Mahmadali Asqarovni haqli ravishda Toshkent hayvonot bog‘ining oqsoqoli deb atash mumkin. U bu yerda 62 yil ishlagan. 1958-yil oktabr oyida u “Tuyoqlilar” bo‘limiga chorvachilik bo‘yicha mutaxassis bo‘lib ishga kirdi va to‘qqiz yildan so‘ng bo‘lim boshlig‘i bo‘ldi.

Asqarovning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha paytda hayvonot bog‘ida 21 turdan ortiq yovvoyi tuyoqlilar yashagan va muassasa shahar markazida — hozirgi Ekopark o‘rnida joylashgan edi. Jonzotlar orasida lamalar, morxo‘rlar, arharlar, jayronlar, bug‘ular, ohular, bizonlar, hind buyvollari, zebralar va Prjevalskiy otlari bor edi.

Toshkent hayvonot bog‘i arxividan.Toshkent hayvonot bog‘i arxividan.

Eski hayvonot bog‘ining hududi atigi 3,5 gektar edi. Undan ikki gektarini xomg‘ishtdan qurilgan qafaslar egallagan. Qafaslar ichida joy juda kam edi. Hayvonlar zich yashar, lekin shunda ham hayvonot bog‘ida jonzotlar soni ko‘payib boravergan va xodimlar bundan faxrlanardi.

Zilzila bo‘lgan kuni Mahmadali Rahbarovich har doimgidek ertalab soat olti yarimda ishga keldi. Hayvonot bog‘ida uni direktor, qorovullar va tungi smenaning bir necha ishchilari kutib oldi. Avvalo, barcha xodimlar to‘siqlarni tekshirish va hayvonlarning holatini tekshirish uchun yuborildi. Asqarov o‘z bo‘limiga borib, hayvonlar o‘zini boshqacha tutayotganini payqadi.

“Ohular, lamalar va bug‘ular o‘z qo‘ralarida to‘planib, bir-biriga jipslashib turardi. Ko‘rinishidan, ular qo‘rqib qolgan edi. Voqea sodir bo‘lganidan so‘ng ikki-uch kun chamasi ular qo‘rg‘onning ichkarisiga kirishga qo‘rqib, tashqarida qolishdi, — deya eslaydi Mahmadali Rahbarovich. — Yaxshiyamki, hech kim jabrlanmadi. Hayvonlar zilzilani oldindan bilib, ochiq havoga yugurishgan”.

Toshkent hayvonot bog‘i arxividan.Toshkent hayvonot bog‘i arxividan.

Asqarov o‘z bo‘limini ko‘zdan kechirgach, boshqa xodimlarga yordam berishga shoshildi. Hudud kichik bo‘lganligi sababli, ishchilar uni tezda aylanib chiqishdi va yengil nafas olishdi — hayvonot bog‘i zilziladan talofat ko‘rmadi.

Korpuslarning konstruksiyalari va texnik holati saqlanib qoldi. Hech qanday qulashlar va kuchli vayronagarchiliklar bo‘lmadi, faqat juda eski binolar va to‘siqlarda yoriqlar paydo bo‘ldi. Ushbu zararlarning aksariyati oziq-ovqat ombori binosi va fillar hamda baliqlar bo‘limlarida bo‘lgan.

“Afsuski, kichik akvarium baliqlarining bir qismi zilzila paytida nobud bo‘ldi, — deya eslaydi Mahmadali Asqarov. — Bizdagi akvariumlar uchta javonda turardi. Yuqoridagilar qulab, sinib ketdi. Pastki akvarium yorilib ketdi, lekin suvning hammasi ham oqib ketmadi va baliqlar saqlab qolindi”.

Hayvonot bog‘i direktori Isxoqov bolalar o‘rtasida gaplashuvchi to‘tiqush ko‘tarib turibdi, 1949-yil. Illyustrativ foto: “Pisma o Tashkente” loyihasi.Hayvonot bog‘i direktori Isxoqov bolalar o‘rtasida gaplashuvchi to‘tiqush ko‘tarib turibdi, 1949-yil. Illyustrativ foto: “Pisma o Tashkente” loyihasi.

Hayvonot bog‘i rahbariyati zilzila oqibatlarini bartaraf etish rejasini ishlab chiqishi kerak bo‘lgan ishchi komissiyani tuzdi. Voqea joyiga Moskva hayvonot bog‘i va Toshkent shahar Madaniyat ishlari boshqarmasi vakillari ham yetib keldi. Ta’mirlash uchun mablag‘ ajratib, 15−20 ga yaqin ishchi bilan ajratishdi. Ishchilar o‘z hududiga ishning borishini nazorat qilib turishi uchun bo‘lim boshliqlariga biriktirildi.

“Hayvonlarni kuzatish uchun har bir bo‘limdan bir kishi qoldirildi. Tunda hayvonot bog‘i jonzotlari, ayniqsa, baliqchi qushlar va tovuslar har qanday shovqin va takroriy zilzilalarga reaksiya bildirardi. Ularning qichqirig‘i butun hayvonot bog‘ini tutib ketardi. Kunduzi odamlar qurshovida hayvonlar o‘zini xotirjam tutishardi”, — deydi Asqarov.

Bir voler ta’mirlanayotganida undagi barcha jonzotlar vaqtincha boshqasiga ko‘chirilgan. Nasl qoldirishi kutilayotgan hayvonlar uchun esa maxsus joy ajratilgan.

Mahmadali Rahbarovichning so‘zlariga ko‘ra, zilziladan keyin hayvonot bog‘ining qayta tiklanishi xuddi har yillik ta’mirlash ishlariga o‘xshardi. Ular asosan devor va tomlardagi yoriqlarni yamashgan. Qushlar va primatlar joylashgan qafaslarni ta’mirlashga ehtiyoj ham tug‘ilmagan — ular zilziladan zarar ko‘rmagandi.

Tiklash ishlarida barcha xodimlar, jumladan bog‘ direktori ham qatnashgan. Ertalab soat 11 dan tushlikgacha ular ta’mirlash bilan band bo‘lsa, qolgan vaqt kundalik vazifalari bilan shug‘ullangan. Ishlar bir haftada tamomlangan. 1-may bayramiga qadar zarar ko‘rgan barcha qafaslar tartibga keltirilgan.

Mahmadali Asqarovning aytishicha, zilzila oqibatlariga qaramay, hayvonot bog‘i o‘z ishini davom ettirgan va har kuni tashrif buyuruvchilarni qabul qilgan. Ittifoqning boshqa respublikalaridan Toshkentni tiklash uchun kelgan mehmonlar ham hayvonot dunyosi vakillarini tomosha qilish uchun bog‘ga muntazam tashrif buyurib turgan.