Toshkent viloyati Ohangaron tumanida noqonuniy baliq ovlagan shaxslar tabiatga 531 million so‘mlik zarar yetkazdi, deb xabar bermoqda Tabiat resurslari vazirligi.

Qayd etilishicha, vazirlik boshqarmasi xodimlari tomonidan 3 nafar fuqaro noqonuniy baliq ovlagani aniqlangan. Tumandagi Qayirma qishlog‘i hududida reyd tadbiri davomida Ohangaron — Toshkent yo‘nalishida harakatlanayotgan avtomobil to‘xtatilgan.

1991-yilda tug‘ilgan fuqaro B.A. boshqaruvidagi avtomobil tekshirilganida B.A. bilan birga 1981-yilda tug‘ilgan D.A. hamda 1984-yilda tug‘ilgan R.K. elektr qarmoq yordamida baliq ovlagani ma’lum bo‘lgan. Ular jami og‘irligi 48 kg bo‘lgan 2950 dona baliqni nobud qilgan. Bu orqali tabiatga 531 mln so‘m zarar yetkazilgan.

Holat yuzasidan jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi tomonidan hukm chiqarildi. Unga ko‘ra, huquqbuzarlar tomonidan hayvonot dunyosiga yetkazilgan 531 mln so‘m miqdoridagi zarar belgilangan tartibda undiriladigan bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda baliq ovlashni tartibga soluvchi qaror loyihasi muhokamaga qo‘yilgandi. Muhokamalar yakunlangan, Vazirlar Mahkamasi esa qaror loyihasini ko‘rib chiqmoqda.

Unda brakonerlikka qarshi kurashish, noqonuniy ov oqibatida yetkazilgan zararni hisoblash, taqiqlangan ov qurollarini yo‘q qilish tartiblari mavjud. 2022-yilda noqonuniy baliq ovlash bo‘yicha 1119 ta huquqbuzarlik aniqlangan.