25-aprel kuni benefitsiari budjet va korporativ buyurtmachilar bo‘lgan to‘lovlarni amalga oshirishda to‘lanadigan vositachilik haqi (yig‘imlar)ning chegaraviy miqdorini belgilash haqidagi qaror Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi [ro‘yxat raqami — 3429], deya xabar qilmoqda vazirlik matbuot xizmati.

Qarorga ko‘ra, jismoniy shaxslar tomonidan prezident qarorida ko‘rsatilgan to‘lovlarni amalga oshirishda har bir tranzaksiya bo‘yicha to‘lov xizmatlari uchun budjet va korporativ buyurtmachilar tomonidan to‘lanadigan vositachilik haqi (yig‘imlar)ning chegaraviy miqdori BHMning 20 foizi (60,6 ming so‘m) etib belgilandi.

Mazkur tartib quyidagi holatlarda amal qiladi:

  • barcha turdagi davlat bojlari va ma’muriy jarimalar uchun to‘lovlar;
  • davlat xizmatlari markazlari tomonidan, shu jumladan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatilgan davlat xizmatlari uchun to‘lovlar;
  • maktabgacha ta’lim tashkilotlariga, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar, oliy ta’lim muassasalariga, shuningdek oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim, qayta tayyorlash, malakasini oshirish va sog‘liqni saqlash muassasalariga to‘lovlar;
  • barcha turdagi kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar;
  • Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan undiriladigan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish uchun to‘lovlar;
  • E-auksion elektron savdo platformasi va K-Savdo avtomatlashtirilgan axborot tizimiga to‘lovlar;
  • aviatsiya, temiryo‘l va jamoat transportining boshqa turlarida sayohat qilishda chiptalar sotib olish uchun to‘lovlar.

Mazkur qaror 2023-yil 1-maydan kuchga kiradi.

Markaziy bank qonun loyihasi taqdim etganida iqtisodchi Otabek Bakirov loyiha haqida quyidagi fikrlarini bildirib o‘tgandi:

“Ro‘yxat bo‘yicha go‘yoki xalq taraf bo‘lib vositachilik haqi (yig‘imlar)ning chegaraviy miqdori belgilanayotgan to‘lovlarning aksari, onlayn ilovalardan foydalanuvchilar uchun deyarli hammasi desa ham bo‘ladi, bepul. Ya’ni bozor kon’yunkturasi, banklar va to‘lov tizimlari o‘rtasidagi kuchli raqobat tufayli ko‘rsatilgan xizmat uchun to‘lovlarga vositachilik haqi to‘lovchidan emas, yetkazib beruvchidan undirish tizimi anchadan buyon ishlamoqda. Ya’ni qanaqadir qo‘li oyog‘idan, oyog‘i qo‘lidan o‘sib chiqqan chinovniksiz ham bozor hammasini tartibga solib qo‘ygan”, — deydi iqtisodchi.

Shuningdek, u loyiha qonunga zid ekanini ta’kidlagandi.

“Vositachilik haqining chegaraviy miqdorining belgilanishi “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga ham zid. Yo bo‘ldimi, qonunlarni yig‘ishtirib qo‘yib nizomlar va og‘zaki topshiriqlar bilan ishlashga o‘tamizmi?”, — deb yozgandi Bakirov.