Senatning qirqinchi yalpi majlisida “Xalqaro mehnat tashkilotining xodimlarni ish joyidagi havoning ifloslanishi, shovqin va tebranishlar tufayli yuzaga keladigan kasbiy xavf-xatardan himoya qilish to‘g‘risidagi 148-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1977-yil 20-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, konvensiyaning asosiy maqsadi milliy qonunchilik yoki me’yoriy hujjatlar orqali ish joyidagi havoning ifloslanishi, shovqin va tebranishlar tufayli kasbiy xavf-xatarlarning oldini olish va cheklashga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilashdan iborat.

“Xalqaro mehnat tashkilotining mazkur konvensiyasi bu kabi standartlarni tatbiq etish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni ham yaratadi. Konvensiyaning ratifikatsiya qilish bilan birga, albatta tegishli milliy qonunchilik xujjatlarimizni ham ushbu Konvensiyaga implementatsiya qilishimiz zarur”, — dedi Senat raisi Tanzila Narbayeva.

Senatorlar tomonidan Konvensiyani ratifikatsiya qilishda tizimli nazorat choralarini, shu jumladan, ish joylarida mehnat sharoitlarini, zararli va xavfli ishlab chiqarish omillarini, mehnat jarayonlarining og‘irligi va tig‘izligini hamda asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligini baholash belgilangani ta’kidlandi.

Muhokama jarayonida Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi xodimlar huquqlarini himoya qilishning qo‘shimcha kafolatlarini yaratish imkonini berishi va mehnatni muhofaza qilish milliy tizimini yanada takomillashtirishga sezilarli turtki berishi qayd etildi.

“Xalqaro standartlar talablariga javob beradigan mehnat muhofazasi sharoitlari nafaqat davlat korxonalarida, balki xususiy korxonalarda ham birdek ta’minlanishi kerak. Chunki qaysi shakldagi sektorga jalb qilinganidan qat’iy nazar mehnat qilayotgan fuqarolarimizning mehnat xavfsizligiga oid huquqlari teng ahamiyatga ega. Konvensiyaning xususiy sektorda ham real tatbiq etilishi uchun esa nodavlat sohasidagi ish beruvchilar mazkur xalqaro xujjatning talablaridan xabardor bo‘lishi, unga qat’iy amal qilishi zarur. Afsuski, ko‘plab xususiy korxonalar aynan bu jarayonda qamrab olinmagan”, — dedi senat raisi.

Ushbu Konvensiya jahonning 47 ta davlati tomonidan ratifikatsiya qilingan. Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.