Toshkentning Chilonzor tumanidagi 230-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida direktorning 15 yoshli o‘g‘li 4 nafar tarbiyalanuvchi qizchaga ular uxlashga yotgan vaqtida tegajog‘lik qilgani xabar qilingandi. Ichki ishlar vazirligi holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Vazirlikning qayd etishicha, 2-may kuni 4 nafar fuqaro Chilonzor tumani IIOga ariza bilan murojaat qilgan. Ular voyaga yetmagan, 2008-yilda tug‘ilgan X.Sh.ni farzandlari (6 yoshli qizlar)ning tanasini turli qismlarini qo‘li bilan ushlab, uyatsiz buzuq harakatlar sodir etganini ma’lum qilishgan va X.Sh.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rashgan.

Holat yuzasidan Chilonzor tumani IIO tomonidan Jinoyat kodeksining 25-moddasi (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) orqali 119-moddasi (Jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

“Tergov davom etmoqda. Jinoyat ishi doirasida barcha holatlar batafsil o‘rganilib, zaruriy tergov harakatlari o‘tkazilishi va natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq Maktabgacha ta’lim agentligi ushbu holat nazoratga olinganini, sudga oid tibbiyot va psixologik ekspertizalari tayinlanib, surishtiruv ishlari olib borilayotganini bildirgandi. Bosh prokuratura ham qat’iy nazoratga olinganini qayd etgandi.

Ma’lumot o‘rnida, yuqoridagi moddada nazarda tutilgan harakatlar o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa, gumonlanuvchi o‘n besh yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, “Gazeta.uz” nashriga bir qancha ota-onalar murojaat qilib, ularning farzandlariga Toshkentning Chilonzor tumanidagi 230-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti direktorining 11- yoki 9-sinfda o‘quvchi o‘g‘li tegajog‘lik qilganini aytishgandi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, voqea 2-may kuni tushdan keyin 6 yoshli bolalar guruhi uxlashga kirganida sodir bo‘lgan va gumonlanuvchi bola 4 nafar qizchaga tegajog‘lik qilgan.

Muxbir bilan suhbatda direktor bu tuhmat ekanini ta’kidladi, boshqa bolalarning ota-onalari esa ushbu holat rostdan ham bo‘lganini, ularning farzandlari so‘zlab berishganini aytdi. Mazkur holat yuzasidan “Gazeta.uz” surishtiruv o‘tkazib, tomonlarning fikrini o‘rgandi. Direktor bog‘chaga kirishga va suratga olishga, qolaversa, bog‘cha hamshirasi va psixologi bilan suhbatlashishga qarshilik ko‘rsatdi.

Voqea haqida batafsil ushbu havolada o‘qish mumkin.