O‘zbekistonning AQShdagi favqulodda va muxtor elchisi sifatida ish boshlagan Furqat Sidiqov Qo‘shma Shtatlar prezidenti Jo Baydenga ishonch yorliqlarini topshirdi. Elchi bu haqda o‘zining Twitter sahifasida ma’lum qildi.

“Ishonch yorlig‘imni topshirish marosimida suratga tushdim. Prezident Jo Bayden bilan uchrashish katta sharaf. Men xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlash, strategik sherikligimizni yanada mustahkamlashga intilaman”, — deydi diplomat.

Eslatib o‘tamiz, 4-aprel kuni Furqat Sidiqov mamlakat protokol rahbari Rufus Gifford bilan uchrashib, unga ishonch yorliqlarini topshirgandi.

3-mart kuni Oliy Majlis Senati O‘zbekistonning AQShdagi elchisi lavozimiga 2022-yil noyabridan buyon tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Furqat Sidiqov nomzodini ma’qullagandi.

2017-yildan buyon O‘zbekistonning AQShdagi diplomatik vakolatxonasiga (bir vaqtning o‘zida Kanada va Braziliyadagi elchi lavozimida ham ishlagan) Javlon Vahobov rahbarlik qilib kelgandi. U yaqinda Toshkentga qaytgan.

Furqat Sidiqov 1971-yil 7-fevralda Toshkentda tug‘ilgan. 1993-yilda Toshkent davlat texnika universitetini tamomlagan. UzDaewoo Electronics QKda bosh mutaxassis (1993−1995), prezident huzuridagi Strategik va mintaqaviy tadqiqotlar institutida xodim, katta ilmiy xodim, yetakchi ilmiy xodim (1995−2002, 2007−2011) lavozimlarida ishlagan.

Shuningdek, O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasida attashe (2002−2007), ushbu elchixonaning birinchi kotibi (2011−2015), O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi (2015−2020) lavozimlarida ishlagan.