Ayrim referendum uchastkalari ovoz beruvchilar bilan gavjum, hatto navbatlar yuzaga kelganiga guvohi bo‘lish mumkin, boshqalarida esa uchastka bo‘yicha ro‘yxatga olingan fuqarolar soni asta-sekin o‘sib bormoqda. Ayrim uchastkalarda ovoz berishning birinchi soatidayoq fuqarolarning 10−15 foizi ovoz berib ulgurgandi.

Birinchi marta ovoz bergan yoshlarga esdalik sovg‘alari topshirilmoqda. Ovoz berishga bolalari bilan kelgan fuqarolar ham kam emas — ba’zi hollarda byulletenni urnaga tashlash ota-onalar tomonidan bolalariga ishonib topshirilmoqda.

“Gazeta.uz” muxbirlari ayrim uchastkalarda bir fuqaroga bittadan ko‘p byulleten berilishi (ya’ni, uning oila a’zolari uchun ham), bir fuqaro boshqalar uchun ham (masalan, er o‘zi bilan birga kelgan xotini uchun) ovoz berishi kabi qoidabuzarliklarga guvohi bo‘lgan. Muxbirlar bu haqda uchastka saylov komissiyasi a’zolarini ogohlantirgan.

Toshkentdagi bir qator saylov uchastkalaridagi manzaralarni “Gazeta.uz” fotomuxbirlari suratlarida tomosha qiling.