Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyacining yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 208-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartish kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasining muhokamasi o‘tkazildi, deya xabar bermoqda quyi palata matbuot xizmati.

Yig‘ilishda mazkur qonun loyihasi bilan 11-noyabr — O‘zbekiston kasaba uyushmalari kunini ishlanmaydigan bayram kunlari qatoriga qo‘shishga to‘g‘risidagi qo‘shimcha kiritilmoqda. Ta’kidlanishicha, hozirgi vaqtda kasaba uyushmalari tizimida 34 mingdan ortiq boshlang‘ich tashkilotlar, 6 ming 700 dan ziyod xodim va 300 mingga yaqin faollar xizmat qilmoqda.

“Lekin amaldagi qonunlarda 11-noyabr sanasi ishlanmaydigan bayram kuni sifatida e’tirof etilmagan. Shuningdek, bayram tadbirlarini o‘tkazishni tashkil etish hamda xodimlarni rag‘batlantirish choralarini ko‘rish mexanizmlari belgilanmagan”, — deyiladi xabarda.

Fraksiya a’zolari ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi “xodimlarning kasbiy, mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini ta’minlash tizimini yanada kuchaytirishga xizmat qilishini” e’tiborga olib, uni qo‘llab-quvvatladi.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yilda prezident Shavkat Mirziyoyev 11-noyabrni — “Umumxalq bayrami” sifatida dam olish kuni deb e’lon qilish to‘g‘risida taklif bildirgandi. Bu davlat rahbarining kasaba uyushmalari xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigida qayd etilgandi.

Ma’lumot o‘rnida, amaldagi Mehnat kodeksiga muvofiq, O‘zbekistonda 9 ta (ishlanmaydigan) bayram sanalari mavjud:

  • 1-yanvar — Yangi yil;
  • 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni;
  • 21-mart — Navro‘z;
  • 9-may — Xotira va qadrlash kuni;
  • 1-sentabr — Mustaqillik kuni;
  • 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni;
  • 8-dekabr — Konstitutsiya kuni;
  • Ro‘za hayit (Iyd al-Fitr) diniy bayramining birinchi kuni;
  • Qurbon hayit (Iyd al-Adha) diniy bayramining birinchi kuni.