O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar tomonidan “Pedagog xodimning maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasida quyidagilar taklif etilmoqda:

  • pedagogning huquqlari, sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘si davlat himoyasi ostida bo‘lishini kafolatlash maqsadida sha’ni, qadr-qimmatini himoya qilish masalasida va mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari ustidan sudga murojaat qilganida davlat bojini to‘lashdan ozod etish;
  • pedagog xodimni lavozim majburiyati va kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilishni taqiqlash;
  • ilk bor kasbiy faoliyat boshlayotgan shaxsga bir o‘quv yili davriga o‘qituvchi-murabbiylikni amalga oshiruvchi pedagog xodimni biriktirish;
  • davlat ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlar davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida majburiy tibbiy ko‘rikdan bepul o‘tishi;
  • pedagog xodimning kasbiy faoliyati davomida yuqumli kasalliklarga qarshi bepul profilaktik emlash davlat tomonidan ta’minlanishi;
  • o‘quv qurollari bilan bepul ta’minlash;
  • ellik olti ish kunidan iborat yillik haq to‘lanadigan uzaytirilgan ta’til berish.

Ushbu qonun loyihasi birinchi bor 2020-yil noyabr oyida taqdim etilgandi, biroq 2-may kundagi majlisda unda keltirilgan quyidagi takliflar yangramadi:

  • pedagoglarning pensiya yoshi besh yilga qisqartirilgan holda imtiyozli pensiya olishi;
  • pedagog xodimning ta’lim sohasidagi ko‘p yillik xizmatlari uchun har oylik bazaviy lavozim maoshiga ustamalar to‘lash;
  • Oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan ammo ta’lim tashkilotlarida kamida besh yil ish stajiga ega pedagog xodimni — kirish test sinovlarisiz, to‘lov-kontrakt asosida va qabul parametrlaridan tashqari OTMning pedagogika yo‘nalishiga [sirtqi, kechki va masofaviy ta’lim shakli] suhbat asosida o‘qishga qabul qilish.

Majlisda ayrim deputatlar ushbu qonun loyihasini yana ham takomillashtirish kerakligini qayd etdi.

pedagoglar, qonunчилик палатаси

Xususan, “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Gulbahor Saidg‘aniyeva qonunni qo‘llash sohasi bo‘yicha e’tiroz bildirib, qonun asosiy ish faoliyatidan tashqari pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga nisbatan ham tatbiq etilishi kerakligini aytdi. Loyihaning 2-moddasiga ko‘ra, qonun asosiy ish faoliyatidan tashqari pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga va harbiy ta’lim muassasalarida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Deputatning fikricha, shu moddada ko‘zda tutilgan band sabab asosiy ish faoliyatidan tashqari pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi shaxslar bir qancha huquqdan (kutubxonadan bepul foydalanish, ta’lim oluvchilarni mustaqil baholash, fanga innovatsiya olib kirish) foydalana olmasligi mumkin.

pedagoglar, qonunчилик палатаси

Bundan tashqari, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Zafar Xudoyberdiyev qonun nomini qayta ko‘rib chiqish haqida fikr bildirdi. Uning, qayd etishicha, 1-may kuni qabul qilingan yangi Konstitutsiyaning 52-moddasida pedagog xodimni emas, o‘qituvchining sha’ni va qadr-qimmati davlat tomonidan himoya qilinishi keltirib o‘tilgan.

“Pedagog xodim va o‘qituvchi to‘g‘risidagi tushunchalarda anchagina farq bor. MDH model qonunining nomi ham “O‘qituvchi maqomi to‘g‘risida, Xitoy va Qirg‘izistonda ham “O‘qituvchining maqomi to‘g‘risida”. Biz nega aynan pedagog maqomi to‘g‘risida deyapmiz. Bu yangilangan Konstitutsiyamizga zid emasmi? Hozirgi holatda buni Konstitutsiyaga moslab kiritilishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi”, — deydi Xudoyberdiyev.

Shuningdek, deputat qonun qabul qilinsa davlat budjetidan qancha mablag‘ jalb qilinishi haqida savol berdi.

Deputatning savollariga Adliya vazirligi vakili javob berib, qonun nomidagi pedagog so‘zi keng ma’noda ekanligi, ta’lim sohasining barcha jabhalarida faoliyat yuritayotgan xodimlarni anglatishini aytdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, bu norma Konstitutsiyaga zid emas.

Vazirlik vakili davlat budjetidan talab qiladigan mablag‘lar hisobini qonun loyihasining ikkinchi o‘qishida ma’lum qilinishini aytdi.

pedagoglar, qonunчилик палатаси

Shuningdek, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Umidaxon Zokirova qonun loyihasida pedagoglarning qadr-qimmati aynan qanday ravishda oshirilishi haqida ko‘rsatib o‘tilmaganini aytdi.

“Pedagoglarning mavqeyini oshirish uchun unga imtiyozlar berilishi kerak, lekin, bu yerda (qonun loyihasida) imtiyozlar ko‘rmayapman. Bironta uni himoya qiladigan narsa topolmayapman. 25-moddada ham hozirda (qonunchilikda) bor narsalar yozilgan. Pedagog xodimlarning sog‘lig‘ini himoya qilishda bu loyihada faqat majburiy tibbiy ko‘rikdan bepul o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Aslini olganda o‘qituvchini bir yilda bir marta majburiy davolantirish kerak. Uni davolantirmaganimiz uchun asabiy, o‘quvchini urib qo‘yayotgan holatlar kelib chiqyapti. Shuning uchun (qonun loyihasini) biroz o‘zgartirish kerak, imtiyozlar kiritish kerak, deb o‘ylayman”, — dedi deputat.

pedagoglar, qonunчилик палатаси

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Jahongir Mamajonov ham Umidaxon Zokirovaning fikrlarini qo‘llab quvvatladi.

“Mana hozir ta’lim borasida Finlyandiya tajribasini o‘rganyapmiz, deyilyapti. Lekin, qonun loyihasini ishlab chiqishda Finlyandiya tajribasi o‘rganilgani yozilmagan. Shuningdek, kasbiy faoliyat yurituvchilarning maqomi to‘g‘risida bir qancha — deputat maqomi, sudyalar maqomi, qutqaruvchi xizmati va qutqaruvchilar maqomi to‘g‘risida qonunlar bor ekan. Ularning barchasiga juda katta imtiyozlar berilgan. Lekin hozirda ko‘rib chiqayotgan qonunimizda hech qanday imtiyozlar ko‘rinmayapti. Qo‘pol qilib aytganda, qog‘oz-qalam bilan ta’minlanadi deyapmiz, lekin juda bunchalik bo‘lmasa kerak. Qonunni kuchaytirish kerak degan taklifni kiritmoqchiman”, — deydi deputat.

Shuningdek, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yana bir a’zosi Ahmadjon G‘aniyev katta stajga ega bo‘lgan pedagoglar pensiyaga chiqishiga imtiyoz berish kerakligini taklif etdi.

Qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual tartibda qabul qilindi. Ikkinchi o‘qishgacha loyihani takomillashtirish vazifasi qo‘yildi.