Mudofaa vaziri, general-leytenant Bahodir Qurbanov O‘zbekistonga tashrif buyurgan Italiya mudofaa vaziri Krozetto Gvidoni qabul qildi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”ga vazirlik matbuot xizmati.

Uchrashuvda vazirlar xavfsizlik va mudofaa sohasidagi hamkorlikning bugungi holati, uning rivojlanish istiqbollarini muhokama qildi.

“Tenglik, o‘zaro ishonch va hurmat asosida rivojlanib borayotgan ikki davlat aloqalarining rivojlanishi keyingi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Ekstremizm, diniy radikalizm, xalqaro terrorizm hamda boshqa transmilliy xavflarga qarshi kurashishda ham O‘zbekiston va Italiyaning maqsadlari bir”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, harbiy hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirish maqsadida ikki davlat mudofaa idoralari o‘rtasida shtab muzokaralarini o‘tkazish an’anaga aylangani ta’kidlandi.

Suhbat yakunida O‘zbekiston va Italiyaning harbiy va harbiy-texnik sohalardagi ikki tomonlama hamkorlik munosabatlari yuqori baholandi.