Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikovning RFda o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari soni oshgani haqidagi so‘zlariga izoh berdi.

Avvalroq ikkinchi Toshkent investitsiya forumida Maksim Reshetnikov Rossiyaga ishlash uchun kelayotgan O‘zbekiston fuqarolari soni yetti yil ichida to‘rt baravar ko‘payganini ma’lum qilgan edi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining qayd etishicha, mehnat migratsiyasi, ayniqsa Rossiyaga ishlash uchun ketayotganlar oqimi ish mavsumiga qarab juda o‘zgaruvchan.

O‘zbekistonlik mehnat migrantlarining asosiy qismi Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelsada, ammo xabarlarda ta’kidlanayotgandek so‘nggi 7 yilda ushbu davlatga ketayotgan yurtdoshlarimiz soni 4 barobar oshmagan, deya ma’lum qildi agentlik.

“Agar raqamlarga murojaat qilinsa, Rossiya Federatsiyasida vaqtincha mehnat faoliyatini olib borayotgan o‘zbekistonlik migrantlar soni 2016-yilda taxminan 2 million nafar bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi vaqtda bu 1,5 million nafarga yaqinni tashkil etadi”, — deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, so‘nggi yillarda mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish, xususan, xorijda ishlash istagidagi fuqarolarni dunyoning rivojlangan davlatlariga manzilli ishlarga jalb qilish bo‘yicha qator natijalarga erishilgani qayd etildi. Jumladan, Janubiy Koreya, Yaponiya, Turkiya, Germaniya, Buyuk Britaniya va Yevropaning boshqa mamlakatlarida qurilish, ishlab chiqarish, tibbiyot va xizmat ko‘rsatish sohalarining turli yo‘nalishlarida ishchilarga talab yuqori.

Bugungi kunda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va 33 ta davlatning 500 ga yaqin ish beruvchi tashkilotlari o‘rtasida kelishuvlar mavjud.