Qirg‘iziston Jogorku Keneshi 3-may kuni “2006-yil 3-oktabrda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan Qirg‘iziston Respublikasi hukumati o‘rtasida imzolangan fuqarolarning o‘zaro borib-kelishlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda Keneshning jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.

Bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi bayonnomada fuqarolarning ikki davlat hududiga kirish, chiqish, tranzit orqali borish, harakatlanish va bo‘lish hujjatlari ro‘yxatini yangilash nazarda tutilgan.

Xususan, Qirg‘iziston tomoni kelishuvni “ID-karta” so‘zlari bilan to‘ldiradi. Shuningdek, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomaga nisbatan band ham chiqarib tashlanadi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston tomoni ham kelishuvning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomaga oid bandini chiqarib tashlaydi.

Shavkat Mirziyoyev 27-aprel kuni Qirg‘iziston bilan chegarani ID-karta orqali kesib o‘tish to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi hujjatni imzolagandi.

2023-yil yanvar oyida O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari har ikki davlat chegarasidan ID-karta (pasportsiz) ko‘rsatish orqali o‘tishlari mumkin bo‘lishi xabar qilingandi. Shavkat Mirziyoyevning Bishkekka tashrifi chog‘ida davlatlar bu borada kelishib olingan.

Endilikda O‘zbekistonning barcha fuqarolari Qirg‘izistonga, xuddi shunday Qirg‘iziston fuqarolari O‘zbekistonga ID-karta orqali kirishlari mumkin bo‘ladi (ilgari faqat xorijga chiqish pasporti bilan mumkin edi).

Fuqarolarning chegaradan kirish-chiqishi haqidagi ma’lumotlar elektron tarzda qayd etiladi, pasportga shtamp bosishga hojat qolmaydi. Ushbu yengillik istalgan transport orqali (samolyot, poyezd, avtomobil, avtobus va hk) chegarani kesib o‘tishda amal qiladi.