Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ijtimoiy tarmoqlar hamda ommaviy axborot vositalarida tarqalayotganoliy ta’lim muassasalari xodimlari talabalarni ularning erkiga zid ravishda referendumda qatnashishga chorlayotgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

Xususan, Toshkentdagi OTMlardan birining ismi sir qolishini istagan talabasi 699-uchastka saylov uchastkasida saylov byulletenlarini to‘ldirish holatlari haqida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yotoqxonada yashovchi va ijaraga turuvchi talabalar bitta uchastkaga yuborilgan. Talabaga bittasiga hech qanday ishora qo‘yilmagan, qolganlari esa “Ha” deb belgilangan 20 tacha byulleten berilgan. Talabaning ta’kidlashicha, unga bu byulletenlarni qutiga tashlash buyurilgan.

Shuningdek, universitetda tashkil etilgan saylov uchastkalarida talabalar ovoz berishlari talab qilingani, ovoz berishga kelmaganlar ro‘yxati tuzilib, ular bilan suhbat o‘tkazilishidan ogohlantirilgani haqida ham ma’lumotlar bor.

“Qonunchiligimizga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining referendumda ishtirok etishi ixtiyoriy va erkindir. Fuqarolarni referendumda ishtirok etishga yoki ishtirok etmaslikka majbur qilish maqsadida ularga, shuningdek xohish-irodasini erkin bildirishiga ta’sir ko‘rsatishga hech kim haqli emas”, — deyiladi Oliy ta’lim vazirligi xabarida.

Vazirlik talabalarning referendumda ishtirok etishi ixtiyoriy va erkin bo‘lishini ta’minlash borasida qat’iy pozitsiyaga egaligini bildirdi.

“Aziz talabalar! Basharti, bu boradagi huquqlaringiz biron-bir tarzda buzilayotgan bo‘lsa, +998712071762 raqamiga yoki tegishli huquqni muhofaza qilish organlariga xabar berishingizni so‘raymiz. Sizning huquqlaringiz qonunga muvofiq himoya qilinadi va aybdorlarga tegishli choralar ko‘rilishi ta’minlanadi”, — deyiladi xabarda.