1986-yilning 26-apreliga o‘tar kechasi Chernobil atom elektrostansiyasi (AES)dagi portlash minglab taqdirlarga ta’sir qildi. Pripyat va Chernobil hech kim yashamaydigan arvoh-shaharlarga aylandi, Ukraina, Belarus va Rossiyaning ming-minglab kvadrat kilometr hududi radiatsiyadan zararlandi, Yevropaning o‘nlab mamlakatlari osmonida radiatsiya buluti paydo bo‘ldi. Qurilib, foydalanishga topshirilgan vaqti “eng xavfsiz va innovatsion” deya ta’riflangan AESning falokati ehtimoliy qurbonlari soni (kamida 4 ming kishi) va yetkazgan iqtisodiy zarari bo‘yicha atom energetikasi tarixidagi antirekordchiga aylangan.

O‘zbekistondan uzoqda bo‘lishiga qaramay, ushbu fojia o‘zbekistonliklar taqdiriga ham daxldor. O‘zbekiston chernobilchilari uyumshasi raisi Yuriy Nikonov bergan ma’lumotga ko‘ra, 1986−1989-yillari Chernobil AES falokati ta’sir qilgan hududlarda tozalash va qurilish ishlarini olib borishda 10 mingdan ortiq o‘zbekistonlik qatnashgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, hozirda omon qolgan chernobilchilarning mingga yaqini O‘zbekistonni tark etgan. Pensiya jamg‘armasidan “Gazeta.uz”ga bildirishlaricha, 2023-yilning 1-aprel holatiga 476 kishi (shundan 11 nafari ayollar) Chernobil AES halokati oqibatini tugatish qatnashchisi, 4000 kishi (44 nafari ayollar) esa halokat oqibatida nurlangan shaxs sifatida nafaqa olmoqda.

Chernobilda bo‘lgan o‘zbekistonliklarning aksariyati bugun 60 yosh atrofida va falokat ko‘lamini butun tanasida his etadi — ular nurlanish kasalligi sabab sog‘lig‘ini yo‘qotgan. Oradan 37 yil o‘tsa-da, radiatsiyaning zarari hamon seziladi. “Gazeta.uz” sana munosabati bilan o‘zbekistonlik bir necha chernobilchilar bilan suhbatlashdi. Suhbatdoshlarning bir qismi harbiy xizmatchi, bir qismi esa “partizan” — ya’ni, Chernobil fojiasi oqibatlarini bartaraf etish uchun tashkil etilgan mehnat otryadlarining ishchisi.

Akmal Igamberdiyev

O‘zbekiston chernobilchilar uyushmasi Farg‘ona shahar bo‘limi raisi

1985-yili Farg‘ona davlat pedagogika institutini tamomlagach, armiyaga ketdim. Yarim yil Volgogradning Voljskiy shahrida serjantlik o‘qishida tahsil oldim. Shu yerda zaharlangan suvni tozalashni o‘rgandim. Xizmat davrida “meni o‘z xohishimga ko‘ra Afg‘onistonga yuboring”, deb ariza yozdim. Komandirim eshitgisi ham kelmadi. “Shu yerda qolasan” deb buyruq berdi.

Hademay serjant bo‘ldim. Xizmatni davom ettirish uchun Boltiqbo‘yiga — Litvaning Kaunas shahriga yuborildim. Shu orada Chernobilda falokat ro‘y berdi, biz esa uning oqibatlarini bartaraf etishga safarbar qilindik. O‘shanda qanday baxtsiz hodisa yuz berganini batafsil aytishmadi. Bir eshelon bo‘lib o‘sha tarafga jo‘nadik. 5 ming nafarcha harbiy xizmatchi Belarusning Gomel shahriga tushdik. Bu yerga to‘g‘ri Chernobildan shamol esgani uchun atom changlari ham birga uchib kelib, hamma narsani zararlagan ekan. 15 kundan so‘ng Ukraina tomonga — Pripyatga ko‘chdik.

Men xizmat qilgan bo‘linmada avtokran, radiostansiya, suv tashuvchi mashinalar, “Kamaz” bor edi, men ayrimlarini haydardim. Harbiy xizmatchilar, askarlar, ishchilarning son-sanog‘i yo‘q edi. Har kuni AESning yorilgan qismini tozalashga necha-nechamiz chiqib tushardik. Qanchadan qancha texnika buzilib, ishdan chiqdi — sanog‘i yo‘q. Lekin asosiy ish qo‘lda qilinardi. Tepaga chiqqan odam bir parcha, bo‘lakni oldimi, tezda pastga tushishi shart edi. Uzoq turish, yurish mumkin emasdi.

Stansiyadagi ishlardan tashqari bizni posyolka ichkarisiga — tuproqni qo‘porib, mashinaga ortish, daraxtlarni tozalash, nurlangan yo‘llarni yuvishga jalb etishdi. Atom changi shunchalik yomon ekanki, bir shamol bo‘lsa yoki sal harakat sezilsa, tezda tepaga ko‘tarilib, hammayoqni qaytadan nurlantira boshlarkan. U yerda yomg‘ir ham juda ko‘p yog‘ardi. Chang tepaga ko‘tarilgan payt yomg‘ir yog‘sa, suvga qo‘shilib, o‘sha hududda aylanib yuraverardi. Eng yomoni shu edi. Ertasiga quyosh chiqsa, yana to‘zon, yana radiatsiya. Hammasi qaytadan boshlanardi. Biz ham tozalashdan to‘xtamasdik.

Ko‘zga ko‘rinmaydigan atom changi egni-boshimizni ayamasdi. Har kuni cho‘milardik. Kiyimimizni albatta tozasiga almashtirardik. Zaxiramizda uchtadan kiyim-boshimiz bor edi. Alohida maxsus kiyimimiz bo‘lmagan. Ilk borgan kunlarimiz hammaga respirator tarqatilgandi. “Tez-tez almashtirib turing” deyilganu, bundan boshqa qo‘shimcha berilmagan. Oy oxirigacha o‘sha bitta respiratorni ishlatganmiz. Ko‘pchiligimizniki sarg‘ayib, titilib-yiritilib ham ketgandi.

Harbiy qismimiz batalonlarga bo‘lingan va har birining o‘z texnikasi, mashinasi, oshxonasi, hammomi, chodirlari, hatto ko‘chma kinoteatri ham bo‘lardi. Birov birovnikiga qaramas, hamma o‘z ishini bilib qilardi. Ovqat masalasi antiqa edi. Uch mahal issiq ovqat yerdigu, lekin hamma joy zaharlangani uchun mahsulotlar konservalangan, yaxshilab qadoqlangan holda olib kelinardi. Quritilgan kartoshka va sabzilar qoplab, meva-chevalar esa konservalarda keltirilardi.

Har hafta hammadan qon tahlili olinardi. Lekin javobi va natijasi hech kimga aytilmasdi. Hamma o‘zini asrashi, gigiyenaga rioya qilishi shartligi qayta-qayta takrorlanardi. Hozirgi mashinalar pultiga o‘xshash mitti “nakopitel” berilgandi, bir qarich ipi bor. Shimimiz yo ko‘ylagimiz tugmasiga ilib qo‘yardik, u nurlanish darajasini o‘lchab turardi. Qancha nurlanganimizning hisob-kitobini shunga qarab bilishardi. Biroq buning ham natijalarini hech kim aytmas, “shuncha nurlanibsan, mana buncha dozada olibsan” demasdi. Apparatchani hammadan bir vaqtda yig‘ib olib, natijasini yashirishardi.

Sochi qalin, mo‘ylovli yigit edim. Chernobilga kelgach, birdan boshog‘riq, soch to‘kilishi boshlandi. Nurlanish yomon bo‘larkan. Soch to‘kilaversa, qiyin ekan. Shartta mo‘ylovimni qirib, kal bo‘lib oldim. Shundan keyin sal yengillashdim, boshog‘riqlar ham kamaygandek bo‘ldi. Meni ko‘rib, bir ofitser ham shunday qildi.

To‘rt oycha Martinovich degan joyda bo‘ldik. 1986-yilning avgustida qismimizdagi 5000 askarni rag‘batlantirish boshlandi. Institutda mehnat ta’limiga o‘qiganim uchun yozuv-chizuvni yaxshi eplardim. Suv tozalashdan tashqari xat ishlariga qarashganim uchun rahbarlar faqat menga 15 kunlik ta’til berdi.

Farg‘onaga keldim. Boshog‘rig‘im hech qolmasdi. Keyin bosh, bo‘yin, qo‘llarimda katta-katta qizil dog‘lar chiqa boshladi. Avval shishib, o‘rni o‘yilib-o‘yilib qolardi. Xuddi nimadir yonayotgandek qizdirardi. Ta’tildan so‘ng yana Chernobil AESga qaytdim. oktabrda Kaunasga o‘tdim. Tanamdagi yarani ko‘rib, hamma hayron qoldi. Tezda dori-davosini qilishdi, kalsiy xlor, yana qanaqadir tomchi ukollar ulashdi. Hozir tibbiyotda qanday davolash usuli bordir, lekin o‘sha paytda ko‘pchilik shoshib qolgan, aynan qanday dori-darmon shifoligi, qanday chora kerakligini birov bilmasdi. Men esa yuz-ko‘zim yonishi, lovillab azob berishidan qiynalardim.

Keyin qo‘llarimdagi qizil toshmalar xuddi nori bilan tug‘ilgan bolanikidek qip-qizarib ketgandi. Belim, bo‘yinlarimga ham chiqdi. Balki yozishingiz shartmasdiru, lekin aytmasam bo‘lmaydi: bizdan olingan qon tahlillari, dozimetrdagi ko‘rsatkichlarning bari yoqib yuborilgan, biror ma’lumot saqlanmagan. Kim qancha nur olganini bilmasin, deyishgan-da.

Yaxshiyamki qarindosh-urug‘imning yarmi shifokor. Tinmay davolandim, necha marta Toshkentga kelib-ketdim. Men olgan “issiq ukol”larning sanog‘i yo‘q — ichim ham yonib ketardi go‘yo. Oxiri, qiynalib yurganimni ko‘rgan aptekachi qo‘shnim bir malham berdi. O‘shani bir oy surtgandim, yara quridi. Lekin asorati qolgan. Sovuq suv tekkizsam, lovillab ketadi.

1993-yili chernobilchilar uchun O‘zbekiston bo‘yicha ommaviy ko‘rik bo‘ldi. O‘shanda uch xil kasallik bilan guruh nogironligiga chiqarilganman. Hozir jigar, tomoq, ko‘z ko‘rish qobiliyatida pasayishi, qand, yurak kasalliklarim bor. Baxtimga, farzandlarim, ayolim shifokor. U-bu joyim og‘risa, darrov dori-darmonini qilishadi.

Baxtiyor Qodirov

Farg‘ona shahrida yashaydi

Harbiy xizmatni 1972−1974-yillarda o‘taganman. 1987-yilning 11-mayidan 10-oktabrigacha Chernobilda bo‘lganman. O‘shanda 33 yoshda edim. Muhandis-quruvchi bo‘lib ishlardim, ayni vaqtda zaxiradagi ofitser ham edim. Chernobil AESdagi portlashdan so‘ng meni okrug harbiy komissariatida tuzilgan falokat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha maxsus guruhga qo‘shishdi.

Ukrainaga ketishimiz arafasi ota-onalar, chol-kampirlar voyenkomat oldiga yig‘ilib, “Bularni qayerga olib ketyapsizlar? Chernobil portladi, deb eshitdik. O‘sha yergami?”, deb so‘rashdi. Chunki harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan yigitlarning yana armiyaga chaqirilayotganiga hamma hayron, nima bo‘layotganini tushunmasdi. “Yo‘q, Chernobil yaqinida Slavutich degan yangi shaharcha qurilyapti. O‘g‘illaringiz bu yerda ham qurilishda ishlayaptimi, u yerda ham xuddi shu ishni qiladi. Bog‘cha, maktab, kasalxona quradi. Bularning ruxsatnomasi yo‘q-ku, qanday qilib Chernobilga kiradi?!”, degan javob yangradi.

Bu gaplarga ishonib yo‘lga chiqdik. Ukrainaga yetib borgach, to‘g‘ri Chernobilga olib borishdi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tib, maxsus kiyim-bosh olgach, 55237-harbiy qismga qo‘shildik. Oramizdan ba’zilar qochmoqchi edi. Xaritani ochsak, uch tomonimiz to‘la yopiq, faqat 8 kilometrga cho‘zilgan Qizg‘ish o‘rmon (Rijiy les) taraf ochiq edi. O‘rmondagi archalar, dov-daraxt sap-sarg‘ayib, qovjirab ketgandi. Niyatimizni sezib qolib, jiddiy ogohlantirishdi, tribunal, sud, qamoq bilan qo‘rqitishdi. Shundan keyin ko‘ndik.

Bu yerda ham askarlarga boshliq, ham portlagan blokdagi ishlarni bajaruvchi “partizan” edim. Armiyada kimyoviy urushga tayyorgarlikdan o‘tgan uchun Chernobilda asosan 3- va 4-blokda ishladim. Kelmasimizdan avval “Qurilishda prorab bo‘lib ishlaysizlar” deb rosa ishontirganlari uchun Chernobil xayolimizga ham kelmagandi. Lekin bu yerda ishni ham qildik, harbiy qismdagi 140 dan ortiq askarni ham o‘qitdik.

Chernobilda 19 ta rayon bo‘lgan. “Partizan” bo‘lib keladiganlar qo‘lidagi hunari, kasb-koriga qarab rayonlarga bo‘linib, halokat oqibatlarini bartaraf etishda qatnashgan. Menga o‘xshab armiyada kimyoviy urush oqibatlarini o‘rgangan va bunga qarshi maxsus tayyorgarlikdan o‘tganlar 14-rayonga keltirilardi. “Kamikadze rayoni” deyilardi o‘shanda. Bu hudud ancha maxfiy, hammayam kiritilavermasdi. Maxsus ruxsatnoma bilan kirib-chiqardik.

AESda reaktorlar to‘rtta bo‘lgan. Har birining orasi 500 metrdan taqsimlangan. Lekin 3-va 4-reaktorlarni, xarajatlarni kamaytirish uchunmi yoki boshqa sababmi, juftlashtirib qurishgan. Biridan ikkinchisiga o‘tish mumkin bo‘lgan. Loyihalashtirish xatosi xuddi shu joydan kelib chiqqan. Lekin 4-blok butkul vayron bo‘lgani bilan 3-blokka deyarli zarar yetmagandi. Shuning uchun o‘rtada beton devor qurish buyurildi.

“Biologik devor” qurilib, ikki blokning tomini tenglashtirib, tashqi tomonlarini 25 millimetr qalinlikdagi metall qoplamalar bilan o‘rab, beton bilan shuvab tashlaganmiz. Ish shu bilan tugamagan. Bloklar orasiga qo‘shimcha 1,5 metr qalinlikdagi to‘siq qo‘yganmiz. Ichkaridagi hamma xavfli elementlar qutilarga solinib, maxsus o‘ramlarga o‘ralib, “Kamaz”, “Belaz”larda maxsus go‘ristonlarga ko‘mib kelinardi. 4-blok ichida boshlangan ish tomni yopgachgina tugagan. Tozalovdan keyin tom qismi shuvab tashlangan va qalin po‘latlar bilan qo‘shimcha qoplangan.

Portlash ro‘y bergan o‘choqda bo‘lganman. 3- va 4-blok o‘rtasiga devor qurilgach, hududda radiatsiya darajasi kamaygan va Gorbachyov 3-blok reaktorini yurgizishga buyruq bergan. Bu xalqaro hamjamiyat oldida: “Mana, hammasini bartaraf etdik. Xavf darajasi pasaydi. Hammasi joyida” deyish uchun qilingan.

Bu yerdagi bir oylik xizmatimiz besh oyga tenglashtirilgan edi. Ikki yarim oylik haqimga bitta “Moskvich” sotib olish mumkin edi. Reaktor ichida, xavfli hududda ishlaganim uchun katta haq to‘lanardi. Lekin sheriklarimning 70 foizi bevaqt o‘lib ketdi. Ichkarida uzoq qolish mumkin emas, har bir askar 15 soniyada ishini bajarishi shart edi. Mabodo tugatolmasa, tashqariga chiqarilardi-da, o‘rniga keyingisi yana 15 soniyaga kirib ketardi. Bir askar 3−4 marta kirib chiqqach, javob berilardi.

Qo‘limizda qalam-dozimetr, bo‘ynimizda “tabletka” degan umumiy qurilma bo‘lardi. Hududga kirib chiqayotganda qalam-dozimetrni hisobotchilarga berardik. Qanchalik nuranganimizni daftarga qayd etishardi, ammo o‘zimizga aytishmasdi. Agar 3 darajagacha rentgen nurini olsam, qonun bo‘yicha javob olishga haqim bo‘lardi. Biroq ishchini yo‘qotish, o‘rniga boshqa xizmatchi topolmaslik xavfi tufayli bizga hech qachon rosti aytilmasdi. Aslida me’yoridan ko‘p nurlanish olib, ishlab yuraverganmiz.

Hozir ko‘rish qobiliyatim pasaygan. Chernobilga birinchi kelgan kunlarimiz ko‘zoynak berilgandi. Lazer nurini kesadi, taqib yuring deyilardi. Biz bo‘lsak beparvo yurib, ba’zan cho‘ntagimizdan chiqarmasdik ham uni.

Bahrom Djabbarov

O‘zbekiston chernobilchilari uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi raisi

18 yosh edim. 1986-yil mayida Ukrainaning Chernigov shahrida harbiy xizmatimni boshladim. Iyun oyida trevoga bo‘ldi. Rahbarlar ortiqcha so‘z demay, “Mashg‘ulot o‘tkazamiz!”, deb xabar berishdi. Men batalon komandirining haydovchisi edim. Tabiiyki, komandir hammadan avval aytilgan joyga yetib borishi shart. Aloqa polkida xizmat qilardik. Kolonna bo‘lib yo‘lga tushdik. Borishimiz bilan jamiki maxsus kiyim-bosh, apparat bilan ta’minlashdi. Ukrainaning Dnepr daryosidan kechib o‘tsak, odamlar respirator taqib yuribdi. Yana ham ichkariroq kirsak, gazga qarshi niqob kiyganlarga yo‘liqdik. Kimga qarasak, shu ahvol. Daryoni kechib o‘tganimizdan keyingina bor gapni bildik. Ungacha birov miq etmagandi.

Bizning qismni shahar tipidagi Ivankovo posyolkasidagi maktabga joylashtirishdi. Rostini aytsam, sharoiti kutganimizdan ziyoda edi. Yoki aloqachilar muhim tarkib bo‘lgani uchun shunday qilishganmi, bilmadim. Oziq-ovqatimizdan tortib, kiyim-boshimizgacha — hammasi yuqori talabga javob berardi. To‘rt oyni shu yerda o‘tkazdim.

Komandirim tatar millatiga mansub musulmon bo‘lgani uchun “Djabbarov, sen oshxonada ishlaysan! Ofitserlarga ovqat tayyorlaysan! Boshqa joyga siljima!”, deb buyruq berdi. Ayni pishiqchilik payti edi. Maktab hovlisidagi olma, nok, allaqancha meva g‘arq pishgan, lekin bittasini ham uzib yeyolmasdik — zaharlangan edi, “Zarajeno!” taxtachasi ilib qo‘yilgan. Atrofdagi aholi uylari taqa-taq muhrlangan. Hamma evakuatsiya qilingandi — mashina, uydagi jihozlar, katta-kichik buyum, kiyim-kechak — qanday bo‘lsa, shundayicha qoldirib ketilgandi. Faqat sal naridagi uch-to‘rt qariya uyini tashlab ketolmagandi.

Qismimiz ishini boshladi. Mashinamizdagi aloqa simlari, antennalarni chiqarib, ma’lumotlarni yig‘a boshladik. Komandirga haydovchi bo‘lganim uchun reaktor yaqiniga ham borib kelardik. Har kuni tushlik payti har birimizga 100 milligramdan toza spirt berilardi. Ichmaydigan ham ichishi shart edi. “Ichingizni tozalaydi. Nurni yuvadi”, deyishardi. Suvga qo‘shib ichardik. Ko‘ylagimiz cho‘ntagiga ruchkaga o‘xshagan dozimetr solib yurardik, zaharlanishimiz darajasini o‘lchardi. O‘lchagichda radiatsiya darajasi oshib ketsa, tezda boshqa hududga ko‘chardik. Har kuni kechki payt GAZ-66 mashinasida parxona kelardi. Navbati bilan kirib parlanardik.

Harbiy biletimizning ortiga necha millirentgen olganimiz yozilardi. Albatta, dozasini kamaytirib qo‘yishardi. Reaktor yaqinida kattaroq yoshdagilarning ham ishlab yurgani, temir, tosh parchasini ushlab olib tushayotganini ko‘rardim. Ko‘pchilik yaxshi haq ilinjida ham ishlagani kelardi. Reaktorning tom qismiga chiqib, kattaroq temir, biror parchani olib, tezda pastga tashlasangiz, ofitserlar qo‘lingizga konvert tutqazardi. Unda faxriy yorliq, bir parcha qog‘ozga yozilgan nurlanish darajangiz kabi hujjatlar bo‘ladi. Ortiga qaytgach hukumat buyrug‘i bilan imtiyozlar berilardi.

Biz aloqachi bo‘lganimizga tez-tez almashavermasdik. Ta’til ham kam berilardi. Lekin men o‘sha yilning noyabrida ortga qaytoldim. Dadam ko‘z shifokori edilar. Malaka oshirish uchun Kiyevga borganlarida falokatdan to‘la xabar topib, meni ortga qaytarish payiga tushganlar. O‘zlari ham ayrim chernobilchi bemorlarni davolaganlar. Ketmayman desam, “E, bolam, gap nimadaligini bilmaysan!”, dedilar. Shundan keyin Chernobil hududidan chiqib ketdim.

1988-yili o‘sha paytdagi Qishloq xo‘jaligi institutiga hujjat topshirdim. Lekin imtihondan o‘tolmadim. Kelasi yili Toshkentdagi Yengil sanoat va to‘qimachilik institutining paxtani dastlabki ishlash fakultetiga kirdim. O‘qishni tamomlab, tumandagi paxta kombinatiga ishga kirdim. Keyin kombinat Gulistonga ko‘chirildi. Qarasam, oyligi pastroq, qilgan mehnatga arzimaydi. Ishdan bo‘shab, elektrosetga joylashdim. Sohamdan uzoqlashdim. 2006-yili O‘zbekiston chernobilchilar uyushmasining Sirdaryo viloyati bo‘yicha raisman.

1992-yil 6-aprelda O‘zbekiston parlamenti va hukumatining Chernobil halokatidan ziyon ko‘rgan o‘zbekistonliklarni ijtimoiy himoyalash haqidagi qarori chiqqandi. shu qaror bahona avvaliga ommaviy tibbiy ko‘rikdan o‘tdik. Kommunal to‘lovlarning 50 foizini davlat to‘lab berardi. Kompensatsiyalarimiz yaxshi edi, lekin yillar o‘tib qarorlar o‘zgarib ketdi.

Hozir ham imtiyozlarimiz boru, ilgarigidek emas. Kommunal to‘lovlarga 150 ming so‘m nafaqamizga qo‘shib beriladi, xolos. Ilgari yilda bir marta MDH davlatlarining biriga bepul borib-kelish imtiyozimiz bor edi. Tekinga aviabilet olib, xohlagan bir davlatimizni ko‘rib kelardik. Yaqinda Sankt-Peterburgga boraman desam, aeroportda 400 mingdan sal ziyod kompensatsiya puli so‘raldi. Nega desam, “Bu Rossiya tomonining qarori, ko‘rsatilgan xizmat uchun”, deyildi. Hayron qoldim.

1990-yillari uy so‘rab, hokimiyatga murojaat qilgandim. Ana-mana deb, oradan yillar o‘tib ketdi. Bugun singlimning hovlisida 12 jon yashaymiz. O‘z uyim, bolalarimga qoladigan hovli-joyim bo‘lsa, qaniydi.

Rahmatilla Xayrullayev

Qo‘qon shahrida yashaydi

Rahmatilla Xayrullayev (o‘rtada).Rahmatilla Xayrullayev (o‘rtada).

1989-yili 18 yoshga to‘ldim. Lekin oktabrda tug‘ilganim uchun armiyaga o‘rtoqlarimdan keyin chaqirildim. Dastlab, sovet-afg‘on urushi tugab bo‘lganini bilmay, “Afg‘onistonga boraman!” deb ariza yozganman. Noyabrda oxirgi eshelon bilan Moskvaga yuborishdi va hammani shu yerda qismlarga taqsimlashdi. Eng oxiri vokzalda 7 bola qoldik. Shundan 5 nafarimizni Bryansk shahriga yuborishdi.

Shaharchaga kirib borishimiz bilan boshga og‘riq kirdi, harakatlarimiz sustlashdi. Yosh bo‘lganimiz uchun uncha e’tibor bermaganmiz, charchadik shekilli, o‘tib ketadi, deb yuraverganmiz. Oz sonli aholisi bor bu shaharchada 1990-yilgacha xizmat qildim. Biz turgan hudud Chernobilga yaqinligini hech kim aytmagan, bizning ham aqlimiz yetmagan. O‘rtadagi masofa 30 kilometr edi. Chernobil fojiasidan bexabar harbiy tayyorgarlik ko‘raverganmiz. Atrofdagi o‘rmonlarda yugurib, mashqlar bajaraverganmiz. Shahar aholisini ham ko‘chirishmagandi. Ma’lum haq evaziga ketmaslik sharti qo‘yilgandi. Hayot bir navi o‘tib turardi.

Birinchi kelgan kunlarimiz “Mevalarni yemanglar, ajriqda yotmanglar!” deb ogohlantirishgan. Yosh emasmizmi, qo‘l siltab, meva-chevaniyam yeganmiz, o‘t-alaf ustida, o‘rmonlardagi maxfiy omborlarni qo‘riqlab dumalab yotganmiz ham. Birov “bular zaharlanmagan” demagan. Lekin negadir tez-tez charchab qolaverardik. Yugurib bo‘lganimizdan keyin ham halloslashimiz tezda o‘tib ketmasdi.

Oradan 6 oy o‘tgach, bizni Rostov-Yaroslavskiyga kranchilikka o‘qishga yuborishdi. Diplomni olib, yana qismimga qaytdim va xizmatimni davom ettiraverdim. Bir kuni rahbarlardan biri qo‘limga yo‘llanmani tutqazib, yonimga bir “partizan”ni qo‘shib, “Senga berilgan narsalarni tashib berasan!” dedi. Buyruqqa bo‘ysunish shart edi. Odamlar evakuatsiya qilingan, tashlab ketilgan hududga kirdik. Avvaliga qo‘rqdim. Juda xunuk bo‘larkan kimsasiz joylar. Xullas, huvillagan joylardagi temir-tersaklarni tashishga kirishdim.

Ofitserlarimizdan biri xushyor edi. Radiatsiya tarqalgan hududda xizmat qilayotganimizni sezib qolib, “Men xat yozaman, qo‘l qo‘ysangiz, yuqoriga jo‘natamiz!”, dedi. Shu vaqtgacha Chernobil haqida hech kim lom-mim demagandi-da bizga. Mudofaa vaziriga “Yosh yigitlarni zaharlayapmiz, bunga yo‘l qo‘ymaylik. Ertaga hayoti barbod bo‘ladi”, mazmunida xat yuborildi. Shundan keyin maxsus shifokorlar otryadi yetib keldi. Hammamizni bir chetdan tekshirishni boshladi. 99 foiz yigit yuqori darajada zaharlangan bo‘lib chiqdi. Tishi yemirilganlarga temirdan tish qo‘yildi. Tibbiy ko‘rikdan so‘ng qo‘limizga dozimetr berildi. Shundan keyin yana 1 yilcha shu zayl xizmat qildik. Yuqoridagilarga birovning sog‘lig‘i, ertaga omon qolish-qolmasligi qiziq emasdi. Xizmatini qilsin, buyurilgan vazifani bajarsin, deyilardi faqat.

Qo‘qonga qaytib kelgach, ahvolim juda og‘irlashdi. Ba’zan holsizlanib, qon qusgan paytlarim ham bo‘lardi. Boshim kasaldan chiqmadi. Ancha yil davolangachgina o‘zimga keldim. Hozir ham asorati bilinadi.

Alijon Aqbo‘tayev

Yangiyer shahrida yashaydi

1988-yili kolxozda suvchi bo‘lib ishlardim. Yoshim 36 da edi. Ikki bolam, doimiy ishim bor edi. Paxtaga suv ochardim. Uyimizga voyenkomatdan Rustam degan odam kelib, Mo‘ydinov degan o‘rtog‘im ikkimizni voyenkom chaqirayotganini aytdi. Borsak, “Turkmanistonga borib, bug‘doy yig‘im-terimiga yordam berasizlar. Bu yerdagi ish o‘rningiz, maoshingiz saqlanib qoladi”, degan gap aytildi. Bir kunda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, qo‘limizga buyrug‘imiz tutqazildi.

Aytilgan kuni Sirdaryo viloyatidan 120 kishi eshelonga chiqdik. Qora dengiz bo‘yiga borib, poyezddan tushdik. “Turkmanistonga borasan deyilgandi, nega bu yerga keldik?”, deb so‘rasak, “U yerda ishchi ko‘payib ketibdi. Bokuga olib ketamiz, uzum terasizlar”, deyishdi. Bokuda bir yoki ikki kuncha turdik. “Yo‘q, bu yerda ham ishchi ko‘p ekan, endi to‘g‘ri Chernobilga ketasizlar”, degan buyruq yangradi. Norozi bo‘ldik. “Nega avval boshdan aytilmadi?”, dedik baravar. “Kimdir qochsa yoki norozi bo‘lsa, harbiy tribunalga beramiz!”, deyilganidan so‘ng Kiyevga yo‘l oldik. Vokzalda avtobuslar shay turgan ekan. Hammani jamlab, Chernobilga olib ketishdi.

O‘shanda yoshi 36 dan yuqori, oila, bola-chaqasi borlarning ko‘piga shunday chaqiruv qog‘ozi kelgandi. Yoshlar, hali uylanmagan yoki farzand yo‘q yigitlar Chernobilga yaqinlashtirilmasdi. Bizdek “partizan”lar esa bormayman desa, “ishing harbiy sudda ko‘rilib, falon yilga qamalasan!” deyilardi. Yo‘lda qochganlarni 3 yilgacha qamalganliklari haqida eshitib qolardik.

Manzilga kechasi yetib bordik. Avtobusdan tushib, qator tizildik. Hammadan kasb-kori so‘rab chiqildi. O‘rtog‘im haydovchi ekanligini aytdi. Men bo‘lsam traktorchiman dedim. Shundan keyin taqsimlana boshladik. Men Pripyatga partizan bo‘lib ketdim. Borgan kunimoq qattiq yo‘tal boshlandi. Kechasiyu kunduzi tinmay yo‘talardim. Bir yarim oy azob chekdim. O‘sha yerdagi shifokorlarga ko‘rinsam, “Ha, o‘tib ketadi! Bir-ikki oydan keyin to‘xtaydi. Radiatsiya zonasidasiz-ku”, derdi. 15 kun Chernobilda ishlasak, 15 kun okrugdagi qismimizda bo‘lardik.

Oziq-ovqatdan kamimiz yo‘q edi. Uch mahal issiq ovqat berilardi. Kuniga 100 gramm aroq, samogon yo toza spirt ichish shart edi. Ichmaydigan ham majburlanardi. Negaligini so‘rasak, “Tanangdagi radiatsiyani yuvadi. Ichingni tozalaydi. O‘lishni xohlamasang, ich!” deyilardi. Bir oyda 450−500 rubl haq to‘lanardi.

O‘sha vaqtda “Okrug ko‘ngillilari” degan, portlagan blok ichiga kirib ishlovchilar bo‘lardi. “Bir oy ishlaysan. Kuniga 5000 rubldan ish haqi yoziladi, keyin uyga javob beriladi”, deb qiziqtirishardi. Unday bo‘lsa ishlaymiz, deb namanganlik yigitlar blokda ish boshlashdi. Xavfsiz joyda turib, monitor orqali ichkaridagilarga buyruq berilardi: “Bu toshni yoki temirni ol”, “Mana bu vintni buraysan”, “Ichingda 45 gacha sana — 45 bo‘ldimi qaytib chiq. Burolmagan bo‘lsang ham qayt! O‘rningga keyingisi kiradi” kabi.

Bir oy o‘tgach, ular uyiga ketdi. Biz qoldik. Oradan ikki oycha o‘tgach, bu yerda qolgan boshqa namanganlik yigitlarga uylaridan xavotir aralash xat keldi: “Nima gap? O‘rtoqlaringning og‘zi-burnidan qon kelib yotibdi. Ahvoli og‘ir. Qanday ishda ishlayapsizlar?”, degan mazmunda. Keyin bildik — blokka kirib ishlaganlarning hammasi birin-ketin o‘libdi. Esimizni yig‘ib, “yo‘q kirmaymiz”, deydigan bo‘ldik.

Qo‘limizga dozimetr berilardi. Turgan joyingiz radiatsiyasini o‘lchab, keyin ishlanglar deyilardi. Nimagadir doim nol chiqardi. Qayerni o‘lchamaylik, nol bo‘laverardi. Bir kuni bilib qoldik — dozimetrning shkalasini ortga burib qo‘yisharkan. Radiatsiya darajasini bilmasin-da, ishida davom etaversin, deb. Temir-tersaklar, axlat-chiqindilarda 1000−1500 millirentgen nurlanish bo‘lgan. Biz esa bilmaganmiz.

Bir kuni “Alla Pugachyova kelyapti, oshxona oldida tizilib turinglar”, deb e’lon qilishdi. Aytilgan vaqtda Pugachyova vertolyotda keldi-da, 7 daqiqacha gapirib-gapirib, qaytib uchib ketdi. Shunda komandirimiz: “Mana, ko‘rdinglarmi, hatto xalq artistiyam radiatsiya hududiga kelib, xizmat qilyapti. Hech qanday nurlanish yo‘q o‘zi”, dedi. U yarim soat ham o‘tirolmadi-ku, biz bo‘lsak ikki oydan beri shu yerning havosidan nafas olib yuribmiz, deydigan odam topilmadi. Bosh, oyoq, butun tanamiz zir qaqshab og‘rirdi. Chidardik. Boshqa yo‘l ham yo‘q edi. Dori-darmonning foydasi sezilmasdi.

Chernobil zonasida traktor haydab yurganimda o‘rmondan lop etib kiyik yo yovvoyi cho‘chqa katta yo‘l yoqasiga chiqib qolardi — juni to‘kilib ketgan bo‘lardi. Mahalliy qushlar qirilgan, tabiatga anchagina zarar yetgandi. Faqat qarg‘a bilan suvarak o‘lmaskan. Olmalar g‘arq pishgan, boshqa mevalar ham boshini yeb solgan, lekin ularni yeyish qat’iyan taqiqlangandi. Anhordagi baliqlarni ham tutish, pishirish mumkin emasdi.

Yer qatlami 1−1,5 metrgacha zaharlangandi. Katta-katta o‘ralar qazib, uylardagi jamiki buyumlarni keltirib, dori sepib, yoqib ko‘mib tashlardik. Hamrohlarimning umri uy tozalash bilan o‘tdi. Pripyatdan evakuatsiya qilingan aholiga uyidan bitta ignani ham olib ketishiga ruxsat berilmagandi. Hamma narsa qanday bo‘lsa, o‘sha holicha tashlab ketilgandi. Mening ham 6 oy umrim o‘sha o‘lkada tosh tashish, odam bolasining kuchi yetmaydigan ishlarni texnika bilan bajarish bilan o‘tdi.

Qaytayotganimda hisobchidan pensiyaga qo‘shib beriladigan haq bo‘yicha qog‘oz olib kelgandim. Tuman pensiya jamg‘armasidagi xodimga bersam, yo‘qotib qo‘ydi. Nusxasini ham olib qolmagan ekanman. Zir yugurdim. Ukraina, Moskvagacha bordim, qayta tiklashning iloji bo‘lmadi — arxivi o‘ta maxfiy, sir tutilarkan. Toshkentga borib ham qo‘limdan hech narsa kelmadi.

Hozir 1 million so‘mdan sal ziyod pensiya olaman. Lekin kampir ikkimizning dori-darmonimizga yetmaydi. Ayolim saratonga chalingan. Har oy davolatmasam, mazasi qochadi. Oladigan pensiyamiz ijara haqimiz, dori, yeb-icharga uchma-uch yetadi. Mayli, shunisiga ham shukr.