7-aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda OLX.uz onlayn savdo platformasi orqali Toshkent shahri 250 milliard dollarga sotuvga qo‘yilgani haqida e’lon tarqalgandi. Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi e’lonni joylashtirgan foydalanuvchining shaxsiga aniqlik kiritdi.

Ushbu e’lonni qo‘ygan foydalanuvchi Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi fuqaro ekani aniqlangan. Biroq tarmoqqa e’lonni uning 8-sinfda o‘qiydigan o‘g‘li joylashtirgan.

olx.uz, киберхавфсизлик markazi, тошкент shahri

“Men bunday e’lonni ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rgandim. Uni Toshkentga moslashtirib, hazil sifatida qo‘yganman. Lekin uni negativ uchun tarqatmagandim, pozitiv narsa qilmoqchi edim. Nima ish qilib qo‘yganimni tushundim, qilgan ishimdan afsusdaman”, — dedi o‘smir.

O‘quvchining ota-onasi, o‘qituvchilari va maktab rahbariyati uning xulq-atvori hamda dars mashg‘ulotlaridagi ishtirokini ijobiy tavsiflagan.

OLX.uz bosh direktori Doniyorbek Turg‘unovning so‘zlariga ko‘ra, mutaxassislar tomonidan Toshkent shahri sotilishi haqidagi e’lon bir necha daqiqadan so‘ng bloklangan.

“IT texnologiyalar rivojlanmoqda, yoshlar kompyuter texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha ota-onalaridan o‘zib ketishdi. Biroq „bu yutuqlar ezgulikka, vatanni pullash emas, uning gullab-yashnashiga hissa qo‘shishga xizmat qilsa“, yaratilayotgan sharoitlarga „munosib javob bergan“ bo‘lamiz”, — deyiladi Kiberxavfsizlik markazi xabarida.

Holat yuzasidan o‘rganish ishlari davom etmoqda.