O‘zbekiston bosh prokurori o‘rinbosari Shohrux Aminov Markaziy saylov komissiyasining brifingida jurnalistlar va xalqaro kuzatuvchilarga alohida murojaat qildi.

“Prokuratura organlari referendum jarayonida qonun ustuvorligini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratmoqda va buning uchun barcha sa’y-harakatlarni ro‘yobga chiqarmoqda”, — dedi u.

“O‘z navbatida, buni ham istisno etmasligimiz kerak — qonun buzilishi holatlari haqidagi hamma ma’lumot ham bizgacha yetib kelmasligi mumkin”, — dedi Shohrux Aminov.

“Sizlar bevosita joylarda referendum uchastkalari va okruglarida vaziyatni o‘rganib, ovoz beruvchilar va komissiya vakillari bilan muloqotdasiz. Agar sizda qonun buzilishi to‘g‘risida biror-bir ma’lumot mavjud bo‘lsa, uni Bosh prokuraturaga taqdim etsangiz, zudlik bilan o‘rganib, tegishli baho berilishini ta’minlash choralarini ko‘ramiz”, — deya ta’kidladi bosh prokuror o‘rinbosari.

“Biz bunday hamkorlikka tayyormiz”, — deya alohida qayd etib o‘tdi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Bosh prokuratura boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonida qonuniylikni ta’minlash va qonun buzilishi holatlarining oldini olish choralarini ko‘rib bormoqda.

“Shuni alohida ta’kidlash kerakki, shu kunga qadar prokuratura organlariga referendum jarayonida fuqarolardan 200 ga yaqin murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, ularda asosan referendum qonunchiligiga oid huquqiy tushuntirish so‘ralgan. Huquqbuzarliklarga oid xabarlar va murojaatlar kelib tushmadi”, — dedi Bosh prokuratura rahbariyati vakili.

19−26-aprel kunlari bo‘lib o‘tgan muddatidan oldin ovoz berish jarayonlarida ham prokuratura organlariga qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi haqida murojaatlar kelib tushmagan.

“Umuman olganda, agar referendum qonunchiligi buzilganligi haqida xabar va murojaatlar kelib tushsa yoki ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda biror ma’lumotlar e’lon qilinsa, ular o‘sha zahoti alohida nazoratga olinadi”, — deya ta’kidladi Shohrux Aminov.

“Bunday murojaatlar tezkor ravishda qonun doirasida mukammal o‘rganiladi va ulardagi har bir holatga huquqiy baho beriladi”, — dedi u.

“Kimning-ki ovoz berish huquqi buzilsa yoxud fuqarolarimiz referendum qonunchiligini buzish holatlariga guvoh bo‘lsa, zudlik bilan hududiy prokuratura organlariga yoki Bosh prokuraturaning 1007 ishonch telefoniga murojaat qilishlarini so‘raymiz”, — deya iltimos qildi bosh prokuror o‘rinbosari.

U, shuningdek, qanday holatlar referendum qonunchiligining buzilishi deb hisoblanishini ham eslatib o‘tdi.

Quyidagilar uchun ma’muriy javobgarlik ko‘zda tutilgan:

  • referendum o‘tkazuvchi komissiyalarning faoliyatiga aralashish, ularning qarorlarini bajarmaslik;
  • referendumga qo‘yilgan masalalar yuzasidan tashviqot olib borish shartlari va tartibini buzish;
  • referendumni moliyalashtirish tartibini buzish;
  • referendum natijalarini e’lon qilish tartibini buzish ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Quyidagilar uchun jinoiy javobgarlik ko‘zda tutilgan:

  • ovoz berishning yashirinligini buzish;
  • referendum hujjatlarini qalbakilashtirish;
  • ovozlarni ataylab noto‘g‘ri hisoblash;
  • ovoz berish huquqini amalga oshirishga to‘sqinlik qilish.