Aprel oyi oxirida O‘zbekistonda chiqindi xavfsizligi va suvning favqulodda ifloslanishining oldini olish bo‘yicha idoralararo ishchi guruh tuzish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Markaziy Osiyoda (Qozog‘iston va Tojikistondan keyin) rasman shunday ishchi guruhini tuzgan uchinchi davlatga aylanadi, deb xabar qildi BMT matbuot xizmati.

O‘zbekistonda oltin va uran faol qazib olinmoqda, shu paytgacha mamlakat hududining atigi 20 foizi o‘rganilgani hisobga olinsa, yaqin yillarda tog‘-kon sanoati rivojlanishi kutilmoqda.

Shaxtalar soni va hajmining kutilayotgan o‘sishi chiqindilar ko‘payishiga olib kelishi mumkin, bu esa suvning ifloslanishi xavfini keltirib chiqaradi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 41 ta radioaktiv va boshqa zararli chiqindilar saqlanadigan joy mavjud bo‘lib, ulardan 10 tasi transchegaraviy ta’sir xarakteriga ega. Bundan tashqari, BMT O‘zbekiston daryolarning quyi oqimida joylashgani va unga yuqori oqimdagi mamlakatlardagi suv ifloslanishi ta’sir qilishi mumkinligini ta’kidladi.

“Shuning uchun idoralararo va transchegaraviy hamkorlikni mustahkamlash suvning favqulodda ifloslanishining oldini olish va avariya oqibatlarini yumshatish uchun muhim hisoblanadi”, — deya ta’kidladi BMT.

Yig‘ilish ishtirokchilari BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasining (BMT YeIK) chiqindixonalar xavfsizligini oshirish bo‘yicha tavsiyalarini ko‘rib chiqdi, shuningdek, Qozog‘iston va Tojikistonda idoralararo ishchi guruhlarni tashkil etish tajribasini o‘rgandi.

BMT YeIK O‘zbekistonni Shveysariya Atrof-muhitni himoya qilish federal boshqarmasining moliyaviy ko‘magi orqali jamoalar tashkil etish, joylarda treninglar o‘tkazish va submintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashda qo‘llab-quvvatlamoqda. Ishchi guruh sanoat xavfsizligi, suv resurslari uchun mas’ul organlar, shuningdek, xususiy sektor, ilmiy doiralar va nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida muvofiqlashtirish va hamkorlik qilish uchun platforma vazifasini o‘taydi.

Tabiat resurslari vazirligi vakili Jahongir Tolipov mazkur guruh O‘zbekistonga tog‘-kon sanoati sohasida milliy boshqaruvni kuchaytirish imkonini berishini, 2030-yilgacha mamlakatning ekologik maqsadlariga erishishga ko‘maklashishini va BMT YeIK ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar konvensiyasiga qo‘shilish yo‘lida harakat qilishini ta’kidladi.

BMTga ko‘ra, O‘zbekiston hozirda ushbu konvensiyaga a’zo bo‘lmasa-da, 2005-yildan beri ushbu konvensiya doirasidagi yordam va hamkorlik dasturidan ko‘mak olmoqda. Shu bilan birga, O‘zbekiston 2007-yildan beri suv bo‘yicha konvensiyaning a’zosi hisoblanadi. Ikkala konvensiya ham mamlakatga suvning favqulodda ifloslanishining oldini olish uchun zarur yordamni taqdim etadi.