28-aprel kuni Buxoro shahridagi avtoservis ustaxonasida gaz balloni yorildi, deb xabar bermoqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati.

Soat 16:15 da viloyat FVBga Buxoro shahri “G‘afur G‘ulom” MFY Ibn Sino ko‘chasi yo‘l yoqasida joylashgan “Sharof gaz servis” MCHJga qarashli avtomobillarga gaz ballonlarini o‘rnatish va texnik xizmat ko‘rsatish ustaxonasida maishiy gaz balloni yorilgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan.

Holat yuzasidan voqea joyiga 2 ta yong‘in-qutqaruv avtoekipaji jalb qilingan. Shifokorlarning dastlabki tashxisiga ko‘ra, 2 fuqaro (1985 va 1986-yillarda tug‘ilgan) 90−95 foiz kuyish tan jarohati olib, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali kuyish bo‘limiga yotqizilgan. Hozirda ahvoli og‘ir.

Voqea sababi o‘rganilganda xizmat ko‘rsatish ustaxonasida hajmi 50 litrli suyultirilgan maishiy gaz ballonini ta’mirlash jarayonida ballon yorilib, ustaxonaning eshik va derazalarining sinib, shikastlanishiga olib kelgani ma’lum bo‘ldi.