25-aprel kuni kechki payt Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi Bo‘zsuv kanali bo‘yida 20 yoshli ayol bir yarim yoshli bolasi bilan o‘zini suvga tashladi, deb xabar berdi poytaxt IIBB matbuot xizmati.

Ushbu hududda xizmat olib borayotgan 2 nafar PPX xodimi vaziyatga guvoh bo‘lib qolgan. Ulardan biri o‘zini suvga tashlab, avval bolani chiqarib olgan va sherigiga topshirgan. Shundan so‘ng ayol ham qutqarilgan. Voqea joyida bolaga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan, keyin ona-bola 7-shahar klinik shifoxonasiga olib borilgan.

бахтсиз ҳодиса, бўзсув kanali, ўз жонига қасд қилиш

“Biz shu mahallada yashaymiz, bu yerda juda xavfli aylana oqim bor: odamni tortib ketadi. Biror odamni qutqarish, ayniqsa, 2 kishini saqlab qolish juda qiyin, chunki cho‘kayotgan odam oldidagi odamga talpinib, uniyam cho‘ktirib yuboradi”, — deydi mahalliy aholi vakillaridan biri.

Aniqlanishicha, 2003-yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan Mohlaroyim ismli ayol turmush o‘rtog‘i uni tashlab ketganidan so‘ng ruhiy va og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib, shunday qilishga qaror qilgan.

“Umuman yashagim kelmay qolgan, hayotga ishonchim so‘nib ketgandi. Shuning uchun men shunday qildim. Bolam menda bor hamma narsa edi va uni tashlab ketishni xohlamadim. Hozir qilgan ishimdan juda afsusdaman. Farzandimni saqlab qolgan xodimlarga rahmat”, — deydi Mohlaroyim.

Ayolni tekshirgan psixiatr uning ahvoli “ruhiy shok holatida, ammo jismoniy salomatligi joyida” ekanini bildirdi.

“Ruhiy-asab kasalliklar bo‘yicha shifokorlarni chaqirishga qaror qilindi. Hozirda ularning hayotiga hech narsa tahdid solgani yo‘q, hammasi yaxshi. Biz psixologik va psixiatrik yordam ko‘rsatishda davom etamiz”, — dedi shifokor.

Salkam 1,5 yoshli bola vaziyat oydinlashgunga qadar mehribonlik uyining chaqaloqlar bo‘limiga topshirildi.