lsa-da, o‘tgan yili kompaniya har chorakda 619,6 milliard so‘m foyda ko‘rgandi.

UzAuto Motors 2023-yilning birinchi choragida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2 barobar kamroq foyda solig‘ini to‘lagan. 2022-yilda — 115 mlrd so‘m, 2023-yilda — 54,2 mlrd so‘m.