“Gazeta.uz” nashriga bir qancha ota-onalar murojaat qilib, ularning farzandlariga Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi 230-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti direktorining 11- yoki 9-sinfda o‘quvchi o‘g‘li tegajog‘lik qilganini aytishdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, voqea 2-may kuni tushdan keyin 6 yoshli bolalar guruhi uxlashga kirganida sodir bo‘lgan va gumonlanuvchi bola 4 nafar qizchaga tegajog‘lik qilgan.

Muxbir bilan suhbatda direktor bu tuhmat ekanini ta’kidladi, boshqa bolalarning ota-onalari esa ushbu holat rostdan ham bo‘lganini, ularning farzandlari so‘zlab berishganini aytdi. Mazkur holat yuzasidan “Gazeta.uz” surishtiruv o‘tkazib, tomonlarning fikrini o‘rgandi. Direktor bog‘chaga kirishga va suratga olishga, qolaversa, bog‘cha hamshirasi va psixologi bilan suhbatlashishga qarshilik ko‘rsatdi.

Mavzu o‘ta nozik bo‘lgani bois suhbatdoshlar va jabrlanuvchilarning ism-sharifi yoki surati ko‘rsatilmaydi. Tahririyatda shaxslarning ma’lumotlari, suratlari, holatga tegishli video va audio faktlar mavjud.

Jabrlanuvchi tomon fikri

Muxbir bilan suhbatda bir jabrlanuvchi qizchaning buvisi ta’kidlashicha, qizlarga direktorning H1-H2 (egizak) o‘g‘illaridan biri tegajog‘lik qilgan bo‘lishi mumkin.

“Direktorning ikki o‘g‘li H1-H2 har doim bog‘chada yuradi. Qizchalar [xonaga] H1 kirgan deb aytishyapti. Suhbatda kirganini aytib qo‘ymasin deb, kirmagan bolani [H2ni tergovga] kirgizishyapti. Uning dadasi ham o‘g‘limni chaqirib, „ota-onalardan uzr so‘raymiz, bizdan o‘tdi“, degan gaplarni aytgan. O‘g‘lim shularni diktofoniga yozib olgan”, — dedi u.

To‘rt nafar qizchaning bari bir xil ketma-ketlikda — avvaliga A. ismli qizchaga, keyin B. ismliga, keyin S. va D. ismli qizchalarga 15 yoshli yigit kelib tegingani, “ularning ishtoni va ich kiyimini yechib, nomaqbul harakatlarni” amalga oshirganini so‘zlab bergan. “Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatda qizchalardan biri sodir bo‘lgan voqeani xuddi shunday tasvirlab berdi.

Dam olish vaqtida kuzatilgan ushbu holatga bir necha bola guvoh bo‘lib qolgan.

“Bog‘cha hamshirasining qizi M. „H1 akamni ko‘rgandim, kelib shu ishni qildilar, ishtonini yechdilar“ [M. ham ushbu guruh tarbiyalanuvchisi — tahr.] deb gapirib bergandi bizga. Onasi va tarbiyachisi kelganidan so‘ng „qanday ko‘rasan, sen yo‘q eding-ku, tashqaringda yurganding-ku“, deb po‘pisa qilganidan keyin qiz „men yolg‘on gapirdim“ deb qoldi. Uni ham psixologga chaqirishgandi, lekin onasi olib kelmadi, hozir bog‘chaga ham kelmayapti. Direktor bilan hamshiraning tili bir. Lekin Allohdan qo‘rqmayapti ular”, — deydi jabrlanuvchining buvisi.

Suhbatdoshning aytishicha, ularning farzandi bolaga qarshilik ko‘rsatgan, biroq u kuch ishlatib, “ko‘zingni yumib ol” deya, o‘z ishida davom etgan. “Yechmang desam, kuchim yetmadi. Ovozi ham yo‘g‘on edi, qo‘rqma, ko‘zingni yumib yot, hech kim ko‘rmayapti, hamma uxlayapti deb aytdi”, dedi qizcha. Uning buvisi esa “Bola shunday gaplarni o‘ylab topa oladimi?” — deya savol bilan yuzlandi.

“Bir o‘g‘il — O. degan bola ko‘rgan. Unga ko‘zingni yum deb baqirgan va u ko‘zini yumib o‘tirgan. Ko‘p bolalar men ko‘rdim deyapti. Kecha ham bittasining onasi yozdi, qizining ismi F. ekan. U ham shunday qilganini ko‘ribdi, ko‘plar ko‘rgan. Albatta, ular (direktor va boshqalar — tahr.) joyini yo‘qotishdan qo‘rqadi. Bu bola stress olmadimi, psixikasiga ta’sir qilmadimi?” — deya o‘kinadi ayol.

bolalar bog‘chaси, surishtiruv, tegajog‘lik

Voqea sodir bo‘lgan vaqtda Lyudmila ismli bog‘cha opasi ish joyida bo‘lmagan. Uning o‘zi bunga “bu yerda faqat tushlik vaqtigacha ishlashini” sabab qilib ko‘rsatdi. Qolaversa, uning fikricha, “bolachalar aldashni, ayniqsa, bunday gaplarni to‘qib chiqarishni bilmaydi”. Uning yordamchisi esa bolalarni uxlatishga kirgizib, o‘zi ikkinchi tushlik olib kelish uchun chiqib ketgan bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan to‘plangan material bo‘yicha Chilonzor tumani IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan tekshiruv o‘tkazilmoqda. Telefon orqali suhbat davomida tergovchi ma’lumot bera olmasligini, buning uchun poytaxt IIBBdan ruxsat olish zarurligini ta’kidladi.

Voqea doirasida tekshiruv boshlangach, bolalar ekspertizaga olib borilgan. Biroq, ota-onalarning so‘zlariga ko‘ra, ularni faqat og‘zaki so‘roq qilishgan, xolos. Psixolog bilan suhbat esa ota-onalar va ularsiz amalga oshirilgan. Suhbat yakunida esa psixolog chiqib, “bola qizlarga tegingan, xulosam shu”, — deb tasdiqlagan.

Boshqa bir tarbiyalanuvchi psixolog bilan suhbatga olib borilayotgan vaqtda mashina ichida gumonlanuvchi unga nisbatan qanday harakatlar qilganini ko‘rsatib ham bergan.

Suhbatdoshlarning fikricha, “ishni yopti-yopti qilib yuborishmoqchi”.

“O‘g‘il bola unday ish qilmagan, degan gapni aytishyapti. Mayli, lekin 4 qizcha bir xil tush ko‘rmaydi-ku. Nabiram kiyimini ham aytdi — „bir erkak qizil futbolka, jinsi shimda keldi“, dedi. Jim yurishimiz ham mumkin edi, qizlarimiz yaqinda maktabga chiqib ketadi. Lekin bu direktor shu bog‘chada ishlasa, o‘g‘illari kiradi va boshqalarga ham teginaveradi”, — deydi ayol.

Uning so‘zlariga ko‘ra, avval bunday holat haqida eshitmagan. “Lekin direktor bayramlarda bizni bog‘chaga kirgizgani qo‘ymaydi, 2 o‘g‘li esa qachon qarasa, shu yerda yuradi. Hamma ota-ona gapiradi. O‘sha kuni ishlab turgan kamerani ham ular buzib qo‘yishdi, menimcha. Chunki kamera o‘sha bolaning guruhga kirgani va chiqqanini olgandi”, — deydi u.

“Qarigan chog‘imda shularni o‘ylab topib, menga ham nima kerak? Direktor o‘g‘illarim besh mahal namoz o‘qiydi dedi, sizlar yolg‘on gapiryapsizlar dedi. Yosh bola yolg‘on gapiradimi? Bunday gunohni qilish juda ham yomon”, — deya o‘kinadi ayol.

Tergovchilar uning o‘g‘liga “bu holatni isbotlay olishmasligini” uqtirishgan. “O‘g‘limga hech kim buni isbot qila olmaydi, deyishibdi. Uyga kayfiyati tushib keldi. Unda zamon puli borlarniki ekan-da, bu qanaqasi, dedim. Qolaversa, prezidentimiz, ularning qizlari [zo‘ravonlikka qarshi] chiqish qilib yuribdilar, ayollarni himoya qilishyapti-ku”, — dedi u.

“Shu ishni qilgan bolani qamanglar, demoqchi emasman, lekin unga yoki onasiga qandaydir jazo bo‘lishi kerak-ku… To‘g‘ri, ungayam qiyin, u ham ona. Aybini tan olsa, bolaga nimadir bo‘ladi, sinadi. Unga ham yomonligim yo‘q. Lekin shu ayol bu bog‘chada ishlashiga qarshiligim bor. Oradan bir oy, bir yil o‘tar, lekin yana takrorlanaveradi”, — dedi jabrlanuvchining buvisi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, direktor va ularning o‘rtasida biror kelishmovchilik bo‘lmagan, “biror marta ularga e’tiroz bildirmagan, san-manga ham bormagan”.

Ota-onalarning aytishicha, “jabrlanuvchi qizlar ko‘proq ham bo‘lishi mumkin, lekin buni boladan boshqa hech kim bilmaydi”.

“Bu — tuhmat”. Bog‘cha direktorining fikri

Ism-familiyasini ko‘rsatmaslikni iltimos qilgan 230-sonli MTT direktori o‘g‘li MMA bilan shug‘ullanishi, hozirda 9-sinfda o‘qiyotgani va 15 yoshdaligini aytdi.

Qolaversa, u yuqoridagi ayblovni rad etib, “buning barchasi tuhmat ekanini” ta’kidladi. Biroq o‘g‘lining tarbiyalanuvchilar uxlayotgan xonaga kirganini rad etmadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘g‘li xonaga 3:30 larda kirib, 3:40 larda chiqib ketgan, ya’ni ichkarida 10 daqiqa bo‘lgan.

Nima sababdan u xonaga kirganini so‘raganimizda esa ona kichkina farzandiga ovqat yedirish uchun o‘sha xonaga borganini aytdi. “Kichkinamning ovqatini yedirib bergin, degandim. Guruhga kirsang, yaxshi deb aytgandim. „Uf, kech qolyapman darsimga, shuni o‘zingiz qilsangiz bo‘ladi-ku, deb ming‘illab“ zo‘rg‘a kirgandi”, — dedi direktor.

U xonalarda kamera yo‘qligi, yo‘laklardagi esa aynan o‘sha kuni ishlamay qolganini ta’kidladi. Biroq farzandi soat aynan nechada kirib-chiqqanini ishonch bilan aytdi.

“O‘g‘limning aqli-hushi joyida. Maqtanish emas, bolamni 5 mahal namozga solganman. Dadasi bomdodni jamoat bilan o‘qish kerak deydi, birga namoz o‘qishadi… Bu — o‘sayotgan bolani sindirish!” — dedi u.

Bog‘cha psixologi suhbat o‘tkazgani, bolalar bilan ishlaganini so‘rashga uringanimizda esa direktor ishga bunchalik chuqur yondashishmaganini aytib, qarshilik ko‘rsatdi. U buni unchalik “e’tibor berib, yoritishga arzimaydigan mavzu” dedi va umuman yoritmaslikni so‘radi.

Direktorning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha kuni tarbiyachi Lyudmila opa (o‘zi esa tushlikkacha ishlashini aytdi) tizzalari lat yeb, shishib ketgani uchun tushlikdan so‘ng uyiga ketgan. Uning yordamchisi (nyanka) esa ikkinchi tushlik uchun bulochkalarni olib kelishga chiqqan bo‘lgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qizchalarning tarbiyasi yaxshi emas. “Shunaqangi bardak, tarbiyasi buzuq guruh bo‘ladi-ku, xuddi shunaqa. Qilmagan ishingizni qildi, urmasa urdi, deydi. Siyib, chichib qo‘ysa, uni yuvib, ustini almashtirib bervorsak ham, bolasi shiptirda [siydik holicha] qolib ketgan bo‘ladi… Yana-chi, 4−5 tasi deyapti, jinnilik-ku bu. Bilmadim, xudo bor-ku”, — dedi u.

Direktorning so‘zlariga ko‘ra, tibbiy ekspertizaning javobi “toza” chiqqan, organ xodimlari hozircha bu haqda ota-onalarni xabardor qilmagan. Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari indamay turish va oradan 3−4 kun o‘tib, hammasi unutilib ketishini aytishgan.

Guvohlar nima deydi?

Mazkur holatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan bir qizcha kechki payt voqeani onasiga so‘zlab bergan. Uning aytishicha, qizchalarga H1 tegingan. Onasi farzandi H1 va H2larni yaxshi ajrata olishi va ular bog‘chaga kelib turganini qayd etgan.

“Qizim shamollagandi, o‘sha payt guruhda rosa yo‘talgan. Soat 14:25 da enagasi telefon qildi. Qizingiz uxlamayapti, yo‘talib, bolalarni ham uxlatmayapti, dedi. Tug‘uruqxonadan chiqqandim, chaqalog‘im bor, xo‘jayinim ham yo‘q edi. Nima qilay, uydagilar qizimni borib olib kelishsinmi desam, yo‘q, 1 soatdan keyin uyg‘onishadi o‘zi, ertadan olib kelmasangiz bo‘ladi, deb aytdi. Bu voqea shundan keyin bo‘lgan”, — deydi guvohning onasi.

“Xullas, qizim yo‘talib uxlolmagan. Uyg‘oq holda hammasini ko‘rib yotdim, deyapti. Birinchi aytishga qo‘rqdi, dadam va buvimga aytmasangiz, aytaman dedi. Mayli dedim. Sekin aldab-suldab so‘rasam, o‘sha bola rostdan ham kirganini, hammani uxlatganini, enagasi chiqib ketganini, hatto enagasi birpas uxlab olganini, bolalarga o‘sha bola qarab turganini aytdi. Yosh bola aldamasa kerak”, — deydi u.

“Keyin Dilya opam bulochka olib kelgani chiqib ketgan paytda H1 aka qizlarning ishtoni va ichki kiyimini yechib, mana shunaqa qildi, dedi. Senga tegmadimi desam, yonimgacha keldi, ismimni so‘radi, aytdim, dedi. Menga tegmadi, lekin boshqa qizlarni shunaqa qildi, dedi. O‘sha kuni bu voqealarni kechasi bildim”, — dedi u.

Ayol shundan so‘ng boshqa ota-onalarga ham qo‘ng‘iroq qilib, o‘zining qiziga H1 tegingani yoki yo‘qligini surishtirgan.

“Unga hech kim o‘rgatmadi, bog‘chaga ham chiqarmadim. Birinchi va ikkinchi jabrlanuvchi qizchalarning ota-onalariga ham telefon qildim. Farzandlaringizdan so‘rab ko‘ringlar-chi, balki meniyam qizimga tegganmikin, balki bu uyalib, aytmayotgandir yoki buni qo‘rqitgandir, so‘rab beringlar, dedim. Ular bolalaridan so‘rashganida qizimga tegmadi debdi. Lekin qizim ularga tegganini ko‘rgan”, — deydi u.

“Lekin men bemalol guvohlik berolaman. Chunki mening ham 3 ta qizim bor, kichigi haliyam o‘sha bog‘chaga boradi. Bu ish yopti-yopti bo‘lib ketgandan keyin u bola yana kelmaydi, deb kim kafolat beradi? Onasi o‘sha yerda direktor bo‘lsa. Balki 2−3 oy kelmas, lekin yana onasining oldiga keladi-ku. Yosh bola emas u.

Guvoh qizcha ham yuqoridagi qizchalar singari gumondor ketma-ketlikda kimlarga yaqinlashgani va teginganini aytib bergan. “Birinchi A.ga, keyin tepamda yotgan B.ga tegindi. Tepada bo‘lgani uchun nimalar qilganini ko‘rolmadim, chunki H1 akani bo‘ylari uzun”, deb qizining so‘zlaridan iqtibos keltirdi ayol.

“Men shu direktor ishdan olinishi tarafdoriman. Chunki men qizim bunday bog‘chaga borishini xohlamayman”, — deydi guvoh qizchaning onasi.

Bundan tashqari, muxbirlar bilan suhbatlashgan ota-onalarning barchasi bog‘cha ular uchun yopiqligi, 2−3 yildan beri bayramlarda o‘tkaziladigan tadbirlarda ularning ishtirok etishi taqiqlangani, hattoki farzandlarini xonalariga kuzatib qo‘yishlariga ham ruxsat berilmasligini ta’kidlashdi.

“Gazeta.uz” mazkur holatni nazoratga olish va fuqarolarning vajlarini xolis va shaffof o‘rganib chiqishni so‘rab, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi, Toshkent shahri IIBB hamda bolalar ombudsmaniga murojaat qiladi.

Poytaxt IIBBning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, mazkur holat nazoratga olingan va tekshiruv yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.

Bolalar ombudsmani “Gazeta.uz”ga vaziyat nazoratga olingani va o‘rganilayotganini ma’lum qildi.