“6771 ta ovoz bilan birinchi marta Setagaya okrugi deputatligiga saylandim. Hammaga rahmat. Bugun Setagaya palatasi idorasiga g‘oliblik sertifikatini qabul qilish uchun boraman. Sevimli Yaponiyamni Setagaya okrugi orqali o‘zgartiraman”.

Asli o‘zbekistonlik Orzugul Boboxo‘jayeva 24-aprel kuni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida shunday xabar qoldirdi. Jamoatchilik uni g‘alaba bilan tabriklab, “Yaponiyada deputatlikka saylangan ilk o‘zbekistonlik” deya e’tirof etmoqda.

“Gazeta.uz” Orzugul Boboxo‘jayeva saylovoldi tashviqoti doirasida ochgan shaxsiy saytidagi ma’lumotlar asosida uning qisqacha tarjimai holini bayon qiladi.

Orzugul 1985-yili Toshkentda tug‘ilgan

13 yoshida xiragana (yapon alifbosi)ni ko‘rib, uni “bir ko‘rishda sevib qolgan” va, shaxsiy saytida ta’kidlanishicha, 14 yoshidayoq Toshkent davlat sharqshunoslik institutining yapon yo‘nalishiga o‘qishga kirgan.

Orzugul Boboxo‘jayeva onasi va singlisi bilan. Foto: Orzugul.comOrzugul Boboxo‘jayeva onasi va singlisi bilan. Foto: Orzugul.com

Ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lumotlarga ko‘ra, u 1948−1952-yillarda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri hisoblangan Abdusamad Boboxo‘jayevning nevarasi (Boboxo‘jayev BMT minbariga chiqib nutq so‘zlagan ilk o‘zbekistonlik sifatida ko‘rsatiladi). Shunga qaramay, Orzugul Boboxo‘jayevaning bolaligi yengil kechmagan.

U va singillari yolg‘iz ona tomonidan tarbiyalangan. U hayotining bu davrini “Yolg‘iz ona oilasida” va “Kambag‘allik tajribasi” deb ta’riflaydi.

“14 yoshimda, talaba edim, kunduzi o‘qib, tunda mehmonxonada ham mehmonlarni ro‘yxatga oluvchi administrator, ham yapon tili tarjimoni bo‘lib ishlardim. Gid sifatida ishlay boshlaganimdan keyin moddiy ahvolimiz o‘nglanib, hammasi yaxshi bo‘lib ketdi”, deb yozadi u.

Foto: Orzugul.comFoto: Orzugul.com

Ta’kidlashicha, Yaponiya bilan favqulodda yaqinlashuv ham aynan gidlik faoliyati sabab yuz bergan. “Yaponiyani shunchalik yaxshi ko‘rardimki, jim turolmasdim. Vazifam O‘zbekistonga kelgan yapon sayyohlarini kutib olish va ularni mamlakatning diqqatga sazovor joylariga olib borishdan iborat edi. Juda zo‘r ish edi”, — deydi u.

Orzugul 21 yoshida Yaponiyaga yo‘l olgan

Bu ham uning hayotidagi oson bo‘lmagan davrlardan biri hisoblanadi — Yaponiyada ishga topguniga qadar 53 ta joyga suhbatga borgan. “Darajam yangi bitiruvchilarniki bilan bir xil bo‘lsa-da, aynan yapon universitetining bitiruvchisi bo‘lmaganim bois ko‘p joyda meni qaytarishgan”, — deydi Orzugul. Oxiri 54-kompaniya uni ishga olgan, bu logistika sohasidagi yirik shirkat edi.

Foto: Orzugul.comFoto: Orzugul.com

Boboxo‘jayeva keyinchalik o‘z kompaniyasiga asos solgan — bu kompaniya Yaponiyaga vino import qilish bilan shug‘ullanardi. Jumladan, ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lumotlarga ko‘ra, u O‘zbekiston vino mahsulotlarining Yaponiyaga eksportini ham tashkil etgan. Umuman, Boboxo‘jayeva shu vaqtgacha o‘zbek matbuotida 2018-yili Toshkentda o‘tkazilgan “Vino san’ati” festivali bahona tilga olingan edi.

Orzugul Boboxo‘jayeva yapon mediasida ham o‘ziga yarasha taniqli. Xususan, R1 yogurt brendining reklamasida chiqish qilgan: unda O‘zbekiston tilga olinadi va isiriq ko‘rsatiladi.

U turmush o‘rtog‘ining mehnat faoliyati sabab ma’lum muddat Rossiyada ham yashagan. Keyinchalik Yaponiyaga qaytib, restoran biznesini boshlagan. Shaxsiy saytidagi ma’lumotlardan uning “qaynonali qarqara kelin” va qo‘li shirin pazanda ekanini ham bilish mumkin.

Orzugul Boboxo‘jayevaning saylovoldi dasturida nimalar ko‘zda tutilgan?

Uning Yaponiyadagi qiyinchiliklari ishga kirishda 54 ta joyga suhbatga borgani bilan cheklanmagan. Rossiyadan qaytib, restoran ochmoqchi bo‘lganida yapon emasligi va boz ustiga ayol ekani sabab aksariyat bino egalari unga ijaraga joy berishdan bosh tortadi. “Yonimda erim bo‘lmasa, nafaqat biznes uchun yer, balki yashash uchun uy ham ijaraga ololmadim”, — deydi u.

Foto: Orzugul.comFoto: Orzugul.com

U o‘zbekona atlas ko‘ylaklarini kiyib, saylovoldi targ‘ibotiga kirisharkan, o‘z blogida shunday deb yozgandi: “Ozchilik ­- odamlarning his-tuyg‘ulari haqida qayg‘uradiganlardir. Chet ellik, ayol, frilanser, yakka tartibdagi tadbirkor va endi kompaniya egasi sifatida men Yaponiyada ko‘p qiyinchiliklarga duch keldim. Shuning uchun ham men turfa odamlarning his-tuyg‘ulariga yaqinlasha olaman, deb o‘ylayman”.

Orzugul aytgan “ozchilik” — avvalo chet elliklardir. “Tokioda 500 mingga yaqin, Setagayada esa 20 mingga yaqin chet el fuqarosi bor. Ularni ozchilik deyishadi, lekin ularning kuchli ishtirokini his qilmaysizmi?”, — deydi u.

Uning fikricha, Yaponiyada qiyinchiliklarni yengish yetarlicha og‘ir, mas’uliyati o‘z zimmasiga olishga tayyor odamlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi yo‘q, xotin-qizlar, yoshlar va chet elliklarga ayniqsa qiyin. Shu sababli ham u birinchi galda yangi tashabbuslarni bo‘g‘adigan “devorlar”ni yo‘q qilishga intilishini ta’kidlagan. Shuningdek, u Setagayani Yaponiyaga yangi kelganlar uchun bag‘rikenglik va toqatlilik makoniga aylantirish istagida.

Orzugul Boboxo‘jayevaning saylovoldi dasturida, shuningdek, uy va oila tashvishlari sabab jamiyat hayotidan uzilib qolgan ayollarni, farzandini yolg‘iz katta qilayotgan ota yoki onalarni, kam ta’minlangan (kambag‘al)larni, ozchilik vakillarini, shuningdek, o‘zini yolg‘iz his qilayotgan odamlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni bosimlardan himoya qilish masalalari ham bor edi.

Orzugul haqida odamlar nima deydi?

Yaponiyadagi vatandoshning siyosiy jabhadagi muvaffaqiyati ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentidagi ham xursandchilik bilan qarshi olindi. Facebook foydalanuvchilaridan biri tomonidan qoldirgan postni umumiy xulosa sifatida ko‘rsatish mumkin:

“O‘zbek muhojirlarining Yaponiyaga kelishi tarixi unchalik uzoq emas. Ammo eng birinchilardan bo‘lib kelgan opalarimiz, akalarimizning farzandlari allaqachon kap-katta bo‘lib qolgan. Hademay Angliyaning bosh vaziri, asli panjoblik Rishi Sunak kabi „o‘zbekistonlik endi Yaponiyada hokim bo‘libdi, bosh vazir bo‘libdi“ kabi yangiliklarni eshitib qolsak ne ajab”.