Toshkentdagi Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetida 25-aprel kuni AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamkorligida Yer kuniga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. Bu haqda “Gazeta.uz” muxbiri Mirolim Isajonov xabar bermoqda.

Unda AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik, USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Mikaela Meredit, universitet rektori Munira Aminova ishtirok etib, “Global darajada o‘yla, mahalliy darajada harakat qil” mavzusidagi ekologik g‘oyalar tanlovi g‘oliblarini taqdirladi.

Tadbirda nutq so‘zlagan AQSh elchisi Jonatan Henikka ko‘ra, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va tabiatni asrash faqat hukumatlarning ishi emas. Bu borada barcha tashkilot va fuqarolar birgalikda harakat qilishi zarur.

“Menimcha, Toshkentda havo sifati yomonlashgani hech biringiz uchun ajablanarli emas. Qish va yoz fasllari borgan sari keskinlashayotganini ko‘ryapmiz. Qish sovuqroq, yoz issiqroq bo‘lyapti. Bu esa, bilasiz, atrof-muhitga yetkazilayotgan zarar oqibatidir. Tabiat va yerni himoya qilish uchun barchamiz birgalikda va ko‘proq harakat qilishimiz kerak. Biz O‘zbekiston hukumati bilan iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va unga moslashish bo‘yicha yaqin hamkorlikda ishlar olib boryapmiz. Ammo bu borada faqat hukumatlarning chora-tadbirlar ko‘rishi yoki kurashishi yetarli emas, albatta. Atrof-muhitga g‘amxo‘rlik qilish uchun har birimiz ko‘proq harakat va namunali ishlar qilishimiz kerak”, — dedi u.

Jonatan Henikning qayd etishicha, har bir fuqaro atrof-muhitni asrashga o‘z hissasini qo‘shishi kerak. Elchining o‘zi second-hand kiyimlar sotib olishini ta’kidladi.

“Biz nafaqat Yer kunida, balki har kuni tabiatni asrash uchun namunali ishlarni qilishimiz lozim. Misol uchun, o‘zim deyarli barcha kiyimlarimni second-hand`dan (foydalanilgan kiyimlar nazarda tutilmokda — tahr.) xarid qilaman, bu odatga aylangan. Ya’ni Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi kiyim-kechak do‘konlaridan foydalanaman. Sizlar bundan ham ko‘proq narsalarni qila olasiz. Masalan, chiroqlarni, konditsioner va boshqa isitish texnikalaridan foydalanishda elektr energiyani tejashingiz, mahalliy tabiiy mahsulotlarni iste’mol qilishingiz mumkin. Shu orqali tabiatni asrashga hissa qo‘shgan bo‘lasiz”, — dedi elchi.