Shavkat Mirziyoyev Germaniya Federal prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning taklifiga binoan 2−3-may kunlari tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Tashrif dasturida Berlin shahrida Shtaynmayer va kansler Olaf Shols bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqiladi, xalqaro kun tartibining turli jihatlari yuzasidan fikr almashiladi.

Germaniyaning yetakchi kompaniyalari bilan innovatsion-texnologik sheriklikni kengaytirishga qaratilgan istiqbolli loyiha va dasturlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratiladi. Shu maqsadda davlat rahbari ushbu mamlakat biznesining yetakchilari bilan alohida uchrashuv o‘tkazadi.

Tashrif chog‘ida Jeyms Simons galereyasida “O‘zbekistonning arxeologik xazinalari. Makedoniyalik Iskandardan Kushonlar imperiyasigacha” nomli ko‘rgazmaning ochilishi ham rejalashtirilgan.