Bosh prokuratura ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, Namangan shahrida tuproq ustiga o‘rnatib qo‘yilgan reklama banneri odam ustiga qulagani tasvirlangan video yuzasidan munosabat bildirdi.

Videoda shamol ta’sirida bannerning mashina va bir odam ustiga tushgani aytilgan. Ma’lum qilinishicha, voqea 1-may kuni Namangan shahrida sodir bo‘lgan.

Reklama banneri fundamentidan o‘pirilib, yerga tushishi oqibatida bir kishi — 1997-yilda tug‘ilgan fuqaro tan jarohati olgan va joyida hushini yo‘qotgan. Shundan so‘ng yon-atrofda bo‘lgan fuqarolarning ko‘magida jabrlangan shaxs shifoxonaga olib ketilgan.

Bosh prokuratura holat yuzasidan tekshirish harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi.