O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda haj safariga jo‘natishga oid xizmatlar to‘g‘risida asossiz ma’lumotlar tarqatilayotgani sababli hukumat ko‘magida tashkil etilayotgan rasmiy safarni ado etishga chaqirdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabarida so‘z boradi.

Ta’kidlanishicha, haj va umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha jamoatchilik kengashi bor va unda bevosita Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi a’zolari ham mavjud.

️Mazkur tashkilotlar Saudiya Arabistonidagi tegishli vazirliklar hamkorligida ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatuvchi muassasalar, mehmonxonalar, transport va oziq-ovqat korxonalari bilan shartnomalar ham tuzadi.

Shu bois, haj va umra mavsumlarida Saudiya Arabistoniga borish, u yerda bo‘lish va qaytish masalalarini Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi bajaradi.

Bundan tashqari, haj safarini amalga oshirish Saudiya Arabistonining Haj va umra vazirligi o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi. Bu Saudiya Arabistoni qonunchiligida ham belgilangan. Mazkur kelishuvlar asosida tashkil etilmagan haj ziyoratiga urinish ushbu amalning eng muhim ruknlari bo‘lmish — Mino, Arafot va Muzdalifa vodiylarida ibodat qilish imkoniyatini bermaydi, deyiladi xabarda.

Saudiya Arabistoni hududida haj tartiblarini buzish ushbu mamlakat qonunchiligi asosida chora ko‘rilishiga olib keladi. Shu bois haj tadbirini tashkil etish vazifasi sayyohlik firmasi yoki turagentliklar vakolatiga kirmaydi. Ular tomonidan haj ibodatini tashkil etishga urinish esa amaldagi qonun hujjatlariga zid.

Qayd etilishicha, safarlarga noqonuniy yo‘llar bilan borishga intilish Saudiya Arabistonidan deport qilish va Saudiya Arabistoniga har qanday viza bilan 10 yil muddatga kirishni taqiqlash hamda 100 ming saudiya riyoli (26 ming AQSh dollari) miqdorida jarima solishga olib keladi.

“Biz ibodatlaringiz mukammal, safaringiz xavfsiz va xotirjam bo‘lishi tarafdorimiz. Sizdan turli aldovlarga uchmasdan, hukumat ko‘magida tashkil etilayotgan rasmiy, xavfsiz va ishonchli safarni ado etishni so‘raymiz”, deya keltiriladi qo‘mita xabarida.