Rossiyaning o‘sha vaqtdagi eng ko‘zga ko‘ringan jurnalistlaridan biri, “Komsomolskaya pravda” gazetasi muxbiri Vasiliy Peskov 1966-yilning may oyida bir muddat Toshkentda bo‘lib, zilziladan vayron bo‘lgan shahar va boshpanasiz qolgan o‘n minglab odamlar haqida “Toshkentdagi ofat va jasorat” (“Drama i podvig Tashkenta”) sarlavhali katta reportaj tayyorlagan. Unda, aftidan, hech bir jihat e’tiborsiz qoldirilmagandek, zilziladan keyingi Toshkent va toshkentliklar ahvolini biror video yo fotosiz ham tasavvur qilish mumkin: shaharda vayronagarchiliklarga sababchi zilzilalar hali ham davom etayotgani, turli mish-mish va vahima keltirib chiqaruvchi boshqa tabiat hodisalari kuzatilayotgani, bu voqealar haqida respublika rahbari Sharof Rashidov qanday fikrdayu, zilziladan so‘ng O‘zbekistonning eng band kishisiga aylangan va har kuni hamshaharlarining: “Bugun tunda uyda uxlasak bo‘ladimi?”, degan navbatchi savoliga javob beruvchi olimi nima deydi — hammasi ko‘rsatib o‘tilgan. Ehtimol, shuning uchun ham oradan salkam 60 yil o‘tsa-da, ushbu material o‘z ahamiyatini yo‘qotmagandir.

Peskovning mazkur reportaji “Komsomolskaya pravda” gazetasida 1966-yil 15-may kuni bosilgan. 1966-yil 18-may kuni “Sovet O‘zbekistoni” gazetasida o‘zbek tilida berilgan. “Gazeta.uz” o‘sha tarjimani juz’iy tahrirlar bilan e’lon qiladi.

oktabr tumanidagi ko‘chalardan birida zilzila oqibatlarining bartaraf etilishi. Foto: “O‘zarxiv”oktabr tumanidagi ko‘chalardan birida zilzila oqibatlarining bartaraf etilishi. Foto: “O‘zarxiv”

“Allohning o‘zi bergandi, o‘zi oldi”

Men Toshkentga 8-may yakshanbaga o‘tar kechasi uchib keldim. Yerga qo‘nayotganimizda yo‘lovchilar oynalarga yopirilib qarashgach, xayriyat, deb nafas olishdi — pastda odatdagidek chiroqlar daryosi mavjlanardi. Aerodromdan mehmonxonaga borarkanman, yo‘lda yuz bergan ofat izlarini birdaniga payqolmadim. Shahar uyquda. Yam-yashil daraxtlarning, gullarning, yangi yopilgan non, benzinning hidi shaharda sezilib turibdi va hali bu yerliklar ko‘nikmagan chang-tuproqning hidi ham sezilib turibdi.

Ko‘chalardan birida avtomobil chiroqlari brezent chodirning yonini yoritib qoldi. O‘tgani yo‘l yo‘q. Asfaltda ikki qator chodir tikilgan. Uxlayotgan kishilarning xurragi va bedor kishilarning ohista gaplashayotganliklari tashvish yo‘qligidan darak berardi. Bamisoli sayohatchilar shaharning o‘rtasiga kelishganida tun pardasini yoygan-u, ular uzoq o‘ylab o‘tirmay mana shu qatnaladigan ko‘chani lager qilib olishganga o‘xshardi. Chodirlardan birida kursida chiroq yiltirib turibdi. Sersoqol o‘zbek — aftidan, nevarasi bilan bo‘lsa kerak — chiroq yorug‘ida kitob o‘qirdi. Kitobingizni ko‘ray deb so‘radim. Qariya qora charm muqovali Qur’onni menga do‘stona uzatdi. Student yigit darslikni mutolaa qilardi.

Patrul — yenglariga qizil bog‘lagan bir qiz va uch yigit yaqin kelib so‘rashdi.

— Siz kim bo‘lasiz, o‘rtoq?..

Uyingizni ko‘rsating, deb iltimos qildim. Qariya chiroqni ko‘tarib, loysuvoq devor tomon boshlab ketdi. Darzlari taram-taram bo‘lib ketgan devor qo‘l tegishi bilan qimirlardi.

— Allohning o‘zi bergan edi — o‘zi oldi, — dedi qariya.

Chiroq shu’lasi bir tomonidagi devori qulab ketgan xonaga tushdi. Shipdagi yorilib ketgan darzdan yulduzlar ko‘rinardi.

— Men mana shu yerda uxlab yotgandim, — dedi student yigit, — omon qolganimga o‘zim ham hayronman. Pech karavotning yonginasiga qulab tushdi…

Chodir tikilmagan ko‘chalar kamdan-kam uchrardi.

Zilzila bilan tanishuv

Yotishdan oldin men odatdagidek yon daftarimga ertaga qiladigan ishlarimni yozib, quyidagi so‘zlarning ostiga chizib qo‘ydim: “Zilzila qanday bo‘lganini imkoni boricha ko‘proq kishilardan bilmoq kerak”.

Mening vazifamni tabiatning o‘zi osonlashtirdi. Endi men zilzila qanday bo‘lishini o‘zim ham ayta olaman… Kimdir meni ehtiyotsizlik bilan turtib uyg‘otib yuborgandek tuyg‘uda uyg‘onib ketdim. Chiroqni yoqib, hayron bo‘lganimcha kitobni varaqlay boshladim. Soatning mili uchdan oshganligini ko‘rsatardi… Bundan keyingi voqeani hech qachon unutmasam kerak. Uy tebranib, qimirlab ketdi. Shkafda fotoapparat bilan turgan sumka bir chekkaga surilib ketdi. Men deraza tokchasiga sakrab chiqib, shipga qaradim. Uy sakrab turgan bo‘lsa ham, negadir ship tushib ketmasdi. Qandaydir shovqin-suron olisdan kelgandek, yuqorida esa g‘alati, kishi odatlanmagan suvoqlarning ko‘chishi sadosi. Bamisoli bir qutida o‘tiribsan-u, ikki yoningda va pastda kimdir qattiq zarb bilan tepib yuborganga o‘xshardi. Besh yoki olti sekund titrab turdi. Kiraverishdagi eshikda oynak singani eshitildi. Keyin sokinlik.

— Lina, qochib qol!

Men eshitgan birinchi ovoz shu bo‘ldi. Tungi posbon mehmonxonaning oldida turib, ma’muriy xodim Linani chaqirardi. Shundan keyin men it huriganini eshitdim. Mingtami, o‘n mingtami it birdaniga uv tortdi. Har tarafdan kishining yuragiga vahm soladigan it ulishi. Shundan keyin odamlarning g‘ala-g‘ovuri. Bir million odam birdaniga yotgan o‘rnida turib, ko‘chaga chiqdi. Komandirovkaga kelgan erlar va ayollar ichki ko‘ylaklarining ustidan yelkalariga plashch, pidjaklarini tashlab, poyabzallarini oyoqlariga quruq ilib, tungi ayozdan junjikib turadilar, ular uyga kirgani yuraklari betlamay depsinib turardilar.

Zilzila vaqtida buzilib ketgan uy. Foto: “O‘zarxiv”Zilzila vaqtida buzilib ketgan uy. Foto: “O‘zarxiv”

Ertalab tunda olti ball zilzila bo‘lganligi, bu 26-apreldagi zilziladan keyin ikkinchi kuchli yer qimirlashi ekanligi aniqlandi. Bu tunda hech qanday qurbon bo‘lmadi, lekin shahar shikastlandi. Boshpanasiz qolgan kishilar yoniga yana o‘n ikki ming kishi qo‘shildi. “Tez yordam” punktiga yuzdan ko‘proq yarador, shikast ko‘rgan kishilar olib kelindi.

8 va 9-may kunlari men shaharni piyoda aylanib chiqdim. Umumiy taassurot shuki, shahar avvalgi me’yorini yo‘qotmagan, shahar qattiq shikastlangan, asosan bir qavatli loysuvoq qilingan Toshkent shikastlangan; yangi, ko‘p qavatli Toshkent mutlaqo shikast ko‘rmagan.

Opera teatri yonidagi markazdan turib qarasang, hech narsa ro‘y bermaganga o‘xshaydi. Fontan oftobda jilolanib turibdi, avtobuslar va tramvaylar qatnayapti. Kichkinagina ot — poni qo‘shilgan aravaga tushgan bolalar o‘ynayapti. Ko‘chada odamlar shunchaki, bayram kunlarida qancha bo‘lsa, xuddi shuncha. Univermagning betondan qilingan binosining oynalari yarqirab turibdi. Olti qavatli “Toshkent” mehmonxonasining yonida barlari uzun kiyim kiygan afrikaliklar turib suhbat qilishmoqda. Ular savodsizlikni tugatish yuzasidan chaqirilgan simpoziumga uchib kelishgan. Biroq, shuni ham bilasanki, bu mehmonxona shahardagi mehmonxonalar o‘rtasida omon qolgan yagona mehmonxona. Bu mehmonxonaning ham yuqoridagi ikki qavatining ba’zi joylari darz ketganidan ana shu qavatdagi kishilarni ko‘chirishga to‘g‘ri keldi. Ammo, umuman olganda, ulkan uy zilzilaga bardosh berdi. Keyingi olti-sakkiz yil mobaynida qurilgan binolarning hammasi bardosh berdi. Zavodlarning trubalari ham turibdi. Hozirgi zamon uy-joylarining kvartallari ham shikastlanmay turibdi. Balandligi 195 metrli televizion vishkasi shikast ko‘rmay turibdi. Shunisi kulgiliki, bir qavatli radiostudiya uyi vayron bo‘lgan. Diktorlar avtobusdan eshittirish olib bormoqdalar.

“Xuddi frontdagidaqa”

Asosan bir qavatli loysuvoq qilingan Toshkent shikast ko‘rdi. Toshkentning to‘rtdan uch qismi ana shunday uylardan iborat ekanligini hisobga olganda ko‘rilgan zararning hisobiga ham darrov yetib bo‘lmaydi. Markazdagi omonat turgan uylardan barcha muassasalar boshqa joylarga ko‘chirildi. Shahar militsiyasi chodirlarga joylashtirildi. Chodirlarning tepasiga: “Militsiya boshlig‘i”, “xozchast”, “tergovchi” deb yozib qo‘yilgan. Chodirlarda mashinkalar chiqillayapti, telefonlar jiringlayapti. “Tez yordam” punkti ham chodirlarda. Qulab ketgan joyda shikast ko‘rgan kishiga vrach qiz o‘sha yerdayoq daraxt ostida yordam ko‘rsatadi.

— Qani, azizim, picha chidab tur, chidab tur…

Erkak kishi tishini tishiga qo‘yib yaralangan yelkasini o‘girib turibdi. Men bilan birga bu manzarani ko‘rib turgan keksa bir o‘zbek kishi xo‘rsinib deydi:

— Xuddi frontdagidaqa…

Uy-joy kvartallari hammadan ko‘p shikastlandi. Agar istasangiz, bu yerda omon qolgan uyni topolmaysiz. Tor ko‘chalardan avtomobillar yurgizilmay qo‘yildi. Darz ketgan devorlar, loysuvoq devorlar va shiplar qadam ham qimirlaydi. Uylar bir-biriga xuddi qaldirg‘och uyasidek qalashtirib ketilgan. Agar yer qimirlaganida aqalli yarim ball ortiq bo‘lganida ham mana bu uylar o‘n sekund ichida kunfayakun bo‘lib ketib, qurbon bo‘lgan kishilarning hisobiga yetib bo‘lmasdi. Baxtimizga bu uylar qulamagan, lekin ulardan har biriga: “yaqinlashmang, qulab ketadigan uy” deb yozib qo‘yilgan. Xom g‘ishtning uyumi, qulab tushgan trubalar, pechlar, yiqilib tushgan devorlar… Ayrim joylarda “yaqinlashmang…” deb yozib qo‘yilgan uylar butun bir kvartalda bor. Davom etayotgan tebranishlar vayrona yoniga vayrona qo‘shyapti. Qashqar rayoni buldozer bilan bir yerga to‘plab, tashqariga chiqarib tashlashga yaraydi, xolos. Men bu yerga devorlari nurab ketgan ko‘chalardan zo‘rg‘a yo‘l topdim.

Foto: G. Zelma / “O‘zarxiv”Foto: G. Zelma / “O‘zarxiv”

Statistika shunday deyapti: yigirma sakkiz mingdan ko‘proq uy shikastlandi. Bulardan — shikastlangan uylardan ikki yuzdan ko‘prog‘i bolalar muassasalari, ikki yuzdan ko‘prog‘i — kasalxonalar, meditsina punktlari va poliklinikalar. Bir yuz sakson o‘quv yurti binosiz qoldi. Lekin, bular alam qilmaydi. Yuraging kichkina xonalar oldida achishadi. Mana, bir ona devorlarga tegib ketishga qo‘rqib, vayronadan idish to‘la yashchikni tashib chiqmoqda. Uning yonida qadam qo‘ygan o‘g‘ilchasiga qarab haligi ayol qichqiradi:

— Yaqin kelma, yaqin kelma!..

— Axir, siz ham biror narsa deb qo‘ying… — bu gap menga — notanish kishiga qarata aytilgan.

Boshpanasiz qolgan kishiga nima ham deb bo‘lardi? Agar u yolg‘iz bo‘lganida, uni ovutish osonroq edi. Hozir bu ko‘pga kelgan falokat. Hammani ovuntiradigan narsa ham bitta: “Hamma omonmi? Uyga achinmayoq qo‘yaqol. Oradan ikki-uch yil o‘tar-ketar — yangi Toshkent bo‘ladi. Har tomondan yordam kelyapti…”

— Axir, bu tebranishlar nahotki tinchimasa? Uxlolmayapman, bolam ham uxlolmayapti… — ayol bolaning qo‘lidan yetaklab, chodirga kiradi. U yerdan bo‘lsa, idish singani eshitiladi…

Chodirlar shahri

Chodirlar, chodirlar. Parklarda butun-butun chodirdan qurilgan shaharchalar. Ko‘chalarda chodirlardan yangi ko‘chalar. O‘n mingdan ziyodroq chodir “uylar”. Magazin ham chodirda. Oshxona ham shu yerda — ochiq yerda katta qozonda sho‘rva qaynayapti, palov damlanayotir. Kichkina bola bolalar velosipedini minib olgan. Student qiz sanitar sumkasi bilan kursida o‘tirib, vaqt topganida leksiya yozilgan daftarini o‘qiydi. Chodirlardan birining yonida samovar qaynab turibdi. Siniq taxta ustida domino ovozi eshitiladi. Bir qancha telegrammani qo‘liga ushlab olgan o‘quvchi qiz “17-uy” kerakligini aytib, izlaydi. Studentlar mashinalarga ro‘zg‘orga zarur bo‘lgan buyumlarni ortishga ko‘maklashmoqdalar.

Chodirlar shaharchasi. Foto: A. Varfolomeyev / “O‘zarxiv”Chodirlar shaharchasi. Foto: A. Varfolomeyev / “O‘zarxiv”

Ko‘rilgan zarar va tashvishlar ulkan. Kishilar bu ofatga osoyishtalik bilan qarab turganliklari kishini hayron qoldiradi. Men qishloqda bo‘lgan yong‘inni ko‘rganman. Ustiga poxol yopilgan bitta kulba yonganida yig‘i-sig‘i, shovqin-suron, vahima ko‘tarilgan. Bu yerda bo‘lsa yuz mingdan ortiqroq kishi bir mahalda boshpanasiz qolibdi-yu, lekin tartibsizlik va vahimaning izi ham yo‘q. Vaholanki, shahar har kuni yer o‘n martalab, hatto bundan ham ortiqroq qimirlaganini sezib turibdi. Shahar o‘ziga xos odatiy me’yorni ham yo‘qotmadi. Barcha korxonalar ishlab turibdi. Teatrlarda spektakllar qo‘yilmoqda. Mo‘ljallangan futbol uchrashuvining hammasi bo‘lib o‘tdi. Birinchi May namoyishida g‘oyat odam ko‘p bo‘ldi. Lohutiy ko‘chasidagi chodirlardan birida men yosh kelin-kuyov bilan tanishib qoldim. Muhammad Narimonov bilan Lyuba Kolisnichenko endigina nikohdan o‘tib kelishgan ekan.

— Ehtimol, picha to‘xtab tursangiz bo‘larmidi?

Shunday savol berdim-u, o‘zim ham tilimni tishlab qoldim. Chunki qaytarilgan javob oddiy va dono edi:

— To‘xtab turish kerakmidi? Nega to‘xtab turish kerak? Axir, biz ilgari mo‘ljallab qo‘ygan edik. Agar biz hozir tinchib ketsak — boshqa vaqtda tag‘in ham yaxshiroq yashaymiz.

Men Baxt saroyida bo‘lganimda shunday ma’lumot berishdi: shu keyingi o‘n kunga tayinlab qo‘yilgan to‘ylarning hammasi bo‘lib o‘tibdi.

Falokat kishilarni ajratib yuborgani yo‘q. Baxtsizlik kishilarni birlashtirdi.

“Tentak, qanaqa bomba?! Zilzila bo‘lyapti!”

Falokat sodir bo‘lgan vaqt shahardagi barcha soatlarda chizib qo‘yilgan. Toshkentdagi soatlarning barchasi hozir bir vaqtni — 5:23 minutni ko‘rsatadi. Xuddi ana shu daqiqada birinchi zilzila ro‘y berdi. Barcha soatlar bir mahalda to‘xtab qoldi. Toshkentliklar ana shu soatlardan hech bo‘lmasa birortasini qahramonlik to‘g‘risidagi yodgorlik sifatida, shahar falokatni qanday kutib olganligining yodgorligi sifatida muzeyda asrab qolishlari kerak. “Bu qanday ro‘y berdi?”. Men bu savolni ko‘p kishilarga berib ko‘rdim. Mana, qaytarilgan, men yon daftarimga yozib olgan javoblar.

Sharof Rashidov (O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi sekretari): Yer qimirlaganida men turgan edim. Shahar chekkasida shafaq ko‘ringanga o‘xshadi. Hozircha bu aniqlangani yo‘q — ko‘ringan narsa yuqori voltli elektr simlarining bir-biriga tegib ketishi natijasida hosil bo‘lgan narsami yoki bunday yorug‘lik yerdagi hodisa bilan bog‘liqmi. Markaziy Komitet uyiga telefon qildim. Bu yerdan elektrik javob qaytardi: “Bino butun. Lekin, oltinchi qavatda uyoqdan-buyoqqa qarab rosa tebratdi, pastga qarab yugurdim…”. Men shaharga jo‘nadim. Vayronalarning son-sanog‘iga yetib bo‘lmasdi. Shahar bo‘ylab sanitar mashinalari g‘izillab o‘tib turardi, kimdir boshini sochiq bilan bog‘lab meditsina punktiga yugurardi. Qandaydir erkak kishi qo‘lida bola ko‘targancha yugurardi. Baxtimizga, keyin ma’lum bo‘lishicha, qurbonlar oz ekan. Sakkiz kishi halok bo‘ldi. Yarador bo‘lganlar ming kishidan ortiqroq. Transport yo‘llari, suv ta’minoti, elektr liniyasi sezilarli ravishda qattiq shikast ko‘rgani yo‘q. Ba’zi bir joylarda telefon simi uzilgan. Toshkentliklar iftixor bilan: vahima bo‘lgani yo‘q, deb ayta oladilar. Ehtimol, bir soat — bir yarim soat ichida odamlar o‘zini yo‘qotib qo‘ygandir, keyin bo‘lsa to‘la uyushqoqlik boshlandi. Tarix shunday voqealarni biladiki, kishilar vahimadan, tartibsizlikdan, talonchilikdan zilzilaga nisbatan ko‘proq azob tortishgan. Toshkent bunday narsalardan xolidir. Kishilarning hammasi ertalab ishga kelishdi. Ba’zi bir kishilar yetti kilometr joyga piyoda kelishdi, ayrimlari bolalarini qo‘llarida ko‘tarib kelishdi. Bir kishidan: “Uyda ahvol qalay?” deb so‘rasam: “Uy vayron bo‘ldi…”, deb javob qaytardi. Dastlabki soatlardayoq ofat qanchalik ekanligi ma’lum edi. Shaharni aylanib chiqqach, Moskvaga telefon qildim. O‘zingiz bilasiz, o‘sha kuniyoq Leonid Ilich Brejnev bilan Aleksey Nikolayevich Kosigin uchib kelishdi. Ular aerodromdanoq to‘g‘ri shaharni aylanib ko‘rgani ketishdi.

Valentina Zikova (“Tez yordam” vrachi): Ha, men to‘g‘rimda gazetada yozishgan. Rostini aytsam — qo‘rqoqman, lekin bu yerda qayerdan dadillik paydo bo‘lganini bilmayman. Axir bitta menmi? Qizlarimiz dispetcher xonasida telefon yonida boshlarini faner taxta bilan to‘sib o‘tirishdi. Biror kishi qochgani yo‘q. Vaholanki, ko‘plarining bolalari uyda qolgandi…

Zilziladan jabr ko‘rganlar uchun palatkalar shaharchasi. Foto: “O‘zarxiv”Zilziladan jabr ko‘rganlar uchun palatkalar shaharchasi. Foto: “O‘zarxiv”

Yuriy Krujilin (jurnalist): Tokchadan gultuvak yerga tushib ketganidan uyg‘ondim. Shkafdagi idishlar jaranglab, surilib ketardi. Uy tebranib titrab turardi. O‘g‘limni ko‘tarib, xotinimning qo‘lidan yetaklaganimcha pastga tushdim. Jurnalist, albatta, hamma yerda ham jurnalist. Atrofga nazar soldim. Bir yigit trusi kiyganicha akkardeoni bilan yugurib chiqdi. Qo‘shnimiz ichki ko‘ylakda, rezina poyabzalda turibdi. Hamma narsa joyiga kelgach, o‘g‘limni qariyalarnikiga olib borib, darhol redaksiyaga yugurdim. Transport ishlamasdi. Shahar ishga piyoda keldi. Redaksiyaga odatdagidek birinchi bo‘lib farroshlar kelishdi. Bu gal ular tashqariga qog‘oz va changdan tashqari ko‘chib ketgan shuvoqlarni ham olib chiqishdi.

Narimon Narimonov (ishchi-elektrik): Men bo‘ydoq yigitman. Trusida ko‘chaga yugurib chiqdim. Tirikmanmi? Tirikman! Uy o‘rtasidan yorilib ketdi. Bir balo qilarmiz, deb o‘yladim. Yangi bo‘lar. Bosh omon bo‘lsa, hammasi topiladi. Keyin qarasam, ish hazil qiladigan darajada emas. Kimdir devor orqasidan ingrayapti. Ikki daqiqadayoq kiyinib, “Ijak”ni yurguzdim, qo‘shnimiz kampirni “tez yordam”ga olib keldim. Keyin shahardan tashqariga ota-onalarimnikiga jo‘nadim. Ular omonmikin? Ular aqalli, hech narsa sezishmabdi. Hatto, uyqudan ham uyg‘onishmagan.

Yuriy Tursunqulov (militsioner): Men endigina smenadan kelib yotgan edim. Birdan shunday bo‘ldiki, go‘yo arava katta tosh yo‘lda ketayotganday edi. Shovqin-suron — bomba deb o‘yladim. Ro‘paradagi uydan bir kishi yugurib chiqdi. Men undan: “Bombami?”, deb so‘radim. So‘rasam: “Tentak, qanaqa bomba? Zilzila! Devordan nari qoch!”, — dedi. Lekin hamma narsa jim bo‘lib qoldi. Darhol gimnastyorkamni, etigimni kiydim-da, bo‘limga yugurdim. Ehtimol, sizga aytishgandir: butun militsiya yarim soatda jam bo‘ldi. Shaharning turli burchaklaridan yigitlar chopqillab kelishdi. Yugurib kelishdi-yu, o‘sha zahoti joylariga tarqalishdi. Bunday soatlarda har xil ish bo‘lishi mumkin.

Sulaymon Satiyev (jinoyat qidiruv bo‘limining boshlig‘i): Rostini aytsam, men endi toza ishimiz ko‘payadi, deb o‘yladim. Hazilmi: shaharda bir milliondan ortiq odam bor. Birovning boshiga falokat tushgan, birov uning baxtsizligi hisobiga boyishni istaydi. Mana faktlar: ana shu kunlar ichida jinoyat avvalgiga nisbatan besh baravar kamaydi. Besh baravar! Keling, birga tahlil qilib ko‘raylik: nega kamaydi? Ha, biz talonchilik va o‘g‘rilik uchun eng qattiq chora ko‘ramiz, deb aytdik. Bu ta’sir qildimi? Ehtimol, ta’sir qilgandir. Lekin bu masalaning bir qismi, negaki hamma vaqt ham qattiq jazo jinoyatning oldini olavermaydi. Bizga 2 ming komsomol tartib o‘rnatish uchun kurashda yordam bergani keldi. Bu — ulkan kuch. Lekin asosiy kuch boshqa yoqda. Ofat odamlarni jipslashtirdi. Men Toshkentni bilaman. Haq gap, ana shu o‘n kun ichida biz bir-birimizga yaqinroq bo‘lib qoldik. Mening yonginamda qo‘shni hovli bor. Odatda bu yerda tortishuvlar, bir-biriga shikoyatlar bo‘lar edi. Bundoq qarasam, qo‘shnini odeyalda “tez yordam”ga olib ketishdi, shikast ko‘rgan kishining bolalarini o‘z xonalariga olishibdi… Shaharda million odam bor. Ofat yuz berganda har biri kishi ana shular orasida o‘z joyini topib oldi. O‘zi to‘g‘risidagina, o‘zinigina g‘amini yegani yo‘q, “kishi kishiga o‘rtoq, do‘st va birodar”. 26-aprel kuni ertalab toshkentliklar birdan ko‘rishdiki, bu gaplar hayotimizda aytilgan bekorchi gaplar emas ekan.

Toshkentning eng ishi ko‘p odami

Hozir Toshkentda vaqti eng ziq, eng kam uxlaydigan, ishi ko‘p kishi kim desangiz, u — Valentin Ulomovdir. Bundan ikki hafta ilgari Valentin Ulomov degan odam borligini hech kim bilmasdi. U kichkinagina xonada o‘zining o‘ntacha xodimi bilan o‘tirib, Yerning tebranishini asboblar bilan o‘lchardi. Xalq xo‘jaligiga bu fan na go‘sht, na sut berardi. Bordi-yu, agar “Seysmostansiya” degan lavhali uy birdan yo‘qolib qolsa, shaharda hech kim buni sezmay ham qolardi. Dastlabki soatda ugina shaharga nima bo‘lganligini va nima kutilayotganligini ayta olardi. Toshkentga uchib kelgan Kosigin va Brejnev qatnashayotgan katta kengashda Ulomov eskirib qolgan va chiziqlari birgina uning o‘ziga tushunarli xaritani osib, sodir bo‘lgan voqeaning sababini yaxshilab tushuntirdi. Shu soatdan boshlab u kecha kunduzi fan bilan mashg‘ul bo‘lishdan tashqari, televideniyeda so‘zga chiqishga, jurnalistlarni qabul qilishga, to‘xtovsiz kelib turgan telefonlardan berilayotgan: “Bugun yer qimirlaydimi?”, “Uxlagani yotsak bo‘ladimi?” degan savollarga javob berishga majbur.

Men ham Ulomovning boshini yarim soatcha qotirdim. Mana, savollarga seysmologning javoblari: “Toshkentda har yili ham yer qimirlab turardi, lekin ko‘pincha buni asboblargina sezardi. Yerda yiliga bir million martagacha qimirlash bo‘lib turadi. Tekis joylarda yer qimirlamaydi, tog‘lardagina yer qimirlaydi. Moskvada-chi? Ha, 1940-yil noyabrida Moskvada to‘rt ball yer qimirlagan, lekin bu Karpat tog‘lari rayonidan kelgan yer qimirlash edi”.

“Toshkentda shunday kuchli zilzila bundan yuz yil muqaddam bo‘lgan edi. Bu gal shaharning qoq markazida yer qimirladi. Yetti yarim ballga to‘g‘ri keladigan zilzila vertikal yuqoriga yo‘nalgan edi. Bundan 18 yil muqaddam Ashxobodda yer kuchliroq qimirlagan edi. Shundan keyin gorizontal tebranishlar bo‘lgan edi. Farqi shunda. Ashxobod to‘la vayron bo‘ldi. Toshkent shikastlandi-yu, lekin bardosh berib qoldi”.

“Zilzila keltirgan zararmi? Hisoblab chiqishadi, albatta. 1923-yilda 8 sekund davomida bo‘lgan zilzila Yaponiyaga rus-yapon urushida ko‘rilgan zarardan ko‘ra besh martaba ko‘p zarar yetkazdi”.

Zilzilaning prognozlari to‘g‘risida gap orasida Ulomov dedi: “Yer qanchalik kuchli qimirlashini aytish mumkin, qayerda qimirlashini aytish mumkin. Qachon qimirlashini aytib bo‘lmaydi”.

Foto: R. Shamsutdinov / “O‘zarxiv”Foto: R. Shamsutdinov / “O‘zarxiv”

Tabiat yaratgan “seysmograf”

Men olimga yon daftarimga yozib olgan bir qancha yozuvlarni ko‘rsatib, o‘z fikrini aytishni so‘radim. Mana o‘sha yozuvlar.

Ashxoboddagi zilziladan ikki kun oldin mas’ul xodim yoniga keksa turkmanlar kelib: “Zilzila bo‘ladi”, — deyishibdi. “Qayerdan bilasiz?” — “Ilonlar va kaltakesaklar uyalaridan chiqib ketdi…”. Oradan ikki kun o‘tgach, zilzila bo‘ldi.

Mana, bundan uch yil avvalgi yozuv: “Poyezdda kupedagi qo‘shnim oilaviy fotografiyani topdi. Suratdagi kishilar orasida ovcharka itning surati bor. “Bu it xuddi odamga o‘xshaydi… — dedi qo‘shnim. — Biz xotinim bilan Ashxobodda ishlardik. O‘sha tunda uyga kech qaytdik. Tezda uxlayvermadik. Men qog‘ozlarni titkilardim. Xotinim kitob o‘qirdi. Qizim kolyaskada uxlardi. Birdan it o‘rnida turib, qizaloqning ko‘ylagini tishlab, eshik tomonga intildi. Ilgari bunday qilmasdi. Quturib qoldimi — aqldan ozdimi (?) deb o‘yladim! Miltiqni qo‘lga oldim. Xotinim bilan yugurib tashqariga chiqdik. Shu onda birdan hamma narsa yiqildi. Bizning ko‘z oldimizda butun shahar vayron bo‘ldi…”.

Yaqindagina yozib olingan bir qancha faktlar. “Sovetskaya torgovlya” gazetasining muxbiri Oleg Bichkov bunday dedi: “26-kuni men qandaydir noxush hissiyotdan uyg‘ondim: kimdir to‘shagimni tortardi, qarasam odeyal ostida mushuk bolalari. Ona mushuk tashib keltiribdi. Men mushukni nari surib, bolalarini ular hamisha bo‘ladigan joy — oshxonaga olib chiqdim. Endi qo‘limni yuvaman deb kran oldida turganimda bir narsa meni shunday itardiki, boshim kelib devorga tegdi…”.

Arkadiy Zabrovskiy (Nevskiy pereulkasidagi 12-uyda turadi) bunday deb aytdi: “Mening 40 ga yaqin har xil toifadagi kaptarlarim bor. Yer qimirlashidan yarim minut ilgari kaptarlar birdan shovqin bilan uyalaridan uchib chiqib, qorong‘ida tomga qo‘nishdi. Ilgari tunda hech bunaqa bo‘lmagan edi. Men nega bunday bo‘ldi ekan, deb o‘ylab turuvdim, birdan boshlandi… Endi yer ham qimirlashidan oldin kaptarlar galasi uchadi…”.

Ulomov hayron bo‘lib, yelkasini qisdi: “Men asboblargagina ishonaman”, lekin fakt — faktligiga rozi bo‘ldi. Aftidan, jonli tabiat million-million yillar mobaynida shunday “asbob” yaratganki, bu asbob yerosti qimirlashini sezadiganga o‘xshaydi. Ehtimol, inson tabiatga yaxshiroq qarasa bo‘lar.

Yaxshilar va yaxshiliklar qurshovidagi yangi Toshkent

Seysmologlar birinchi yer qimirlashidan keyinoq yana yer kuchsiz ko‘pgina qimirlab turadi, deb oldindan aytishdi. Ular bari asoslangan edi. Hatto grafik ham chizib chiqildi. Darhaqiqat, yer qimirlash davom etdi. Ikki hafta mobaynida shahar qurshovda qolgan holatda yashayapti — qariyb 300 marta yer qimirladi. Ba’zan yer qimirlagani uncha sezilmaydi, ba’zi birlari uyquni qochirib, yangi-yangi vayronalarni ko‘paytirmoqda. 10-mayga o‘tar kechasi tunda shahar birinchi zilziladan sal kuchsizroq yer silkinishdan uyg‘ondi. Bu tunda ko‘p kishilarning uyga kirgani yuragi betlamadi. Ko‘chalarda gulxanlar yoqildi. Kishilar bog‘dagi skameykalarda uxlashdi yoki gulxanlar yonida bir-birlarining pinjilariga kirib o‘tirishdi. Ertalab buzilgan uylarning hisobi ko‘paydi. Yuragi va asabi kasallangan kishilar kasalxonalarga keltirildi.

Bu ofat ustiga 5-may kuni daraxtlarni sindirgan, omonat turgan devor va tomlarni qulatib ketgan, chodirlarni yulgan dovulni qo‘shsangiz, Toshkent og‘ir sinovlarga bardosh berganini tushunasiz. Hozir bari o‘rniga kelmoqda. Zilzila zaiflashmoqda. Hayot davom etyapti: shaharning yuzlab problemalari bor. Bulardan birinchisi: kishilar qayga joylashtiriladi? Hech kim kamsitilmasligi, chetda qolmasligi kerak. Har biri kishi uchun boshpana, iliq so‘z darkor. Ijroiya komitetlar va turli xil komissiyalar ertalabdan tungacha ishlayapti. Nafaqalar to‘lanmoqda, yangi chodirlar tikilayotir, uy-joy taqsimlanayotir. Studentlar yozda maktablarga o‘tadilar — yotoqxonalarini oilalar uchun qoldiryaptilar. Komsomol ming-minglab bolalarni otaliqqa oldi — bolalar uchun bepul yozlik lagerlar tayyorlanmoqda. Studentlar kanikulga ketmay, qurilishlarda ishlashga ahd qildilar. Shahar komsomolga: mamlakat Toshkentga ajratib bergan besh ming avtomobilni minadigan shofyorlarni tezda tayyorlab bering, deb buyurdi. Gazetalar har kuni: “Yangi Toshkentni quramiz”, degan sarlavhalar bilan chiqmoqda. Hozircha biror boshpanaga muhtoj kishilarni iloji boricha biror joyga ko‘chirish kerak. Shikast ko‘rgan kishilarni qabul qilish iloji bor kishilar torroq joylarda turmoqdalar. Mana, gazetada xarakterli bir xabar: “Biz Chilonzor massivida birinchi kvartaldagi 66-uy 12-kvartirada yashaymiz. Har qanday oilani bajonidil xursandchilik bilan qabul qilamiz. Biznikiga kelinglar. Semyon Morozov va Varvara Morozovalar, pensionerlar”. Odamlar bir-biriga madad qo‘lini uzatishga oshiqmoqdalar.

Zilziladan jabr ko‘rgan toshkentlik oilalarning Farg‘ona shahridagi yangi kvartiralarga ko‘chib kelishi. Foto: “O‘zarxiv”Zilziladan jabr ko‘rgan toshkentlik oilalarning Farg‘ona shahridagi yangi kvartiralarga ko‘chib kelishi. Foto: “O‘zarxiv”

Butun mamlakat Toshkentga madad qo‘lini uzatmoqda. O‘zbekistondagi shaharlar o‘z uylariga yuzlab oilalarni taklif qilib, ularga endigina qurilgan kvartiralarini bermoqdalar. Mamlakatning turli rayonlaridan dastlabki kundayoq Toshkentda chodirlar ortilgan transport samolyotlari yuborildi. Baxtsizlik sodir bo‘lgan birinchi kuniyoq Moskva, Krasnodar, Ukraina, Minsk, Uzoq Sharq xitob qilib: “Biz mehmonxona qurib beramiz”, “Bir butun uy-joy kvartali qurib beramiz”, “O‘nta qurilish poyezdi yuboramiz”, “Loyihalarni, ishchilarni, qurilish materiallarini olib bormoqdamiz…” dedi. Arxitektorlar hoziroq bo‘lajak kvartallarning o‘rnini belgilayapti. Ular Moskva, Minsk, Leningrad, Kiyev kvartallari deb atalmoqda. Toshkent yaqinidagi Shumilov stansiyasi kelgan yuklarni zo‘rg‘a qabul qilib ulguryapti. Bugun Mitishch yonidan samosval mashinalar sostavi, Ural yog‘ochlari ortilgan sostavlar, idish-tovoq, sement, oziq-ovqat ortilgan vagonlar keldi. Barcha vagonlarga: “Shoshilinch ravishda — Toshkentga”, deb yozib qo‘yilgan. Mamlakatimizning turli burchaklarida kimlarningdir qo‘li bu lavhalarni oshig‘ich yozgan. Mamlakat Toshkentga kata mablag‘lar ajratdi. Saxiylik bilan ko‘rsatilayotgan yordam bilan bir qatorda Yeletsdan kelgan o‘ttiz so‘m ham bor. “Bu — maoshimning bir qismi. Kimki ko‘proq muhtoj bo‘lsa, buni o‘shanga beringiz”. O‘zi noma’lum qolgan kimdir Toshkentda kimningdir onasi o‘z farzandiga yangi kiyim-kechak, sovg‘a olsin, deb may oyida o‘z bolasiga kiyim-kechak, sovg‘a olmagandir.

Yangi Toshkent… Oradan ikki-uch yil o‘tgach, biz yangi Toshkentni ko‘ramiz. Urushdan zarar ko‘rgan shaharlar ikki-uch yilda qad ko‘targan. Qiyin vaqtda hammasi kultepaliklardan birdaniga qad ko‘tardi. Biz oradan ikki yil o‘tgach, yangi Toshkentni ko‘rishimizga kimdir shubha qilishi mumkin. Bir narsani eslatib o‘tsak ortiqcha bo‘lmas. Urush vaqtida shahar ko‘chirib keltirilgan ming-minglab oilalarni, ming-minglab bolalarni o‘z panohiga oldi. Toshkent urushdan keyin “Urushdan zarar ko‘rgan shaharlar tiklansin” deb qurilishga pul so‘rashga shoshilmadi. Shuning uchun ham Toshkentda loysuvoq qilingan, endilikda vayron bo‘lgan hovlilar ko‘p edi. Yangi Toshkentni qurish — umumiy burchimizdir. Jahonga mashhur shahar Yer yuzida chiroyli jamol ko‘rsatib va mustahkam tursin.

“Yana yer qimirladimi? Hechqisi yo‘q”

Bundan ikki kun ilgari men Toshkentdan uchib keldim. Shahar markazida yangi uylar joylarni tozalash boshlandi. Yuz yillik chirigan imoratlar qo‘l bilan, kranlar bilan chiqarib tashlanyapti. Buzib tashlash kerak bo‘lgan joylarni tanklar buzayotganligini yuzlab kishilar ko‘rib turdilar. To‘p o‘rnatilmagan tank shiddat bilan vayronaga kirib yo‘q bo‘lib ketadi. Devorlar buziladi, chang-to‘zon, tank ko‘rinmaydi. Lekin, mana, birdan chirindilar uyumi qimirlab, tank yorug‘ dunyoga chiqdi, ustidagi yuklarini silkib tashlab, tag‘in atakaga. Mana, tank nafasini rostlagani to‘xtadi, oldingi lyukning eshigi ochilib, tankchi yigit ko‘rindi. Chang bosgan yuzini tanib bo‘lmaydi. Tankchi yengi bilan yuzini artgach, burni, ko‘zi ko‘rindi. Ko‘zi changdan, issiqdan qizarib ketgan.

— Yigitlar, suv bering!

Flyagadan suvni zo‘r bilan sipqarmoqda. Tank shovqinida eshitsin deb qichqiraman:

— Qayerdan bo‘lasan, yigit? Oting nima?

— Ukrainadan! Vladimir Xomenko!

Lyuk yopiladi. Tank tag‘in chang-to‘zon buluti ichida yo‘qolib ketadi.

— Yana yer qimirladimi?

Olomon bir-biriga qaraydi. Yer tagidami yoki tankning orqasidami, bir narsa gursulladi.

— Hechqisi yo‘q, hammasi o‘rniga kelib ketadi…

Hamma jilmayadi. Men butun shaharda qanot qoqib yurgan bu jumlani — “hechqisi yo‘q, bari o‘rniga kelib ketadi”, degan gapni ko‘p eshitdim.

Zilziladan jabr ko‘rganlarga taqdim etilgan Kalinin tumanidagi “oktabr” kolxozi yerlari. Foto: “O‘zarxiv”Zilziladan jabr ko‘rganlarga taqdim etilgan Kalinin tumanidagi “oktabr” kolxozi yerlari. Foto: “O‘zarxiv”

Kishilar ko‘p narsadan ajralgan bo‘lishlari mumkin, lekin boshidan ofat kechirgan shahar hazil-mutoyibani unutmabdimi, demak, kuch-qudrati qad ko‘tarishga qodir.

Toshkent — Moskva.
“Komsomolskaya pravda” gazetasi, 1966-yil 15-may.
Reportaj tarjimasi 1966-yil 18-may kuni “Sovet O‘zbekistoni”da bosilgan.