Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda 3 yashar qizning o‘limi holati yuzasidan tarqalgan videomurojaat yuzasidan munosabat bildirdi.

25-aprel kuni 1996-yilda tug‘ilgan D.U. Sergeli tumani IIOga ariza bilan murojaat qilgan. Unda sinfdoshi — 1996-yilda tug‘ilgan Sh. N.ga 2020-yilda tug‘ilgan farzandi S.U.ni enagalik qilishi uchun topshirganini, lekin bolasi uning xonadonida vafot etganini ma’lum qilgan.

Tekshiruv jarayonida Sh. N. qiz 24-aprelda yerto‘laga tushish zinasidan yiqilib tushganini, lekin o‘rnidan turib, yana o‘ynab ketgani sababli uning onasiga bu haqda xabar bermaganini aytgan. Ayol shifokorlarga bolaga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun murojaat ham qilmagan.

25-aprel kuni taxminan soat 10:00 atrofida esa S.U. xushidan ketib yiqilgan va tez tibbiy yordam xodimlari kelguniga qadar vafot etgan. Marhumaning o‘lim sababini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlandi.

Holat yuzasidan tuman IIO FMB tomonidan Jinoyat kodeksining 117-moddasi (Xavf ostida qoldirish) bilan jinoyat ishi ko‘zg‘atilgan. Gumon qilinuvchi Sh. N. protsessual tartibda ushlangan. Hozirda tergov davom etmoqda, deyiladi xabarda.