Jizzax viloyati prokuraturasi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, fuqaro D.R. 300 nafardan ortiq shaxsning pul mablag‘larini o‘zlashtirgani aytilgan xabar o‘rganildi.

Aniqlanishicha, D.R. A.G‘. va R.N. birgalikda 103 nafar fuqaroni o‘zlari tayyorlagan soxta hujjatlar asosida AQShga borishi uchun Green Card lotereyasidan yutuq chiqqaniga ishontirib, aldash yo‘li bilan ularning jami 2 mlrd 597 mln so‘m pul mablag‘larini qo‘lga kiritgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Arnasoy tumani sudining tegishli hukmiga ko‘ra, D.R. Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdordagi firibgarlik) va boshqa moddalari bilan aybli deb topilib, unga nisbatan 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Mahkum D.R. jazoni o‘tashiga monelik qiladigan og‘ir kasallikka chalingani sababli unga nisbatan hukm bilan tayinlangan jazoning ijrosi 4 oyga kechiktirilgan. Viloyat sudi apellyatsiya instansiyasining tegishli ajrimiga ko‘ra, sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Sud qarorlarining qonuniyligi o‘rganilganda, protest keltirish uchun asoslar topilmagan. Bundan tashqari, A.G‘. va R.N. tergovdan yashiringani sababli ularga nisbatan sudning ajrimiga ko‘ra, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanib, qidiruv e’lon qilingan.

“Gazeta.uz” Green Card dasturiga mustaqil ariza topshirish va natijalarni tekshirish bo‘yicha qo‘llanma tayyorlagan.

Green Card`ning 2024-yilgi mavsumi uchun natijalar 6-may kuni AQSh Davlat departamenti tomonidan e’lon qilinadi.