Jami 10 ta davlatning 200 dan ortiq fuqarosi Sudandan evakuatsiya qilingandan so‘ng 26-aprel kuni Saudiya Arabistonining Jidda shahriga yetib keldi, deya xabar berdi Al Arabiya nashri Saudi Press Agency (SPA)ga tayanib.

Ta’kidlanishicha, Saudiya Arabistoni ko‘magi bilan Sudandan evakuatsiya qilinganlar orasida Rossiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, AQSh, O‘zbekiston (ularning shaxsi haqida ma’lumot berilmagan), Yaman, Singapur, Kambodja, Malayziya va Pokiston fuqarolari bor.

SPA ma’lumotlariga ko‘ra, barcha — 203 nafar evakuatsiya qilinganlar HMS Abha kemasi orqali keltirilgan, qirollik “ularning o‘z mamlakatlariga jo‘nab ketishiga tayyorgarlik ko‘rish uchun barcha zaruriy ehtiyojlarni ta’minlab beradi”.

Evakuatsiya ishlari boshlanganidan beri Sudandan olib kelinganlarning umumiy soni taxminan 2351 kishini tashkil etadi, shundan 119 nafari Saudiya Arabistoni fuqarosi va 2232 nafari 67 ta davlat vakillaridir.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, Sudanda 15-aprelda boshlangan mojaro tufayli kamida 459 kishi halok bo‘lgan, 4000 dan ortiq kishi jarohatlangan. Qurolli kuchlar boshlig‘i Abdel Fattoh al-Burhonga sodiq qo‘shinlar va uning raqibiga aylangan o‘rinbosari, Tezkor qo‘llab-quvvatlash kuchlariga (RSF) qo‘mondonlik qiluvchi Muhammad Hamdan Daglo o‘rtasida janglar bo‘lib o‘tmoqda.