3-may kuni San-Diyegodagi Kaliforniya universiteti (UCSD) va O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Seysmoprognostik monitoring Respublika markazi Jizzax shahriga yaqin hududda joylashgan Qorasoyda yangi zamonaviy seysmik stansiya o‘rnatildi. Bu haqda AQShning Toshkentdagi elchixonasi ma’lum qildi.

Yangi seysmik stansiyaning ochilish marosimida AQSh elchisi Jonatan Henik va Favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari Muxtor Muhitdinov qatnashdi. Dunyo bo‘ylab 150 dan ortiq stansiyadan iborat AQSh Global seysmik tarmog‘ining bir qismi sifatida ushbu stansiyani AQSh hukumati moliyalashtiradi.

U AQSh Milliy Ilm-fan Jamg‘armasi ko‘magida UCSD Xalqaro Akselerometrni joylashtirish dasturi doirasida texnik xizmat ko‘rsatish va o‘qitish bilan ta’minlanadi. Ushbu stansiyada to‘plangan ma’lumotlar butun dunyo bo‘ylab foydalanuvchilar, jumladan, olimlar, muhandislar, talabalar va keng jamoatchilik uchun ushbu veb-sayt orqali mavjud bo‘ladi.

Stansiya O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda jahon seysmik faolligini yaxshiroq tushunish uchun yaratilgan. Stansiyadan olingan ma’lumotlar zilzilalar joyini aniqlash va ular keltirib chiqaradigan xavflarni kamaytirish uchun ishlatilishi mumkin, bu esa jamoat xavfsizligi va fundamental fan uchun muhimdir.

ақш, seysmologiya, stansiya

Qo‘shma seysmik stansiya loyihasi 2020-yil oxirida boshlanganidan buyon AQSh va O‘zbekiston o‘rtasida seysmologiya sohasidagi ilmiy almashinuvlar sezilarli darajada faollashdi.

2023-yilning 20−24-fevral kunlari Toshkentdagi AQSh elchixonasi Amerika Energetika vazirligining seysmik hamkorlik dasturi doirasida doktor Tunu Onur va doktor Anu Agiyarni O‘zbekistonga taklif qildi. Doktor Onur zilzila xavfi va risklar bo‘yicha mutaxassis va Livermor Lourens (LLNL) milliy laboratoriyasining pudratchisidir. Doktor Aguiar LLNL seysmik hamkorlik dasturi bo‘yicha dastur menejerining o‘rinbosari va seysmik hodisalarni aniqlash va mahalliylashtirish bo‘yicha mutaxassis sanaladi. Ekspertlar O‘zbekiston hukumati bilan seysmik xavflarni baholashga oid qator masalalar bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish maqsadida O‘zbekistonga ilk bor tashrif buyurdilar.

Qayd etilishicha, tashrifning asosiy maqsadlaridan biri O‘zbekistondagi seysmik xavf va zilzilalar xavfi bilan bog‘liq masalalarni yaxshiroq tushunish edi. Yana bir maqsad mahalliy hamkasblar bilan uchrashib, milliy ma’lumotlarni Markaziy Osiyodagi tarixiy seysmik faollikning mintaqaviy integratsiyalashgan ma’lumotlar bazasiga kiritish masalasini muhokama qilish bo‘ldi.

Ushbu integratsiyalangan ma’lumotlar mintaqada seysmik xavfni ehtimoliy baholashning (PHSA) yanada ilg‘or modellarini ishlab chiqish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Doktor Onur va Agiyar Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti, shuningdek, Qurilish vazirligi, Mexanika va binolarning seysmik chidamliligi instituti, Toshkent arxitektura-qurilish universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, “Toshuyjoy” va O‘zbekiston Milliy universiteti mas’ul xodimlari bilan uchrashdilar.

2022-yil oktabr oyida doktor Onur O‘zbekiston Milliy universiteti talabalari uchun PHSA usullari bo‘yicha virtual trening o‘tkazdi. Seysmik xavflarning qurilish me’yorlari va standartlariga ta’siri, zilzila xavfini baholash usullariga alohida e’tibor qaratildi. Doktor Onur o‘zining tashrifi davomida O‘zMU talabalariga sertifikatlarini topshirish imkoniga ega bo‘ldi. Aprel oyida doktor Onur FVV, Seysmologiya instituti va Qurilish vazirligi uchun PHSA usullari bo‘yicha maqsadli trening o‘tkazdi. Treningdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston hukumati bilan Shimoliy Amerikaning qat’iy standartlariga muvofiq xavfsizroq qurilish me’yorlarini modellashtirish bo‘yicha o‘z tajribasini baham ko‘rishdan iborat bo‘ldi.

Elchixona, shuningdek, AQShdagi Michigan shtat universiteti va O‘zMU o‘rtasida seysmologiya bo‘yicha ta’lim almashinuvi bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini ishlab chiqishda yordam berdi. May oyida mazkur kelishuvga muvofiq, Michigan shtat universiteti Xalqaro fan-texnika markazining moliyaviy ko‘magida Chotqol tog‘larida joylashgan O‘zMU geologik lagerida o‘quv seysmologik stansiyasini o‘rnatadi. Loyiha O‘zbekistonda yosh seysmologlarni o‘z stansiyasini boshqarish orqali tayyorlashga qaratilgan.