O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarovni qabul qildi.

Davlat rahbari matbuot xizmatining xabar qilishicha, muloqotda diniy-ma’rifiy yo‘nalishlarda, buyuk ajdodlarimiz ilmiy merosini o‘rganish va xalqimizga yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar sarhisob qilindi.

“Bugungi tahlikali dunyoda xalqimiz, ayniqsa, yoshlarga islom mohiyatini to‘g‘ri tushuntirib berish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish har qachongidan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois yurtimizda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, diniy ta’lim sifatini yanada oshirish, ushbu yo‘nalishdagi ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganib, yurtimizdagi diniy ta’lim muassasalari faoliyatiga tatbiq etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Prezident jamiyatda diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlash, fuqarolarning vijdon erkinligini kafolatlash bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.