O‘zbekistonga ilk tashrifim men uchun juda muhim. Markaziy Osiyoda rivojlanayotgan demografik va iqtisodiy kuch sifatida O‘zbekiston so‘nggi yillarda ulkan iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarga kirishdi, bunga Fransiya alohida e’tibor qaratdi, O‘zbekiston rasmiylari esa Yevropa bilan hamkorlikni mustahkamlashga intilmoqda.

Shu bois o‘zimdan avvalgi vazir-delegatlardan Jan-Batist Lemuan 2019-yildagi va Frank Risterning 2021-yildagi tashriflari, shuningdek, prezident Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashriflari yakunlari bo‘yicha mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar sifatini oshirishga hissa qo‘shishdan mamnunman.

O‘tgan yilning noyabr oyida O‘zbekistonning Parijdagi elchixonasi tomonidan prezident Mirziyoyevning Fransiyaga rasmiy tashrifi arafasida tashkil etilgan Fransiya-O‘zbekiston biznes-forumi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarning chinakam muvaffaqiyatiga aylandi. U O‘zbekistonning Fransiya bilan faol hamkorlikka sodiqligini namoyish etdi va men hamkasbim Jamshid Xo‘jayev bilan juda samarali fikr almashdim.

Shu bilan birga, prezidentlarimizning ikki mamlakat o‘rtasida yuqori darajadagi har tomonlama sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga ko‘maklashish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonoti hamkorlik istiqbollarini sezilarli darajada kengaytirishga xizmat qildi.

2022-yilda umumiy qiymati 5 mlrd yevro bo‘lgan 30 dan ortiq Fransiya-O‘zbekiston bitimlarining imzolangani tufayli o‘zbeklar va fransuzlar uchun ularning amaliy natijalarini ko‘rishga ko‘plab imkoniyatlarni taqdim etdi.

Fransiya kompaniyalari O‘zbekistonda, ayniqsa, kommunal xizmatlar (Veolia, Suez, tez orada — Eiffage), energetika (EDF, Total Eren, Voltalia, Orano) va transport (Airbus, ATR, Alstom)ning muhim tarmoqlarida faoliyati ko‘rsatmoqda. Ishonchim komilki, bu ishtirok infratuzilma va turizm kabi boshqa sohalarga ham tatbiq etilishi mumkin, chunki yirik loyihalar orqali kompaniyalarimiz o‘z mahoratini umumiy manfaatlar xizmatiga qaratmoqchi hamda ikki tomonlama hamkorligimizga aniq ma’no bermoqchi.

Bu borada Toshkent hokimligi va Veolia kompaniyasi o‘rtasida davlat-xususiy sheriklik asosida markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti tizimini boshqarish hamda Orano kompaniyasi bilan uran zaxiralarini geologiya-qidiruv ishlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlik istiqbolli hisoblanadi.

Fransiya O‘zbekiston iqtisodiyotining diversifikatsiyasi va karbonsizlanishini qo‘llab-quvvatlamoqchi. Fransiya taraqqiyot agentligi (AFD) tomonidan quyosh va shamol energetikasini rivojlantirishga yo‘naltirilgan katta investitsiyalar bilan bir qatorda, bizning xususiy sektorimiz ko‘nikma va tajribani uzatishda yanada uzoqroqqa borishi mumkin.

O‘zbekiston bozori — nou-xau keng e’tirof etilgan fransuz kichik va o‘rta biznes korxonalari uchun haqiqiy imkoniyatdir. Shuning uchun ham menga Fransiyaning 15 kompaniyasidan iborat delegatsiya hamrohlik qilmoqda, o‘tgan oyda esa MEDEF International boshchiligidagi 35 kompaniyadan iborat yana bir delegatsiya Toshkentga tashrif buyurgan edi. Aynan shuning uchun tashrifim juda aniq iqtisodiy mazmunga ega: iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, mahalliy hokimiyat organlari bilan yuqori darajadagi muzokaralar, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan hamda Fransiya-O‘zbekiston biznes-klubiga (CAFU) a’zosi hisoblangan fransuz kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv. Shuningdek, iqtisodiy hamkorligimizni mustahkamlash maqsadida O‘zbekistonda Fransiya Savdo-sanoat palatasi tashkil etilishiga umid qilmoqdaman.

Iqtisodiy aloqalarimizdan tashqari, ta’lim va madaniyat sohasidagi hamkorligimizni ham unutmayman: O‘zbekiston Markaziy Osiyoda eng ko‘p fransuz tilida so‘zlashuvchilar hamda fransuz tilini o‘rganuvchilar va pandemiya davrida kuchli zarar ko‘rgan oliy ta’lim sohasida hamkorlik qiladigan davlatdir. Hozirda oliy fransuz-o‘zbek ta’lim muassasasini yaratish loyihasi o‘rganilmoqda.

Xorijdagi Fransiya fuqarolari bo‘yicha vazir delegati sifatida men tashrifim chog‘ida O‘zbekistondagi 200 kishidan iborat va o‘tgan yildan buyon o‘sishda davom etayotgan juda faol fransuz jamiyati bilan uchrashish imkoniga ega bo‘ldim. Ular aloqalarimizni mustahkamlashda faol ishtirok etmoqda.

Barcha o‘zbeklarga shuni aytmoqchimanki, men yaqinda Parijda ikki ko‘rgazma — Luvrdagi “O‘zbekiston vohalari mo‘’jizalari. Karvon yo‘llari chorrahasida” hamda arab dunyosi institutida prezidentlar Emmanuel Makron va Shavkat Mirziyoyev tomonidan hamkorlikda ochilgan “Samarqandga yo‘l. Ipak va oltin mo‘’jizalari” ko‘rgazmalari bilan ajoyib tarixi va madaniyati nishonlangan mamlakatga tashrif buyurayotganimdan juda xursandman. .

O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi do‘stlik bardavom bo‘lsin!