O‘zbekistonda yoshlar 2021-yil 1-maydan buyon 14 102 ta yuqori natijali xorijiy til sertifikatini qo‘lga kiritgan. Yoshlar ishlari agentligi ushbu sertifikatlar ro‘yxatini e’lon qildi.

Tahlillarga ko‘ra, yoshlar jami 18 turdagi xalqaro imtihon tizimlaridan 15 turdagisi uchun kompensatsiya so‘rab ariza qoldirgan. Ularning eng ko‘pi ingliz tilini bilish darajasini aniqlaydigan IELTS sertifikatlaridir. Tartibga ko‘ra, agar 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslar IELTS`da 7 balldan yuqori to‘plasa, ularning imtihon uchun qilgan to‘lovlari to‘liq qaytarib beriladi (bunday kompensatsiya talabgorlarga faqat bir marta to‘lanadi).

kompensatsiya

Yoshlar ishlari agentligi 2021-yildan buyon 24,4 mlrd so‘m imtihon xarajatlari uchun kompensatsiya to‘lab bergan.

Imtihon topshiruvchilar ushbu 18 ta xalqaro imtihon tizimida yuqori natijaga erishgan bo‘lsagina, ularning imtihon topshirish uchun to‘lagan puli qaytarib beriladi. Yoshlar imtihon xarajatlarini “Xazna” ilovasi orqali kompensatsiya qilib qaytarib olishlari mumkin.