Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev referendum uchastkalari hamda ularning atrofida jamoat xavfsizligini ta’minlash uchun jami 30 900 dan oshiq huquq-tartibot idoralari vakillari xizmatga jalb etilganini ma’lum qildi. Bu haqda u Markaziy saylov komissyasi matbuot markazida aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Vazirlik vakilining so‘zlariga ko‘ra, referendumda qamoqda saqlash joylarida ushlab turilgan hamda qamoqqa olingan, shuningdek, uncha og‘ir bo‘lmagan yoki ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etganligi uchun jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar ham ishtirok etmoqda.

Xususan, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida referendumda ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan 9 679 nafar shaxslar ovoz berish huquqidan foydalanish imkoniyatiga ega.

“Referendum qonunchiligiga ko‘ra, referendumga 60 kun qolganda qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylaridagi mahkumlarning ovoz berishi uchun jami 18 ta referendum uchastkalari tashkil etildi. Mazkur referendum jarayonlarida kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etish huquqiga ega va ular to‘siqsiz ichkariga qo‘yilmoqda”, — dedi Bekmurod Abdullayev.

IIV o‘rinbosarining aytishicha, soat 11:00 holati bo‘yicha ichki ishlar organlariga referendumga oid qonunchilikni buzish bilan bog‘liq ariza yoki xabar kelib tushmagan. Uchastkalarda qonunbuzilishi holatlarini aniqlash, qayd etish, har tomonlama va sifatli ko‘rib chiqilib huquqiy baho berilishini ta’minlash maqsadida, sud, prokuratura va IIOning o‘zaro hamkorligi yo‘lga qo‘yilgan va barcha idoralarda tunu-kun navbatchiliklar tashkil etilgan.

Biroq “Gazeta.uz” muxbirlari Toshkentdagi referendum uchastkalarida bir qator qoida buzilishi holatlarini qayd etdi. Eng ko‘p kuzatilgan holat — oila a’zolari uchun ovoz berishdir. Shuningdek, jurnalistlar kuzatuvchilarning sust ekanligiga ham e’tibor qaratgan.